Joriy yilgi bayramning «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan bosh g‘oyasi bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini ifoda etadi. Zero, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlat qudrati, avvalo, xalqning birdamligi, o‘zaro ishonchi va hamjihatligi bilan taminlanadi.

Xalq deputatlari Beruniy tumani Kengashi deputati sifatida aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar, sayyor qabullar va deputatlik nazorati tadbirlari davomida bir haqiqatga yana bir bor amin bo‘lmoqdaman: islohotlarning haqiqiy bahosi odamlarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi.

Bugun mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va aholi bandligini taminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har bir hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi daromadlarini oshirish va turmush farovonligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta'lim tizimidagi yangilanishlar va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam asosini yaratmoqda.

Deputatlik faoliyatimizda aholining murojaatlari bilan ishlash, hududlardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan amaliy takliflar kiritishga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Chunki xalq ishonchi -  eng katta masuliyatdir. Bu ishonchga munosib bo‘lish uchun har bir deputat xalq manfaatlarini himoya qilishi, islohotlarning joylarda to‘liq amalga oshishini ta'minlashga hissa qo‘shishi lozim.

Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar har bir vatandoshimizning mehnati, sabr-toqati va Vatanga sadoqati samarasidir. Endi bu yutuqlarni yanada mustahkamlash, iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va qonuniylik ustuvorligini taminlash barchamizning umumiy vazifamizdir.

Bugun biz bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz. Yagona Vatanimiz ravnaqi, yagona xalqimiz farovonligi uchun birgalikda harakat qilsak, har qanday yuksak marralarga erishamiz. Bu yo‘lda har bir fuqaroning faolligi, tashabbuskorligi va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamiz uchun yanada yuksak maqsadlar sari intilish, Yangi O‘zbekistonni yanada obod va farovon etishga bo‘lgan qat'iyatimizni mustahkamlaydi. «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan ezgu g‘oya barchamizni birlashtiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilaversin!

Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin!

Raxima YuLDASheVA,

Xalq deputatlari Beruniy tumani Kengashi deputati.