Nizomga koʻra, ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish boʻlinmalari mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
Fuqaroni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish har ikki tomon (mulkdor va fuqaro) ishtirokida amalga oshiriladi va ularning roziligi "Face-ID" yoki "Mobile-ID" tizimi orqali tasdiqlanadi.
Bir nechta uyga yoki kvartiraga ega boʻlgan turar joy mulkdori ulardan faqat bittasiga yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
18 yoshga toʻlmagan fuqaro ota-onasi yoki ulardan biri yoxud vasiyisi (homiyisi) roʻyxatdan oʻtkazilgan manzilda yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi va turar joy mulkdori uni yashash joyi yoki turgan joyi manziliga roʻyxatdan oʻtkazish uchun vakolatli organga xabar berishi shart.
Fuqarolar yoki turar joy mulkdori roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻzlariga qulay boʻlgan joydagi vakolatli organ yoki davlat xizmatlari markazlari, "Aqlli" migratsiya shoxobchalari orqali shaxsan yoxud YAIDXP, "E-xabar berish" tizimi orqali onlayn tarzda murojaat qilishlari mumkin.
Oʻzbekistonning kuyidagi hududlarida fuqarolarning erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi mumkin:
- chegara zonasida;
- yopiq harbiy shaharchalarda;
- yopiq maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda;
- favqulodda holat yoki safarbarlik eʼlon qilingan hududlarda va boshqalar.