Qor qoploni yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati hamda CITESning I Ilovasiga kiritilgan. Qor qoploni G‘arbiy Tyan-Shan (Ugom, Piskom va Chotqol tizmalari), G‘arbiy Pomir-Oloy (Turkiston, Zarafshon va Hisor tizmalari)da tarqalgan. Tog‘larning o‘rta va yuqori qismida yashaydi, oqshomda faol, kunduzi g‘orlarga, qoyalar orasiga berkinib yotadi. Tog‘ bo‘ylab yovvoyi tuyoqlilar ortidan yuqoriga va pastga mavsumiy ko‘chib yuradi. 21 yilgacha yashaydi.

Oʻzbekiston qor qoplonini muhofaza qilish borasida xalqaro miqyosda faol hamkorlik olib bormoqda. Mamlakat qor qoploni tarqalgan 12 davlatni birlashtiruvchi GSLEP dasturining faol aʼzosi hisoblanadi. 2025-yilda Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida GSLEP Boshqaruv qoʻmitasining 9-yigʻilishida qor qoploni va togʻ ekotizimlarini muhofaza qilish boʻyicha Choʻlponota rezolyutsiyasi qabul qilindi. 

Qolaversa, Samarqandda boʻlib oʻtgan CMS COP14 doirasida Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilinib, qor qoplonini muhofaza qilish boʻyicha xalqaro hamkorlik yanada kuchaytirildi. Umuman olganda, Oʻzbekiston qor qoplonini muhofaza qilishda xalqaro tashkilotlar, qoʻshni davlatlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy monitoring texnologiyalarini joriy etish hamda transchegaraviy togʻ ekotizimlarini birgalikda asrashga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Ma'lumot uchun, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan. 

Qo‘riqxona 4 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, hududda umurtqasiz (hasharotlar) va umurtqali hayvonlarning 276 turi uchrashi aniqlangan. Shulardan 17 turi O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan.