Kunlar, yillar, asrlar o‘tishi bilan odamlar va tillar o‘zgarib boradi. Bunga turkiy o‘zbek tilimiz tarixi yaqqol misol bo‘la oladi. Bugun ko‘pchiligimiz Navoiy davri tilini deyarli tushunmaymiz. Shuning uchun daho shoirimiz asarlarini o‘qish va o‘rganish uchun maxsus lug‘atlar tuzilgan. Vaholanki, bundan besh asr oldingi ajdodlarimiz aynan shu tilda gaplashgan, g‘azal va dostonlar bitgan. Hatto o‘tgan asr boshlarida yashab o‘tgan buyuk bobolarimiz asarlarida ham bugungi yoshlar uchun tushunarsiz so‘z va iboralar uchraydi.
Demak, davr o‘tishi bilan tillar o‘zgarib, boshqa tillardan kirib kelgan so‘z, ibora va shevalar hisobiga boyib boradi. Ayrim so‘zlar esa tilimizdan chiqib ketadi. Bunday so‘zlar arxaizm, ya’ni arxaik so‘zlar deb ataladi. Tilshunoslikda ta’riflanishicha, arxaik so‘zlar til taraqqiyoti natijasida hozir iste’moldan chiqib qolgan, lekin zamonaviy tilda muqobili mavjud bo‘lgan eskirgan so‘zlardir. Boshqacha aytganda, bu so‘zlar ifodalaydigan tushuncha yoki buyumlar bugungi hayotimizda ham bor, biroq ular hozir boshqa yangi so‘zlar bilan nomlanadi.
Men bolaligimda otamni “ota”, onamni “ona” deb chaqirganman. Qishlog‘imizda ham, qo‘shni qishloqlarda ham hamma shunday murojaat qilardi. Ota va onani boshqa so‘z bilan atash mumkinligini tasavvurimizga ham sig‘dira olmaganmiz. Axir bu ikki so‘z o‘zbek tilidagi eng muqaddas, ardoqli so‘zlar.
Bugungi yoshlarning aksariyati otasini “dada”, “ada”, onasini esa “aya”, “oyi” deb chaqiryapti. Bu-ku, mayli, har bir hududning o‘ziga xosligi bilan bog‘liqdir, ammo men tug‘ilib o‘sgan tomonlarda ham “ota” va “ona” so‘zlari muomaladan chiqib borayotgandek go‘yo.
Turkiyshunos olimlar ta’kidicha, “dada” so‘zining etimologiyasi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. U turkiy xalqlarning eng qadimgi umumleksik qatlamiga tegishli. Mahmud Koshg‘ariyning XI asrga oid “Devonu lug‘atit-turk” asarida ham bu so‘z ishlatilgan va o‘sha davrda aynan “ota” ma’nosini anglatgan.
Til tarixidagi tovushlar almashinuvi va qisqarishi — dissimilyatsiya yoki reduksiya natijasida “dada” so‘zi boshidagi “d” tovushi tushib qolib, “ada” shakli yuzaga kelgan. Bu so‘z ko‘proq Toshkent va Farg‘ona vodiysi shevalariga xos.
“Oyi” va “aya” so‘zlari ham turkiy tillar qatlamiga mansub bo‘lib, ularning kelib chiqishi bolalar nutqi va qadimgi turkiy ildizlarga borib taqaladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, “dada”, “ada” yoki “oyi”, “aya” so‘zlari bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ota-bobolarimiz ming yillardan buyon ulardan foydalanib kelgani va hozir ham ishlatilayotganiga hech qanday e’tiroz yo‘q. Bu holat tilimizning naqadar boyligidan nishonadir va bitta “ona” yoki “ota” so‘zining shuncha sinonimi borligini ko‘rsatadi.
Lekin “ota” va “ona” so‘zlari iste’moldan chiqib borayotgani baribir bir oz xavotirli holatdir. Hozir 3-8 yoshli bolalar bilan muloqot qilib ko‘ring, ko‘pchiligi bunday so‘zlar borligidan xabardor emas. 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar esa bu so‘zlarni biladi, lekin deyarli ishlatmaydi. Demak, oradan yillar o‘tgach, bu ikki so‘zning butunlay iste’moldan chiqishi, unutilishi va arxaik so‘zlarga aylanishi ehtimoli bor. Biz bolaligimizda otamiz va onamizning otasini “katta ota” deb atardik. Bugun bu so‘z deyarli muomaladan chiqib bo‘ldi. Balki ayrim chekka qishloqlardagina saqlanib qolgandir. Uning o‘rnini “bobo” yoki “buva” so‘zlari egalladi. Ertaga “ota” va “ona” so‘zlari ham shunday holga tushmasligiga kafolat bormi?
Aslida, “ota” va “ona” so‘zlari o‘rnini bosa oladigan so‘z yo‘q. Bu shaxsiy fikrim. Chunki tilimizda “ona Vatan”, “ona yurt”, “ona tili”, “ota makon”, “ota yurt” va shularga o‘xshash ko‘plab qutlug‘ iboralar bor. Endi ularni “aya Vatan”, “aya yurt”, “aya tili”, “oyi Vatan”, “oyi yurt”, “oyi tili” yoki “dada makon”, “dada yurt”, “ada makon”, “ada yurt” deb talaffuz qilib ko‘ring. Juda erish eshitiladi. Go‘yoki mazmun o‘zgarmagan. Lekin buni ayta olmaysiz, qabul qila olmaysiz. Chunki Vatanni, yurtni, makonni “ota” va “ona” so‘zidan boshqa so‘zlar bilan ifodalab, ulug‘lab bo‘lmaydi. Bu iboralar yillar davomida tilimizga, dilimizga va qonimizga singib ketgan.
Shunday ekan, bu so‘zlarni saqlab qolish yo‘llarini izlashimiz shart. So‘zning yo‘qolishi faqat uni aytmay qo‘yishdan emas, ba’zan ma’nosini unutishdan boshlanadi. Shuning uchun ota-onani faqat nom bilan emas, balki hurmat, mehr va qadr bilan ham ulug‘lashimiz lozim.
“Ota” va “ona” shunchaki ikki so‘z emas, balki xalqimiz tili, tarixi, xotirasi va milliy o‘zligining bir qismidir. So‘zning maqomi ikkinchi o‘ringa tushib qolsa, bolalar ularni kamroq eshitib, asta-sekin unutishi mumkin. Menimcha, buning oldini olish uchun oilada bolalarimizga kichikligidan “ota”, “ona”, “otajon”, “onajon” so‘zlarini o‘rgataylik. Ularning o‘z ota-onasiga qanday murojaat qilayotganiga jiddiy e’tibor beraylik.
Bu so‘zlarni kitoblarda, she’rlarda, film va qo‘shiqlarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq ishlatish lozim. Shu bilan birga, maktab va bog‘chalarda bolalarga faqat so‘zlarni yodlatish bilan cheklanmay, ularning kelib chiqishi, ma’nosi va xalqimiz madaniyatidagi o‘rniga ham tushuntirish berish zarur.
Bundan tashqari, maktab darsliklarida, ayniqsa, boshlang‘ich sinf kitoblarida faqat “ota” va “ona” so‘zlari ishlatilishi kerak. Agar biz bu kitoblarda “dada”, “ada”, “oyi”, “aya” so‘zlaridan foydalana boshlasak, shunday ulug‘ so‘zlarimiz unutilishiga, arxaik so‘zga va tarixga aylanishiga o‘zimiz hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Tildagi so‘zni saqlab qolishning eng kuchli yo‘li — uni kundalik hayotda tabiiy ravishda ishlatish. Qonun, lug‘at yoki darslik biror so‘zni qayd etib qo‘yishi mumkin, lekin uni tirik saqlaydigan kuch xalqning o‘zidir. Shunday ekan, bu so‘zlarni saqlab qolish faqat o‘zimizga bog‘liq.
“Ismimni ham, familiyamni ham o‘zgartirmayman”
Bu haqda ko‘p gapirildi, ko‘p aytildi, turli takliflar bildirildi. Lekin hali ham biror o‘zgarish bo‘lmadi. Gap bir paytlar savodsiz xodimlar yoki boshqa millat vakillari tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar va shular asosida olingan pasport yoxud boshqa hujjatlardagi ism, ota ismi hamda familiyalar haqida bormoqda. Bu masalaga e’tiborsiz qaraganimiz sababli bugun lug‘atlarimiz o‘zbek tili qoidalariga zid bo‘lgan Yadgar, Abdugani, Gulnara, Feryuza, Abidov, Raxmankulov, Djumabayeva kabi ko‘plab ism va familiyalar bilan to‘lib ketgan.
“Iste’molchi” gazetasida ishlab yurgan paytimda Kadir Djumayev degan odamdan maqola keldi. Mavzusi dolzarb ekan, tayyorlab gazetaga chiqardik. Albatta, muallifning ism va familiyasini “Qodir Jumayev” deb o‘zbekchalashtirib berdik. Oradan bir hafta o‘tgach, u menga telefon qildi. Rahmat aytish o‘rniga janjal ko‘tardi. Emishki, biz uning ismi va familiyasini pasportidagidan boshqacha yozibmiz va bunga haqqimiz yo‘q ekan.
Men unga ism va familiyasini o‘zbek tili qoidalariga asosan to‘g‘rilaganimizni, uning asl ismi Qodir Jumayev ekanini tushuntirishga harakat qildim. Iloji bo‘lsa, shu tobda pasport beradigan idoraga borib, hujjatdagi bu yozuvlarni o‘zgartirishi lozimligini ham aytdim. U esa murosa qilmoqchi emasdi. Maqolasini pasportdagi ism va familiya bilan qaytadan chiqarishimizni talab qilardi.
O‘sha paytlarda ayrim idoralar o‘z xodimlaridan gazetada maqolalar e’lon qilishni talab etar va har oyda bu haqda hisobot olardi. Muallifimiz mazkur maqolasini hisobotga kiritgan ekan, ishxonasining rahbari “Bu boshqa odamning maqolasi” deb qabul qilmabdi.
Ko‘p tortishuvlardan so‘ng u pasportidagi ismi va familiyasini o‘zgartirish haqidagi taklifimni o‘ylab ko‘rishini va yana telefon qilishini aytib, go‘shakni qo‘ydi. Ertasi kuni haqiqatan qo‘ng‘iroq qildi. Bu safar u ism-familiyasi yoki maqolani qaytadan bosish haqida tortishmadi. Kechasi bilan uzoq o‘ylab ko‘rgani, lekin baribir familiyasi va ismini o‘zgartirmaslikka qaror qilganini aytdi.
— O‘ylab ko‘rsam, familiyam va ismimni o‘zgartirish uchun juda ko‘p ovora bo‘larkanman, — dedi u. — Avvalo, pasportni o‘zgartirishning o‘zi oson kechmaydi, necha kun sarson-sargardon bo‘laman. Pasport o‘zgargandan so‘ng esa boshqa hamma hujjatlarni qaytadan olishim kerak. Universitet diplomi, farzandlarimning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va pasportlari, nikoh guvohnomasi, nomimdagi uy-joy hamda boshqa mulklarimning hujjatlarini o‘zgartirishim shart. Buning uchun qancha vaqt, pul va asab ketishini bir hisoblab ko‘ring-a. Shuning uchun menga “Kadir Djumayev” bo‘lib yurish yaxshiroq. Ism-familiya menga non yoki osh berarmidi? O‘rischa bo‘lsa, o‘rischada...
Shundan so‘ng u meni boshqa bezovta qilmadi.
Uning gapida ham jon bor edi. Rostdan ham, bundan 15-20 yillar burun biror idoraga kirib hujjat olishning o‘zi bo‘lmasdi. Buning ustiga, “ismim va familiyamni o‘zgartirmoqchiman” desangiz, sizga shubha bilan qarashlari tayin edi. Bundan tashqari, muallif aytganidek, bitta pasportdagi ism va familiya o‘zgarishi bilan ko‘plab muammolar boshlanardi. O‘sha pasportdagi ism-familiya asosida olingan hujjatlarning hammasini qaytadan to‘g‘rilash kerak edi. Bu esa oson ish emas. Ham vaqting, ham naqding ketadi. Idoralar eshigi oldida kunlab, oylab sarson-sargardon bo‘lasan. Ishing bitguncha qancha odamga akajon, opajon deb yolvorasan.
Shuning uchun ham undan ko‘ra “Kadir Djumayev” bo‘lib yurish yaxshi edi. Chunki sendan birov nega ism-familiyang bunday deb so‘ramasdi, bu bilan tilimiz qoidalarini buzyapsan demasdi.
Xo‘sh, bunday xatolarni qachon tuzatamiz? Qachon odamlarning ismi, ota ismi va familiyasini to‘g‘ri yozadigan hamda aytadigan bo‘lamiz? Nazarimda, buning uchun mamlakatimizda hamma bajarishi shart bo‘lgan majburiy hujjat qabul qilinishi kerak. Balki Davlat tili to‘g‘risidagi qonunimizga bitta modda qo‘shish lozimdir. Unda barcha ism, ota ismi va familiyalar o‘zbek tili qoidalari asosida to‘g‘ri yozilishi, shu asosda qolgan hujjatlar ham to‘g‘rilanishi shart va majburiyligi qat’iy belgilanishi zarur. Hatto bu hujjatlarni to‘g‘rilashning aniq muddatlarini ham belgilab qo‘yish kerak. Aks holda, bu jarayon yana uzoq davom etadi. Shu orqali ham ism-familiyalarni to‘g‘rilagan, ham tilimizni xatolardan tozalagan bo‘lamiz. Bugun buning uchun idorama-idora chopish, sarson bo‘lishning hojati yo‘q, kompyuter va raqamli texnologiyalar davrida yashayapmiz. Uydan chiqmay turib barcha hujjatlarni tuzatish imkoni bor, faqat o‘zimizda istak, intilish va harakat bo‘lsa kifoya.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi takomillashtirilyapti. Bu esa asta-sekin barcha hujjatlar aynan shu alifbo asosida almashtiriladi degani. Demak, mana shu almashtirish jarayonining o‘zidayoq noto‘g‘ri yozilgan ism va familiyalarni osongina to‘g‘rilab ketish mumkin.
Xorijiy nomlar zamonaviylik belgisi emas
Ziyolilarimiz o‘zbek tili qoidalariga zid ravishda ko‘plab xatolar bilan yozilgan ism va familiyalarni o‘zgartirish orqali tilimiz tozaligini ta’minlash zarurligi haqida ancha yillardan buyon kuyinchaklik bilan gapirib keladi. Lekin hayotda buning natijasini ko‘ryapmizmi? Kunlar, yillar o‘tgan sayin tilimizni kamsitish bo‘yicha yangidan yangi muammolar paydo bo‘layotgandek. Eng achinarlisi, bunday muammolarni o‘zimiz yaratyapmiz.
Toshkentda ikkita 50 qavatdan baland osmono‘par bino qad rostlagan. Biri “Nest One”, ikkinchisi “Piramit Tower”. Birinchisining ma’nosi “bir uya, bir maskan, bir makon” degani. Ikkinchisining ma’nosi esa “Piramida minorasi” yoki “Piramida burji”ni anglatadi.
Poytaxtimiz markazidagi Beshyog‘och mavzesida ajoyib dam olish maskani joylashgan. U “Magic city” deb nomlangan. Ma’nosi — sehrli shaharcha. Undan uncha uzoq bo‘lmagan masofada odamlar hordiq chiqaradigan yana bir joy mavjud. Uning nomi “Seoul Mun”. Chilonzor tumanidagi bolalarimizning eng sevimli dam olish bog‘ining nomi ham juda antiqa — G‘afur G‘ulom nomidagi “Dream park”.
Nega “Nest One”, “Piramit Tower”, “Magic city”, “Seoul Mun”, “Dream park”? Axir Toshkent poytaxt shahar. Davlat tili — o‘zbek tili. Qancha o‘ylasam ham shu savollarga javob topa olmadim. “Seoul Mun” degani “Seul darvozasi” ma’nosini anglatar ekan va mazkur dam olish maskanini janubiy koreyalik do‘stlarimiz quribdi. Shu bois, uning bunday nomlanishini tushunish mumkindir. Lekin qolganlarining yuqoridagicha nomlanishiga qanday asos bor? Nahotki, Toshkent markazidagi eng baland ikki binoni nomlash uchun o‘zbekcha nomlar topilmagan bo‘lsa? “Piramit Tower”ni to‘g‘ridan to‘g‘ri “Piramida minorasi” yoki “Piramida burji” desak, birov bizga urishadimi? “Magic city”ni “Sehrli shaharcha” desak, juda chiroyli jaranglaydi-ku, shunday emasmi? G‘afur G‘ulom nomidagi “Dream park” juda antiqa ekanini yuqorida aytdim. Nega uni “G‘afur G‘ulom nomidagi orzular bog‘i” demadik?
Keyingi yillarda mamlakatimiz shaharlaridagi ko‘chalar, binolar, turar joy majmualari, savdo markazlari, istirohat bog‘lari va boshqa obyektlarni xorijiy ifodalarda nomlash o‘ziga xos “kimo‘zar” musobaqasiga aylanib ketdi. Poytaxtimiz ko‘chalarini aylanib ko‘ring, deyarli o‘zbekcha yozuv uchratmaysiz. Qishloqlarimizda ham bu salbiy holat an’anaga aylanib borayotgani achinarli. Nazarimda, mazkur masalaga jiddiyroq yondashadigan vaqt yetdi. Zero, bu shunchaki nom tanlash emas, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va o‘zligimizni asrash masalasi hisoblanadi.
Yana bir narsani hech qachon unutmaslik lozim: xorijiy nom har doim ham taraqqiyot belgisi emas. “City”, “Park”, “Tower”, “Residence”, “Mall” kabi so‘zlarni qo‘shish bino yoki obyektni zamonaviyroq qilib qo‘ymaydi. Inshootning sifati, qulayligi va me’moriy qiyofasigina uning asl qadrini belgilaydi, nomi esa...
Milliy nomlarimiz ham zamonaviy va jozibali bo‘lishi lozim. Istirohat bog‘larimizni, turar joy majmualarimizni, ko‘cha va xiyobonlarimizni, savdo markazlarimizni chiroyli o‘zbekona nomlar bilan atasak, nima yo‘qotamiz? Bu orqali yurtimizning obodligini va tilimizning go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilamiz, xolos.
Xorijlik investorlar uchun ham milliy nomlardan foydalanishga yo‘l ochish mumkin. O‘zbekistonda xorijiy kompaniya ishlayotgan bo‘lsa, uning xalqaro brendini saqlab qolish lozim, albatta. Ammo mahalliy obyektning rasmiy nomi o‘zbekcha bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaslik kerak. Zarur hollarda uning boshqa tildagi nomini ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yish mumkin.
Nom tanlashda jamoatchilik fikri, albatta, inobatga olinishi lozim. Katta obyektlarga nom berishda tilshunoslar, tarixchilar, me’morlar va keng jamoatchilik ishtirok etsa, tasodifiy yoki faqat reklama maqsadidagina tanlangan nomlar kamayadi.
Tilning mavqei faqat qonun bilan emas, hayotda qanchalik qo‘llanilishi bilan ham belgilanadi. Agar bola har kuni ko‘chada, bog‘da, savdo markazi va baland binolarda o‘zbekcha nomlarni, so‘zlarni, reklama hamda e’lonlarni ko‘rib o‘ssa, u o‘z tilini tabiiy ravishda qadrlay boshlaydi. Bu yerda eng muhim jihat xorijiy nom yoki tilni rad etish emas, balki o‘z ona tilimizni ikkinchi darajaga tushirib qo‘ymaslikdir.
Menimcha, yurtimizda yangi qurilayotgan yirik jamoat obyektlariga nom berishda o‘zbek tilidagi nomlarning ustuvor bo‘lishi shart qilib belgilanishi kerak. Bu milliy g‘ururimizni ham, shahar va qishloqlarimizning o‘ziga xos me’moriy qiyofasini ham yanada mustahkamlaydi.
Maqolamizni Prezidentimizning quyidagi fikrlari bilan yakunlasak. Unda bugun tilimizga nisbatan e’tibor qanday bo‘lishi kerakligi ifodasini topgan va bu boradagi vazifalarimiz aniq belgilab berilgan:
“Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimizning ajralmas qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatni, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatimizda namoyon etishimiz kerak”.
Bekqul EGAMQULOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist