Mustaqillikning har bir yili qadrli, har bir kuni istiqlolni mustahkamlash yoʻlida olgʻa tashlangan bir qadam boʻldi. Tetapoya boʻlayotgan murgʻak, navnihol davlatning qad koʻtarish davridagi qiyinchiliklari har bir shakllanayotgan davlatga xos. Davlatimiz va xalqimiz milliy tiklanish davrini mardonavor bosib oʻtdi.

Bugun erishilgan natijalarni kechagi mehnatdan ayro holda tasavvur etib boʻlmaydi. Dastlabki davrda mustaqil davlatimizning huquqiy asoslari yaratildi, boshqa bir davrda ularni amaliyotga tatbiq etishga eʼtibor qaratildi. Keyin esa hayotning oʻzi yangi vazifalarni oldimizga qoʻydi. Davlat va jamiyat rivojlangani sari kechagi ehtiyojlar oʻrniga yangilari paydo boʻldi.

Bu ishlarning har biri oʻz davri uchun muhim edi. 2017 yil davlatimiz va ­jamiyatimiz yana bir yangi davrga qadam qoʻydi. Bu davr yangi Oʻzbekiston davri sifatida tarixga muhrlandi.

Xushnudlik

Yillar oqar suvdek shiddat bilan oʻtib boryapti. Bugun dunyoda tinchlik degan muqaddas qadriyat tahlikali davr qurboniga aylanmoqda. Katta davlatlar dunyo hukmronligi daʼvosida pinhona raqobatdan ochiq tahdid yoʻliga oʻtdi, qirgʻinbarot siyosat millionlab oilalarning ertangi kunga umidini soʻndirmoqda. Qonli urushlar girdobida qolgan xalqlarning dod-faryodi yeru koʻkni tutmoqda.

Dunyoda boʻlayotgan voqealarni kuzatib, zaminimiz kelajagidan xavotirga tushamiz. Xalqimizning tinch va farovon hayotiga nazar solib, bir xursand boʻlamiz, bir ich-ichimizda bu dunyoviy falokatlar yurtimizni chetlab oʻtsin deb iltijo qilamiz.

Atrofga bir nazar soling-a, bolalar maktabga, kattalar poʻrim kiyimlarda ishga shoshadi. Bir paytlar hayhotdek koʻringan koʻchalar mashinalar tirbandligidan zoʻrgʻa nafas oladi. Yoʻl chetidagi doʻkonlarning rang-barangligiyu, ulardagi bosilib yotgan oziq-ovqatlar va kiyim-kechaklardan boshing aylanadi. Bir soʻz bilan aytganda, hayot goʻzal! Shaharlarimiz chiroyidan koʻnglimiz faxrga toʻladi. Chet ellik sayyohlar togʻlarda tashkil etilgan dam olish maskanlarimizdagi sharoitlarga qoyil qolmoqda, hayratdan tillari lol.

Endi odamlarimizga qarang. Oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari oyligidan orttirib, dangʻillama uylarga koʻchib oʻtyapti, propiska degan muammolar allaqachon xalqning esidan chiqib ketdi, hech bir qiyinchiliksiz bank kreditlari olib, chiroyli mashinalar min­yapti. Bularning bari haqiqatmi, haqiqat!

Yaxshi kunlarimiz restoranlarda nishonlanyapti, kechasi bilan parklar, kafelar oilalar bilan limmo-lim. Bolalar xursand, buva-buvilarning vaqti chogʻ. Ota-onalar xususiy bogʻchalaru xususiy maktablarning qay birini tanlashga boshi qotgan. Uying-­joying, puling-moling, yegulik ovqatinggacha onlayn xizmatdan foydalanasan. Toʻgʻrimi?

Idorama-idora sarson boʻlish yoʻq, muam­moingni hal qiladigan davlat xizmatlari shay. Kundalik muammolaring elektron murojaat orqali bir zumda hal boʻladi. Fermerlaru tadbirkorlarimiz, dehqonlarimiz yetishtirgan mahsulotlarini sotib jaraq-juruq pul sanayapti, xonadonlarda 3-4 tadan mashina tizilib turibdi, goʻyo bu farovonlik oʻz-oʻzidan kelgandek...

Xorijga bemalol chiqib kelyapmiz, xohlagancha chet el valyutasini olib kirib, olib chiqyapmiz, xayolimizda goʻyo hamisha shunday boʻlgandek...

Chiroyli parklarga, togʻlardagi soʻlim mas­kanlarga chiqib dam olyapmiz, restoranlarda umrimizda eshitmagan, yemagan taomlarni tanovul qilyapmiz. Goʻyo ilgari ham shunday boʻlgandek. Koʻkka boʻy choʻzgan osmonoʻpar imoratlarimizdan koʻzimiz quvonchga toʻladi, goʻyoki hamisha shaharlarimiz shunday goʻzal boʻlgandek.

Bu bor-yoʻgʻi 9-10 yil ichida roʻy bergan real voqelik. Insonga yana nima kerak?! Roʻzgʻori but, bagʻri butun, bola-chaqasi bagʻrida. Bundan ortiq baxt bormi? Endi bir mulohaza qilib koʻring, bu oʻz-oʻzidan boʻldimi? 

Yaqin oʻtmishga bir nazar

Bugungi yangi Oʻzbekiston qiyofasiga koʻzimiz oʻrgandi. 2017-yildan oldingi holat esimizdan chiqqandek... Inson tabiati ­shunday, hayoti farovonlashgani sari boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklari, azobu uqubatlarini darrov unutib yuboradi.

70 yillik mustabid tuzum davrida xalqimizning qaddi bukildi, qadri yoʻq edi. Tariximiz soxtalashtirildi, urf-odatlarimiz poymol qilindi, eʼtiqodimiz taʼqib etildi. Ziyolilarimiz qatagʻonga uchrab, ruhimiz sindirildi. Qadrimiz toptaldi, bizni qora mehnat qilishdan boshqasiga yaramaydigan qoloq, madaniyatsiz va savodsiz xalqlar qatoriga kiritdilar. Ongu tafakkurimiz zaharlanib, eʼtiqodsiz manqurt kimsalarga aylantirildik.

Uzoqqa bormaylik, hatto mustaqilligimizning dastlabki 25 yilida ham qaddimizni rostlay olmadik. Paxta yakkahokimligiga barham berilmadi. Maktab oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻqish oʻrniga 3-4 oylab paxta terimiga jalb etildi. Oqibatda taʼlim tizimi izdan chiqdi, korrupsiya botqogʻiga botdik, sogʻliqni saqlash tizimi tanazzulga uchradi. Jamiyatda maʼnaviy buzilish avj oldi. Jinoyatchilik, ishsizlik, byurokratiya, kambagʻallashuv avj nuqtasiga chiqdi.

Endi yoʻllarimizni ham bir eslab qoʻ­ying. Shaharlarimiz va qishloqlarimiz qanday ahvolda edi? Chet eldan mehmonlar kelsa, turmush sharoitimizdan xijolat chekardik. Oyliklarimiz kam, uchma-uch qilib, oʻzimizni qisib, zoʻrgʻa roʻzgʻor tebratardik.

Naqd pul muammo edi. Oyliklar plastik kartochkaga oʻtkazib berilardi, unga ming mashaqqat bilan narsa olardik yoki ololmasdik. Kechqurunlari koʻchaga chiqishga qoʻrqardik. Na tuzuk ovqat yeydigan bir oshxona, na tuzuk dam olish bir maskan bor edi. Chet elga chiqish, ­valyuta olish muammolarini gapirib ham oʻtirmayman. Boshidan oʻtkazgan oʻzi yaxshi biladi.

Shaharlar oʻrtasida qatnaydigan avto­buslar qayergadir yoʻq boʻlib ketgandi. Avtostansiyalar qarovsizlikdan nurab yotardi. Bir viloyatdan ikkinchisiga borguncha nechta postdan tekshirishdan oʻtardik. Qoʻshni davlatdagi qarindoshingnikiga borishning iloji yoʻq edi hisob. Uysizlar, yersizlar, boshpanasizlar, ishsizlar, nogironligi bor odamning dardini eshitadigan kimsa bormidi? Agar bir boshdan sanasam, boshingizga ogʻriq kiradi.

Inson qadri uchun kurash

Prezidentimiz 2017-yil katta islohotlarni boshlash oldidan dastlabki murojaatida uning oliy maqsadi elimiz qalbidan alamli kunlarni unuttirish, xalqimiz uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi uchun kurashishini baralla aytganida kimlardir buni istehzo bilan qabul qilgandi. Bugun istehzolar oʻrnini hayrat va faxr tuygʻusi egallaganini, xalqimizning hayotdan roziligini koʻrib ich-ichingdan quvonasan, oʻtgan yillar ichida inson qadri va qaddini koʻtarish yoʻlidagi murosasiz kurash natijalarini sarhisob qilasan. Ayrimlarini esga solaman:

— majburiy mehnat bekor qilindi;

— naqd pul, valyuta ayirboshlash ­muammosi hal etildi;

— diniy eʼtiqodimizga toʻla erkinlik berildi;

— ochiqlik siyosati taʼminlandi;

— uzoq yillardan beri yigʻilib kelgan ijtimoiy muammolar hal etildi;

— yangi shahar va mavzelar qurilib, uysizlar uy bilan taʼminlandi;

— tadbirkorlik uchun himoyalangan qulay sharoitlar yaratildi.

Bundan tashqari, qanchadan qancha ­sanoat korxonalari qurilgani, raqamlashtirish natijasida byurokratiyaga chek qoʻyilgani, xotin-qizlarimizga misli koʻrilmagan imtiyozlar berilgani, aholining ijtimoiy muhofazasi, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirmasam ham boʻladi.

Yosh avlod tarbiyasiga eʼtiborni aytmaysizmi?! Minglab davlat va xususiy bogʻchalar tashkil etildi, xususiy maktablar ochildi, Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari tashkil etildi, taʼlim tizimi korrupsiyadan xoli qilindi.

Bu hammasi emas. Aytaversam, roʻyxat ancha choʻziladi. Iqtisodiy taraqqiyot va tashqi siyosat yoʻnalishidagi amaliy ishlar haqida toʻxtalib oʻtirmayman, bu alohida mavzu. Bularning barisi chuqur oʻylangan siyosat, xalqparvarlik, inson qadrini koʻtarish yoʻlidagi jiddiy harakat, inson qadrini koʻtarish, hayotini farovon qilish yoʻlidagi izchil islohotlar tufayli yuz berdi.

Yurt qaygʻusida oʻrtangan yurak

Prezidentimiz faoliyatini bir paytlar Osiyo yoʻlbarsi deb nom olgan Singapur rahbari Li Kvan Yu faoliyatiga oʻxshataman.

Singapur oʻtgan asrning 60-90-yillarida jadal rivojlanib, dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoridan joy oldi. Tadqiqotchilar ushbu davlatning yuksak iqtisodiy taraq­qiyoti va aholi turmush tarzining yuksalishini davlat rahbarining fidoyi­ligi, kurashchanligi, qatiy irodasi, pragmatik siyosati va tartibsizlikka murosasizligi bilan izohlaydi. Uning vatanparvarligi, oʻz yurti va xalqini yorugʻlikka chiqarishga butun vujudi bilan ishongani va ishontira olgani katta rol oʻynagani koʻp taʼkidlangan.

Mamlakatimiz yetakchisi shaxsiyatida ham, Prezidentlik faoliyatida ham ayni shu xususiyatlar ustuvor.

Li Kvan Yuning siyosati oʻz davrida turlicha baholangan boʻlsa-da, eng ashaddiy muxoliflari ham keyinchalik bu davlat rahbarlarining siyosati oʻsha davr va vaziyat uchun toʻgʻri boʻlganini tan olgan.

Agar Shavkat Mirziyoyevning asosiy maqsadi Prezidentlik lavozimini qoʻlga kiritish boʻlganda edi, oʻz jonini bunchalik qiynab, sochini oqartirib, yuz minglab muammo bilan boshini achitib yurmasdi. Mamlakat minglab muammo girdobida choʻkib borayotgandi, tashqi siyosatda Oʻzbekiston oʻrgimchak toʻriga ilingan behol va najotsiz pashshaning holini eslatardi. Faqat vijdon amri bilan xalq va mamlakat taqdiriga befarq qarolmagani uchun shu masʼuliyatni oʻz boʻyniga olishga qaror qildi. Xalq ishonch bildirdi.

Prezidentimiz ogʻizda emas, amalda xalqimizning qaddini tiklayman, millatimning qadrini koʻtaraman, Vatanimni obod qilaman degan buyuk maqsad bilan maydonga chiqdi. Mavhum kelajak qarshisida bunday masʼuliyatni boʻyinga olish insonning oʻta jasoratli ekanini koʻrsatadi. Obrazli qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimiz binosi poydevori ustiga qiyshiq terilgan gʻishtlarni olib tashlab, yangidan devor koʻtarishga bel bogʻladi va bu binoni yangi Oʻzbekiston deb atadi.

Oʻsha payt Prezidentimiz oldida oʻtgan 25 yilda qilinishi kerak boʻlgan, ammo oʻz holiga tashlab qoʻyilgan ishlarni, birinchi navbatda, ijtimoiy gazak olgan muammolarni hal qilish vazifasi turardi. Xalq qabulxonalari tashkil etilib, minglab muammolar joyida hal etildi. Yana minglab muammolar yechimi boʻyicha dasturlar ishlab chiqildi.

Ayni paytda har jabhada, iqtisodiy-siyo­siy, ijtimoiy-madaniy sohalarda, davlat va jamiyat qurilishida ham tub islohotlar boshlandi.

Bu juda katta hajmdagi mehnat butun salohiyat va resurslarni, butun jamiyatni oyoqqa turgʻizishni taqozo etardi. Prezidentimizning “Albatta, qiyin boʻladi, ammo reja boʻyicha bosqichma-bosqich oʻtib boraverganimiz sari yukimiz yengillasha boradi. Vaqt bizni kutmaydi, biz vaqtdan yutishimiz kerak”, degan gaplari deyarli barcha yigʻilishlarda takrorlanardi.

Uzoqqa moʻljallangan siyosat

Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatining ilk kunlaridan mamlakatda maʼnaviy-tarbiyaviy muhitni sogʻlomlashtirish, aholi ongiga oʻrnashgan boqimandalik va loqayd­lik illatini bartaraf etishga jiddiy eʼti­bor qaratdi, yosh avlodning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishdi.

Qonunchiligimiz adolatli koʻrinsa-da, qonunosti hujjatlarda buning aksi edi. Hammasi xalq manfaatlari nuqtayi nazaridan butkul qayta koʻrib chiqildi. Tadbirkorlikka qoʻyilgan toʻsiqlar olib tashlandi, mintaqa va jahon hamjamiyati bilan aloqalar tiklandi.

Pul-kredit, valyuta siyosati, aholining ijtimoiy muhofazasi kabi yana yuzlab sohalardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish mexanizmlari ishlab chiqildi. Mamlakat eksport salohiyati oshirildi, investitsiya muhiti yaxshilandi.

Prezidentimiz mamlakatni 10-15 yil ichida taraqqiyotning ravon yoʻliga olib chiqishga yoʻnaltirilgan barcha strategik ­harakatlarini uch bosqichga, 2021-yilgacha boʻlgan davr uchun birinchi, 2026-yilgacha muddatni qamrab oluvchi ikkinchi hamda 2030-yilgacha boʻlgan yakunlovchi bosqichga boʻldi.

Mamlakatimiz yetakchisi hech bir sohani nazardan qochirmasdan, barcha xavf-xatar va toʻsiqlarni oldindan hisobga olgan holda birma-bir, juda puxta oʻylagan holda, aniq moʻljalli yurish bilan ilgarilay boshladi. Har bir tashab­bus negizida oʻnlab maqsadlarni koʻzda tutuvchi dasturlar tuzdi. Bu dasturlarga, garchi keyingi bosqichlarda qilinishi rejalashtirilgan boʻlsa ham, kelajak uchun poydevor boʻluvchi yoʻnalishlarni kiritdi. “Bir deganda hammasini qamrab olish” iborasi Prezidentimizning pozitsiyasini aynan ifodalaydi.

Mamlakatni jannatmonand oʻlkaga aylantirish orzusi

Davlatimiz rahbari 2017-yil boshidan mamlakatda turizmni rivojlantirishni ustuvor masalalardan biri sifatida kun tartibiga qoʻydi. Ha, albatta, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qoʻqon, Shahrisabz kabi qadimiy, buyuk shaharlarimiz bor. Kelib koʻrsa arzish nuqtayi nazaridan butun dunyo sayyohlarini doim oʻziga maftun etib keladi bu koʻhna kentlarimiz. Bu iqtisodiyotimiz rivoji uchun yaxshigina foyda keltiradi.

Ammo yurtimizda dunyo tanishi kerak boʻlgan minglab tarixiy joylar va obidalar, jannatmonand soʻlim maskanlar bor. Prezidentimiz turizmga nafaqat barqaror daromad, asosiysi, ularni dunyoga tanitish, Oʻzbekistonning shonli tarixini, boy madaniy va maʼnaviy merosini targʻib qilish vositasi sifatida qaradi. Maxsus farmon va qarorlar asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona xizmati, turistik firmalarni litsenziyalash, kreditlar ajratish, turli imtiyozlar berish, soha uchun kadrlar tayyorlashning huquqiy asosi mustahkamlandi.

Natijada turizmni rivojlantirishga qaratilgan harakatlar jarayonida eʼtiborsiz qolgan tarixiy obidalarimiz taʼmirlandi, atrofi koʻrkam shaklga keltirildi, yoʻlu koʻchalarimiz obod boʻldi, unutilib ketgan mumtoz sanʼatimiz, hunarmandligimiz va meʼmorligimiz anʼanalari tiklandi. ­Samarqandu Buxoro, Xiva shaharlari “Ming bir kecha” ertaklaridagi afsonaviy Sharq oʻlkasi qiyofasini oldi.

Dunyoni lol qoldirguvchi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etildi. Baland togʻlarimiz bagʻrida jannatmonand dam olish mas­kanlari qurildi, butun dunyo Oʻzbekistonga oqib kela boshladi. Sayyohlar xalqimiz madaniyati va sanʼati, urf-odatlari, dunyoqarashidan xabardor boʻldi, koʻp ming yillik tariximiz bilan tanishdi. Chet ellarda Oʻzbekiston degan davlat, oʻzbek degan xalq haqida notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlganlar bu elning bashariyat ilm-faniga qoʻshgan buyuk hissasini koʻrib, fikrini oʻzgartirdi. Eng ­quvonarlisi, ­aholi, ayniqsa, yosh avlod oʻz maʼnaviy ildizlaridan xabardor boʻldi, milliy gʻururi oshdi.

Dunyo tan olgan siyosiy lider

Prezidentimiz Oʻzbekistonni taraqqiy ettirishga xalaqit beradigan jiddiy toʻsiqlar borligini yaxshi tasavvur qilardi. Mamlakat ichida yigʻilib qolgan muammolarni hal qilish qanchalik ogʻir boʻlsa, tashqi tahdidlarning oldini olish undan ogʻir masala edi. Birinchi nav­batda, Markaziy Osiyoda tinchlik kafolatlanmas ekan, Oʻzbekiston taraqqiyoti hamisha xavf ostida qolishini yaxshi tushunardi.

100-yil oldin etnik qavmlarni boʻlib tashlash hisobiga amalga oshirilgan chegara chiziqlari sobiq ittifoq parchalangandan soʻnggi ilk yillarda qoʻshni yosh mustaqil davlatlar oʻrtasida milliy nizolarga olib keluvchi qurolli toʻqnashuvlarga sabab boʻldi, yer, tarix talashish, suv-energetika taqsimoti janjali qoʻshni davlatlar rahbarlari oʻrtasida murosasiz munosabatni shakllantirdi. Oxirgi yillarda ixtiloflar kuchayib, kelishmovchiliklar yanada chuqurlashib borayotgan edi. Bundan foydalangan xorijdagi ayrim siyosiy kuchlarning gijgijlashi vaziyatni yanada ogʻirlashtirib, mintaqaning urush oʻchogʻiga aylanish xavfi tobora ortib borardi. 

Davlatimiz rahbari 2017-yili chuqur tahlillardan soʻng Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror mintaqaga aylantirishni Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi deb eʼlon qildi. Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston rahbariyatiga qator tashabbuslar bilan chiqib, ularni barcha nizolarga chek qoʻyish va har tomonlama manfaatli, ochiq, doʻstona va pragmatik hamkorlikka chaqirdi. 

Aynan oʻsha yili oʻtkazilgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi asriy muammolarga chek qoʻyish va qoʻshnilar bilan muammolarni hal qilishda istisnosiz murosaga tayyor ekanini eʼlon qildi.

Ushbu tashabbus dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortdi. Bunga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham boʻldi. Negaki qudratli davlatlar oʻz vaqtida Sharqdagi mustamlaka oʻlkalar chegaralarini belgilaganda, azaldan bir hududda gʻuj yashagan xalqlarni atayin ikkiga boʻlib chegara tortgan. Bu siyosat ortida yerli xalqlarni bir umr oʻz taʼsir doirasida ushlab turish rejasi turgan. Ular qachon bu oʻlkalar mustaqillik daʼvo qilsa yoki bunga erishsa, chegara hududlarda milliy nizolar chiqarish va hatto urush alangasini yoqish, shu orqali “kuchaygan davlatchaning popugini pasaytirib qoʻyish” uchun oʻziga imkoniyat qoldirgan.

Prezidentimizning Markaziy Osiyodagi mavjud vaziyatni oʻzgartirishdagi muvaffaqiyati uning oʻtkir diplomat ekanini butun dunyoga isbotladi. Shavkat Mirziyoyev dunyoning zukko siyosiy liderlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

Xulosa

Bugun davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati qanday ijobiy natijalarga olib kelganini oʻzingiz koʻrib turibsiz. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan oʻrtamizdagi chegara muammolarining hal etilishi shaxsan Prezidentimizning tashabbusi va tinchlikparvar siyosati bilan amalga oshdi. Natijada davlat rahbarlari oʻrtasidagi murosasiz munosabatlar qardoshlik va birodarlik tuygʻusi bilan almashdi, ogʻriqli nuqtalar bartaraf boʻldi. Oʻzaro yaqin iqtisodiy-madaniy hamkorlik boshlandi. Chegara darvozalari lang ochildi. Bordi-keldi bilan bogʻliq muammolar yechildi. Uzoq yillar bir-biridan ajrab qolgan qarindoshlar qayta topishdi.

Bunday misollarni koʻp keltirish mumkin. Salkam 10 yil davomida mamlakatimiz misli koʻrilmagan transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi. Prezidentimiz boshchiligida oʻtkazilgan va davom etayotgan iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy islohotlar koʻlamini ikki ogʻiz soʻz bilan tushuntirish amrimahol. Ular kirib bormagan sohalar qolmadi hisob. Bu oʻzgarishlarning zalvorini his etish uchun 2016-yildan ilgarigi hayotimizni bugunimiz bilan qiyoslashning oʻzi kifoya. 

35 yil — tarix uchun katta muddat emas. Xalqlar va davlatlarning shakllanish tarixi asrlar bilan oʻlchanadi. Mamlakatimiz mana shu qisqa davr ichida mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqib, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yuz burmoqda. Yangi Oʻzbekis­tonning yorqin kelajagini qurish yoʻlida tashlanayotgan zafarli odimlar milliy davlatchiligimiz tarixining eng yorqin sahifasini yaratmoqda.

Bu misli koʻrilmagan qahramonlikdir. Ayniqsa, davlatimiz oʻz oldida qoʻygan ulkan maqsadlarni tayyor qoliplar asosida emas, balki milliy tiklanish davrida orttirilgan tajribalardan kelib chiqib, keskin burilish masʼ­uliyatini oʻz zimmasiga olgani, geosiyosiy oʻyin­lar iskanjasida qabul qilingan nostandart yechimlar, milliy manfaatlar himoyasi yoʻlida chuqur oʻylangan tashabbuslar, inson qadrini ulugʻlash yoʻlidagi xalqchil siyosatni amalga oshirish oson kechmaganini nazarda tutsak, buning ahamiyati yanada yorqin namoyon boʻladi.

Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatdagi zafarli yutuqlari 2017-yildan shu kungacha qatʼiyatli davom etib kelayotgani va bu yoʻlda Oʻzbekiston sobitqadam ekani islohotlar ortga qaytmasligidan dalolat beradi.

Yorqin kelajagimiz, tinch hayotimiz va farovonligimiz uchun mehnat qilayotgan hazrati inson atrofida jipslashgan matonatli xalqimizning kelajagi porloq, Vatanimiz rivojiyu ravnaqi bundan-da yuksalishiga aslo shubha yoʻq.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Akademik