Buxoro davlat universitetida ham yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ana shu yondashuv asosida tashkil etilib, talabalarning taʼlim olishi bilan bir qatorda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, sport bilan muntazam shugʻullanishi, ijtimoiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va muammolarini manzilli hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar tizimli muvofiqlashtirilgan.
Universitetimizda 2026/2027 oʻquv yilida kunduzgi taʼlim shaklida 10 ming 194 talaba tahsil olmoqda. Ular uchun zarur ijtimoiy va maishiy infratuzilmani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilgan. Taʼlim jarayonini tashkil etish uchun 6 ta oʻquv binosi mavjud boʻlib, ularning umumiy quvvati 7360 oʻrinni tashkil etadi. 7 ta talabalar turar joyi, jumladan, 1 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar turar joyi faoliyat yuritmoqda. Ularda 2765 ta oʻrin mavjud.
Shuningdek, 6 ta sport zali va 22 ta sport maydonchasi, 8 ta axborot-resurs markazi hamda 870 oʻrinli 7 ta ovqatlanish maskani talabalarga xizmat koʻrsatmoqda.
Umuman olganda, universitetimizda talabalarning nafaqat auditoriyada, balki auditoriyadan tashqarida ham qobiliyatini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasiga tizimli yondashilmoqda. Buning uchun talabalarning qiziqishi va isteʼdodini rivojlantirish uchun 135 ta toʻgarak va seksiya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularga 7435 talaba jalb etilgan. 2025/2026 oʻquv yili davomida turli tanlov, musobaqa va festivallardan iborat 325 ta tadbir tashkil etilib, ularda 3274 talaba ishtirok etdi. Oʻqish davrida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan talabalar soni 321 nafarni tashkil etmoqda.
Eng muhimi, yoshlarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlash faqat universitet miqyosidagi tadbirlar bilan cheklanib qolmayapti. Talabalar xalqaro va respublika miqyosidagi tanlov, musobaqa va festivallarda ham faol qatnashib, jumladan, 627 nafari sovrinli oʻrinlarni egallagan. Bu raqamlar ortida isteʼdodini namoyon etayotgan, oʻz ustida ishlayotgan va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga intilayotgan minglab yoshlarning izlanishi mujassam.
Universitetimizda yoshlar bilan ishlash tizimida tadbirlarning mazmuni va amaliy natijadorligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2026-yil davomida universitet tashabbusi bilan 8500 dan ziyod tadbir tashkil etildi. Ular jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, OIV/OITS va giyohvandlikka qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish, terrorizm va ekstremizmga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, vatanparvarlik, madaniyat, maʼrifat, sport va sogʻlom turmush tarzini targʻib etish kabi koʻplab yoʻnalishlarni qamrab oldi. Besh muhim tashabbus doirasida esa 521 tadbir oʻtkazilib, yoshlarning madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik hamda bandlik yoʻnalishlaridagi faolligi oshirildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda sportning oʻrni beqiyos. Buxoro davlat universitetida 2026-yil 12-sentyabrga qadar 120 dan ortiq sport tadbiri oʻtkazilib, haftasiga oʻrtacha 7-8 ta sport tadbirini tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Talabalar ligasida universitetning yigitlar jamoasi 2024, 2025 va 2026-yillarda ketma-ket uchinchi marta chempionlikni qoʻlga kiritdi. Qizlar jamoasi esa ikkinchi oʻrinni egalladi. Talabalarimizning xalqaro maydondagi ishtiroki ham eʼtiborga loyiq. Jumladan, voleybol boʻyicha talabalarimiz xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.
Yoshlarning sportga qiziqishini yanada oshirish maqsadida chorshanba kuni “Sport kuni”, payshanba kuni esa “Yoshlar kuni” sifatida yoʻlga qoʻyildi. “Ziyorat velomarafoni”, “Rektor kubogi” kabi loyihalar yoshlarni sogʻlom turmush tarziga keng jalb etmoqda.
“Yangi Oʻzbekiston talabalari olimpiadasi” respublika finalida Buxoro davlat universitetining 77 talabasi ishtirok etgani ham universitetda sport zaxirasini shakllantirishga berilayotgan eʼtibor natijasidir.
Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish Buxoro davlat universitetida yoshlar ishlarining ustuvor yoʻnalishlaridan. Talabalar respublika va xalqaro miqyosdagi turli tanlovlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda. “Maʼrifat maydoni” tanlovining final bosqichida universitetning “Irfon” jamoasi uchinchi oʻrinni egallab, 20 million soʻmlik mukofot bilan taqdirlandi.
“Yoshlar — giyohvandlikka qarshimiz!” tanlovida “Umid” jamoasi uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, 100 million soʻmlik mukofotga sazovor boʻldi. Shuningdek, “Amir Temur vorislari” tanlovida uchinchi, “Toʻmaris izdoshlari” tanlovida esa ikkinchi oʻringa munosib koʻrildi. Bunday natijalar yoshlarning bilimi va isteʼdodini namoyon etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan birga ularning oʻz ustida ishlashga intilishi tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Yoshlar bilan ishlashda ularning ijtimoiy muammolarini oʻrganish va manzilli hal etish alohida ahamiyat kasb etadi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi tegishli qaroriga asosan fevral-iyun oylarida 165 talabaga 40 million 750 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratildi. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan 40 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy va profilaktik tadbir tashkil etildi. Yoshlarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va muammolarini oʻrganish uchun maxsus telegram-bot ishga tushirildi. Bunday yondashuvdan asosiy maqsad talabalarning oʻz muammosi bilan yolgʻiz qolib ketmasligini taʼminlashdir.
Yozgi taʼtil davrida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi ishlar ham izchil davom ettirildi. Jumladan, yoshlarni sport, madaniyat, ijodkorlik va jamoatchilik tadbirlariga keng jalb etish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur tashabbuslar universitetda yoʻlga qoʻyilgan “Yoshlar kuni”, “Sport kuni”, velomarafonlar, sport musobaqalari va maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar bilan uygʻunlashtirildi. Bu esa yozgi taʼtil davrini yoshlar uchun shunchaki dam olish emas, balki yangi bilim, koʻnikma va tajriba orttirish davriga aylantirishga xizmat qildi.
Bugun yoshlar bilan ishlash samaradorligini faqat oʻtkazilgan tadbirlar soni bilan baholash yetarli emas. Asosiy mezon tadbir va loyihaning talabalar hayotidagi amaliy natijasi, xususan, dunyoqarash, bilim, kasbiy rivojlanish, sogʻliq va ijtimoiy faollikka koʻrsatgan taʼsiridir. Shu nuqtayi nazardan, Buxoro davlat universitetining yoshlar bilan ishlash tizimida tadbirlarni mazmunan boyitish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, talabalar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, kafedralar faoliyatini ragʻbatlantirish, raqamli imkoniyatlardan foydalanish va yoshlarning individual ehtiyojlariga eʼtibor qaratish kabi yoʻnalishlarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Kelgusida “Kitobxon talaba”, “Mening tashabbusim”, “Halollik haftaligi”, “Huquq bilimdonlari”, “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari”, “Chempionlar maktabi” kabi loyihalarni kengaytirish, sport zaxirasini mustahkamlash, talaba qizlarning ilm-fan, innovatsiya va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini oshirish koʻzda tutilgan. Chunki bugun universitet auditoriyasida tahsil olayotgan yoshlar ertangi kunning olimlari, pedagoglari, muhandislari, tadbirkorlari, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etadigan mutaxassislaridir. Ularning har biriga yaratilgan imkoniyat mamlakat kelajagiga kiritilgan sarmoyadir.
Akmal NAZAROV,
Buxoro davlat universitetining
yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
boʻyicha birinchi prorektori
Hamkorlik materiali