Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 dekabrdan:

Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga (Institut) gidlarga (gid-tarjimonlarga) ularning xohishiga ko‘ra havaskor, ixtisoslashgan va professional malaka toifasini berish vakolati beriladi;

malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi;

gid sifatida so‘nggi 2 yil davomida faoliyat yuritmagan shaxslar malaka imtihonini qayta topshiradi.

Qaror bilan “Gidlarga (gid-tarjimonlarga) malaka toifasini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, malaka toifasi ixtiyoriy asosda beriladi hamda uning mavjud emasligi gidlarning (gid-tarjimonlarning) qonunchilikda belgilangan tartibda olingan malaka sertifikati asosida faoliyat yuritish huquqini cheklamaydi.

Gidlarga (gid-tarjimonlarga) quyidagi malaka toifalari beriladi:

havaskor gid malaka toifasi;

ixtisoslashgan gid malaka toifasi;

professional gid malaka toifasi;

oltin fond gidi malaka toifasi.

Malaka toifasi berishda quyidagilar inobatga olinadi:

kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar;

ekskursiya xizmatlarini tashkil etish va o‘tkazish mahorati;

ekskursiya obyektlari bo‘yicha bilim darajasi;

turistlar bilan muloqot madaniyati;

xorijiy tillarni bilish darajasi;

kasb etikasi qoidalariga rioya qilinishi.

Talabgorga malaka toifasini berish kasbiy imtihonni topshirish natijalarining eng kam ko‘rsatkichi quyidagicha belgilanadi:

56 foizdan 70 foizgacha – havaskor gid malaka toifasi;

70 foizdan va 85 foizgacha – ixtisoslashgan gid malaka toifasi;

86 foizdan yuqori va 100 foizgacha – professional gid malaka toifasi.