Joriy yilgi bayramning «Yagona
Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz»
degan bosh g‘oyasi bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning
tub mohiyatini ifoda etadi. Zero, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va davlat
qudrati, avvalo, xalqning birdamligi, o‘zaro ishonchi va hamjihatligi bilan ta’minlanadi.
Xalq deputatlari Beruniy tumani Kengashi deputati
sifatida aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar, sayyor qabullar va deputatlik
nazorati tadbirlari davomida bir haqiqatga yana bir bor amin bo‘lmoqdaman:
islohotlarning haqiqiy bahosi odamlarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan
o‘lchanadi.
Bugun mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilish,
tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ishlab
chiqarish quvvatlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga
qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har bir
hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi daromadlarini oshirish va
turmush farovonligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik
tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashlari
uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta'lim tizimidagi yangilanishlar va
mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar Yangi O‘zbekiston
taraqqiyotining mustahkam asosini yaratmoqda.
Deputatlik faoliyatimizda aholining murojaatlari bilan
ishlash, hududlardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan
amaliy takliflar kiritishga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Chunki xalq ishonchi
- eng katta mas’uliyatdir.
Bu ishonchga munosib bo‘lish uchun har bir deputat xalq manfaatlarini himoya
qilishi, islohotlarning joylarda to‘liq amalga oshishini ta'minlashga hissa
qo‘shishi lozim.
Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar har bir
vatandoshimizning mehnati, sabr-toqati va Vatanga sadoqati samarasidir. Endi bu
yutuqlarni yanada mustahkamlash, iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib
chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va
qonuniylik ustuvorligini ta’minlash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Bugun biz bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqmiz.
Yagona Vatanimiz ravnaqi, yagona xalqimiz farovonligi uchun birgalikda harakat
qilsak, har qanday yuksak marralarga erishamiz. Bu yo‘lda har bir fuqaroning
faolligi, tashabbuskorligi va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi hal qiluvchi
ahamiyatga ega.
Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamiz uchun yanada
yuksak maqsadlar sari intilish, Yangi O‘zbekistonni yanada obod va farovon
etishga bo‘lgan qat'iyatimizni mustahkamlaydi. «Yagona
Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz»
degan ezgu g‘oya barchamizni birlashtiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilaversin!
Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, xalqimiz
farovon bo‘lsin!
Raxima
YuLDASheVA,
Xalq
deputatlari Beruniy tumani Kengashi deputati.