Nazarimda, u insonga ona sutidan oʻtadi. Mazkur tugʻma tuygʻu bosqichma-bosqich — ota-ona, oila tarbiyasi, maktab va oʻquv dargohlari taʼlimi, keyinchalik shaxsiy masʼuliyat orqali shakllanadi. Kishida bu fazilat oʻz davlati ramzlari, elu yurti milliy qadriyatlari va madaniyatiga hurmatida ham yaqqol namoyon boʻladi.
Vatanini sevgan odam
mamlakati taraqqiyotiga oʻz isteʼdodi, bilimi va mehnati, bor kuch-gʻayrati bilan
hissa qoʻshishga astoydil intiladi. Erishilayotgan har bir yutuqdan quvonadi, faxrlanadi,
uning kelajagiga befarq boʻlmaydi. “Vatan men uchun nima beradi?”, deb emas,
“Men Vatanim uchun nima qila olaman?”, degan yondashuv asosida yashaydi. Shu
maʼnoda, bu tushuncha faqat his-tuygʻu emas, balki amaliy masʼuliyat va faol
fuqarolik pozitsiyasi hamdir.
Har yili
mamlakatimiz boʻylab “Vatanparvarlik oyligi” oʻtkazilishi, shuningdek, “Vatan
manzumasi” singari madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilayotgani
yoshlarimizni yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim omil
boʻlmoqda.
Oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashish, halol mehnat qilish,
atrof-muhitni asrash va jamiyatga naf keltirish borasidagi ishlar ham
vatanparvarlik koʻrinishlaridandir. Ajdodlarimizdan qolgan merosni
asrab-avaylashga hissa qoʻshish, mamlakatimiz tarixini oʻrganish singari
bajariladigan yumushlar bu tuygʻuni mustahkamlaydi.
Menimcha, har kuni
ertalab ishga kelishimiz, kechki payt ishdan uyga qaytishimiz vatanparvarlik
emas, bu — masʼuliyatimiz. Vatanparvar inson ishga oʻzini bagʻishlaydi,
faoliyati rivoji hamda yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshish uchun vaqtini
ayamaydi. Vatan shaʼni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladi. Oʻz
manfaatidan jamoasi va davlat foydasini ustun qoʻyadi. Qalbida yurtga
daxldorlik hissini tuyadi. Har bir insonda bu hissiyotning mustahkamlanishiga
erishish esa oldimizda turgan dolzarb vazifalardan.
Chinakam yurtga
muhabbat oddiy harakatlar orqali ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun,
vazifa-majburiyati boʻlmasa-da, yoʻlak va yoʻl boʻylariga, hududlarga tashlab
ketilgan turli yaroqsiz idishlar hamda chiqindilarni terib olayotgan
volontyorlar mehnati, yoki xorijlik ayrim kimsalar millatimiz va yurtimizga
tosh otganida gʻazab hissiga berilish ham vatanparvarlikning belgisi
hisoblanadi, bizningcha.
Vatanparvarlik
faqat soʻzda boʻlmasligi kerak. Har birimiz uni soʻz va amal birligida kundalik
hayotimizda namoyon etishimiz lozim. Zero, “Vatanni sevmoq iymondandur!” deya
bejiz aytilmagan.
Ijtimoiy
tarmoqlarda oʻz hayotini xavfga qoʻyib boʻlsa-da, turli halokatli vaziyatlarda
inson hayotini saqlab qolgan sohalar vakillari hamda oddiy odamlarni
ragʻbatlantirish jarayonlari haqidagi matnli, foto va videomateriallarga
tez-tez koʻzimiz tushadi. Bu — yaxshi. Ammo tegishli xizmatlar vakillari va
fuqarolar oʻz insoniylik vazifasi hamda burchini sidqidildan bajarish,
koʻcha-koʻyda — joylarda shoshilinch yordamga muhtoj aholiga koʻmak berish
chogʻida turli darajada tan jarohati olishi yoki vafot etish holatlari uchrashi
esa koʻngilni ogʻritadi.
Joriy yil
15-avgust kuni internet nashrlarida poytaxtimizning Uchtepa tumani “Quyi
Darxon” MFY hududidagi uylardan birida yongʻin sodir boʻlgani, unda FVV
qutqaruvchisi, 33 yoshli kapitan Boburmirzo Pardayev xizmat vazifasini bajarish
chogʻida halok boʻlgani haqida xabar berildi. Maʼlum qilinishicha, vatanparvar
yigit xonadon egalari hayotini saqlab qolishga katta hissa qoʻshgan. Ammo
kutilmaganda tom bosib qolib, vafot etgan.
Qanday odam elu
yurt uchun oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyishgacha boradi?! Bizningcha, bu
sharafli ish qonida vatanparvarlik boʻlgan, odamgarchiligi va yurtga muhabbati
yuqori hamda masʼuliyatli insonlarning qoʻlidan keladi. Maʼrifatparvar bobomiz
Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, “Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi
oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga
milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda
kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz-oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va
manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi”.
Har
birimiz himoyachimiz
Vatan himoyachisi deganda, birinchi navbatda, koʻz oldimizga
Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda
vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, bojxona va boshqa
harbiylashgan tuzilmalar vakillari keladi. Aslida, har birimiz Vatan
himoyachisimiz. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, barchamiz eng avvalo
Vatan himoyachisi, tinchlik posboni boʻlishimiz zarur!
Qayerda
boʻlmaylik, tugʻilib oʻsgan qishlogʻimiz, shahrimiz, bir soʻz bilan aytganda,
Vatanimiz haqida gap ketsa, beeʼtibor boʻlolmaymiz, negaki kindik qonimiz toʻkilgan goʻsha — ota makon, ona yurtni ardoqlash
va ulugʻlash tabiatimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya
qilish shu aziz yurt har bir farzandning muqaddas burchi. Dunyoda yuzaga kelgan
notinchliklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga
sadoqat masʼuliyatini oshirish barobarida har birimizni yanada ogoh va hushyor
boʻlishga undamoqda.
Toʻgʻri, hamma ham qoʻliga qurol olib Vatanni qoʻriqlamaydi. Aytaylik,
shoir va yozuvchilar, jurnalistlar oʻz qalami bilan yurtni himoya qilishi
lozim. Telegram, Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarga milliy
manfaatlarimizdan kelib chiqib tayyorlangan kontentlar joylashtirish orqali ham
yurt asraladi. Zero, “Vatanga muhabbat unda
yashashdan huzur-halovat, undan uzoqda boʻlganda sogʻinch, unga hujum
qilinganida mudofaa etish va u kamsitilganda gʻazab hislarini paydo qiladi”,
deya bejiz aytmagan shayx Muhammad Gʻazzoliy.
Oʻzbekiston
Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan
vatanparvarlik boʻyicha targʻibot-tashviqotni kuchaytirish maqsadida muayyan
ishlar qilinmoqda. Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida oʻtkazilgan
tadbirda Qurolli Kuchlarimiz tizimida roʻy berayotgan yangilanishlar, yangi
Oʻzbekistonning yangi armiyasi, islohotlar, jumladan, harbiylarimiz,
shuningdek, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va boʻlimlarining harbiy
boʻlmagan xizmatchilari oylik maoshlari oshirilishi, muddatli harbiy xizmat
oʻtayotgan askarlar uchun yaratilayotgan qulayligu imkoniyatlar haqida soʻz
bordi.
Shularni tinglar
ekanman, 1990-yillar oxiri — muddatli va shartnoma asosida harbiy xizmatni
oʻtagan damlarim yodga tushdi. Vatanga qasamyod qilganimga guvoh boʻlish uchun
qariyb besh yuz kilometrdan Toshkentga kelgan ota-onam ayni jarayonni koʻra olmagandi
oʻshanda. Ichki tartibga binoan ular qasamyod qabul qilinadigan maydonga
kiritilmagandi. Ammo tadbir oʻtgach, bir muddat uchrashish nasib qilgan. Bugun
esa vaziyat tamoman boshqacha. Yozishga hojat yoʻq, armiyadagi qulay, havas
qilsa arzigulik shart-sharoitlarni hamma oʻz koʻzi bilan koʻrib turibdi.
Yigʻilish
doirasida harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishish,
ular bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldik.
— Bugun harbiy
xizmat nafaqat muqaddas burch, balki bilim olish, kasb-hunar egallash,
jamiyatda mustahkam oʻrin topishda hayot maktabiga aylanmoqda, — deydi oddiy
askar Ulugʻbek Mansurov. — 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy
xizmatchilar uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar joriy etilmoqda. Endilikda askarlar
harbiy xizmatni oʻtash bilan bir vaqtda oliy taʼlim muassasalariga hujjat
topshirib, onlayn tahsil olish imkoniga ega boʻladi. Harbiy qismlarda institut
va universitetlar bilan hamkorlikda maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilib,
biz kabi yoshlarning bilim olishi va kelajakda munosib mutaxassis boʻlib
yetishishi uchun zamonaviy taʼlim muhiti yaratilmoqda. Yuzlab askarlar qatorida
men ham bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, elu yurtimiz taraqqiyotiga
munosib hissa qoʻshishga astoydil harakat qilaman.
Harbiy xavfsizlik
va mudofaa universiteti fakultet boshligʻi, podpolkovnik Aʼlomirza Boboyev ham
askarlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida quyidagilarni soʻzlab berdi:
— Joriy yildan oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan muddatli harbiy
xizmatchilar harbiy fakultet talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni
muvaffaqiyatli yakunlaganidan soʻng zaxiradagi leytenant harbiy unvonini olish
huquqiga ega boʻladi. Bu esa harbiy xizmat bilan oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviy
bogʻliqlikni yanada mustahkamlab, yoshlarning kelgusi faoliyati uchun
istiqbolli yangi eshiklarni ochadi. Ayniqsa, “Bitta askar — bitta kasb”
tamoyili asosida tashkil etilgan 3-6 oylik kasbiy oʻquv kurslari har bir
xizmatchining muayyan mutaxassislik egasi boʻlib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan askarlarga davlat namunasidagi
sertifikatlar berilishi ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirib,
kelajakda munosib ish oʻrniga ega boʻlishi uchun zamin yaratadi.
Sohadagi islohotlar doirasida harbiy xizmatni ado etib
uyiga qaytgan yigitlarning fuqarolik
hayotiga tez va muvaffaqiyatli moslashuvini taʼminlashga ham alohida eʼtibor
qaratilmoqda. Endi xususiy sektorda mehnat faoliyatini boshlash yoki yangi kasb
egallash istagida boʻlgan sobiq harbiy xizmatchilarning kasbiy va qayta
tayyorlash xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari
hisobidan vaucher asosida qoplab beriladi. Kezi kelganda aytish kerak, ayni
imtiyoz va imkoniyatlar armiya yoshiga yetgan yigitlarni harbiy xizmatga
qiziqishlarini oshirib yubordi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati taʼlim,
bandlik, tadbirkorlik va harbiy sohalarni oʻzaro uygʻunlashtirgan holda amalga
oshirilmoqda. Umuman olganda, bugun armiyada xizmat qilayotgan yigitlar nafaqat
yuksak harbiy tayyorgarlikka ega askar, balki keng dunyoqarashli, zamonaviy
bilim va kasb-hunar sohibi boʻlmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, muddatli harbiy
xizmatni oʻtash yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻliga aylanmoqda. Bu esa
yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, navqiron avlodning orzu-intilishlarini roʻyobga
chiqarish va kelajagiga sarmoya kiritish davlat siyosatining ustuvor
yoʻnalishiga aylanganining yaqqol namunasidir.
Kitobxon harbiylar safi
kengaymoqda
Bugun harbiy yoʻnalishda ham kitob oʻqimasdan, ilm
olmasdan, sunʼiy aql imkoniyatlaridan foydalanmay turib muvaffaqiyatga
erishib boʻlmaydi. Shu bois, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan
harbiy xizmatchilarning jismoniy-jangovor
tayyorgarligi bilan birga intellektual salohiyati, boshqacha
aytganda, zamonaviy bilim va koʻnikmalari, shuningdek, kitobxonligi ham muhim
mezonlardan biri sifatida koʻrilmoqda.
Tizimda kitobxonlikni keng targʻib qilish,
maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish, harbiy xizmatchilarning boʻsh
vaqtini mazmunli oʻtkazish va ularni mutolaaga jalb etishga alohida eʼtibor
berilmoqda. Harbiy tuzilmalardagi ziyo maskanlari kitob fondi boyitilib,
posbonlar kunning istalgan vaqtida mutolaa qilishi uchun keng shart-sharoitlar
muhayyo etilayotir. Joriy yil yakunigacha yurtimizdagi barcha harbiy qism va
muassasalarni bir million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash
belgilangan.
— Kutubxonamiz fondi boyib, unda saqlanayotgan elektron
adabiyotlar soni koʻpayib borayotgani quvonarli, — deydi Harbiy xavfsizlik va
mudofaa universitetining Serjantlar tayyorlash oliy maktabi kutubxonachisi
Guljahon Musurmonova.
— Harbiyning, u xoh askar, serjant, xoh ofitser boʻlsin, badiiy va sohaga doir
kitoblarni oʻqishi uning xizmatdagi faoliyatida oʻz ijobiy natijasini beradi
deb oʻylayman. Shu maʼnoda, armiyada bu borada
qilinayotgan ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Kitobxon Vatan himoyachilari
safi kengaymoqda.
Maʼlum
qilishlaricha, joriy yildan boshlab har yili Qurolli Kuchlarning barcha
toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni”
respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkazilishi rejalashtirildi.
— Tanlovning
birinchi bosqichi harbiy qism va oliy harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi
bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli
Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi, — deydi mudofaa vaziri
maslahatchisi Olimjon Oʻsarov.
— Yakunda esa saralash bosqichlari
gʻoliblari oʻzaro bellashadi. Tanlovning
toʻrt gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni — Prezidentimiz bosh
sovrini — zamonaviy elektromobil bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni
egallagan harbiy xizmatchilarga pul mukofoti va diplomlar topshiriladi.
“Maʼnaviyat qalqoni” tanlovining bunday keng
qamrovda tashkil etilayotgani harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlik
madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy dunyoqarashini boyitish va intellektual
salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganidan
dalolat beradi. Aytish lozim, harbiy xizmatchining jangovar tayyorgarligi
qanchalik muhim boʻlsa, uning maʼnaviy-ruhiy barqarorligi, mustaqil fikrlashi
va bilim saviyasi ham shunchalik ahamiyatlidir.
Kitobxonlik haqida gap ketganda, joriy yil 22-may kuni davlatimiz rahbari
Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start
bergani haqida aytmasak boʻlmas.
Boshlangan “Milliy kitobxonlik harakati” dasturining umumiy yillik
mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etishi, mazkur tadbirning final
bosqichi Prezident darajasida oʻtkazilishi, bosh sovrin sohibi 50 ming dollar
bilan taqdirlanishining oʻzi mazkur harakat nufuzi nechogʻliq yuqoriligidan
darak beradi. Ochigʻi, bunaqasi hali
boʻlmagan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan
boshlangan bu boradagi keng qamrovli ishlar yoshlarni, jumladan, Qurolli
Kuchlar tizimi xizmatchilarini kitob mutolaasi, ilmga chorlashda yuksak
samaralar berishi shubhasiz.
Xolmurod SALIMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri