Inson hayotida nima voqealar bo‘lmaydi deysiz. Men qatori yoshi keksalar sobiq ittifoq davrida tug‘ilgan bo‘lsak-da, ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdik. Biroq ota-onamiz hech qachon nolimaslikni, sabrning mukofoti borligini bolaligimizdan qalbimizga singdirgan. Avvalo, tinchlik, omonlik bo‘lsin deyishgan. Shuning uchun duo qilganimizda hamisha tinchlik-xotirjamlik bo‘lishini Allohdan so‘rab kelganmiz. Chunki tinchlik bo‘lmasa, ko‘ngilga hech narsa sig‘masligini katta yoshdagi odamlar juda yaxshi biladi.
Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin, bugungi kunda televizorda ko‘rib, eshitayotganimiz — baxtsizliklar, ayniqsa, suvsizlik, ocharchilik kabi sinovlar bizdan ancha uzoqda. Kechasi bilan xavotirda yotmaymiz. Darvozamiz ochiq qolib ketsa ham birov uyimizga bostirib kirmaydi va tahdid qilmaydi.
Bir paytlar yomg‘ir, qor yoqqanda loyga botadigan chang ko‘chalarimizga asfalt yotqizildi. Qishlog‘imizning chekka joylaridagi uylarga ham toza ichimlik suv kelib turibdi. Avvalgiday faqat o‘choqda choy qaynatib, ovqat pishirish paytlari allaqachon o‘tib ketdi. Yashashimiz yildan yilga yaxshilanyapti. Xullas, yana takror aytamiz, tinchlik bo‘lsa, odam qancha mehnat qilsa ham charchamaydi.
Shunday daqiqalarda o‘tgan hayotimizni eslasam, yuragim uvushib ketadi. Hech yodimdan chiqmaydi: 1959-yil ekan, onam bechora tandirga olov yoqib, non yopish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganida, paxta terimi boshlangani sabab brigadir yonib turgan o‘choqqa suv sepib, o‘chirib ketgan. Arzingizga kim quloq soladi? Hech kim! Nima emish, brigadir tepaning topshirig‘ini bajarishi shart, paxta mavsumida uy-ro‘zg‘or yumushi birinchi o‘rinda turmasmish.
Yana bir narsa esimga tushib ketdi. O‘quvchiyu talabalar paxta terimi boshlanishi bilan paxtaning quliga aylanardik. Ularga qo‘shilib -o‘qituvchiyu professorlargacha paxta terimiga safarbar etilib, kunlik terim rejasi so‘ralardi. Maktab o‘quvchisi va talabalar dalaga paxta terish uchun keldimi, belgilangan rejani bajarishi, bajarmasa shtabga chaqirilib, albatta, jazosini olishi muqarrar edi. Ovqat masalasi ham o‘z hisobidan, tugunlik non va choydan iborat bo‘lgan. Yana tuman markaziga ishingiz tushsa, yo‘lda organ xodimlari avtobusdan tushirib, ikki-uch kilo bo‘lsa ham paxta terishga majburlashiga nima deysiz? Arzingizni bir aytib ko‘ring-chi, ular sizga quloq solishadimi? Yo‘q!
Sobiq ittifoq davrida kechqurun kolxoz idorasida yig‘ilish bo‘lib, paxta terayotgan brigadalarga kolxozdan bittadan vakil taqsimlanib jo‘natilardi. Agar o‘sha vakil, brigadir rejani bajarmasa, “paxtaning dushmani” nomini olib, dashnom eshitardi. Hatto ishdan olinardi. Biz, gazeta tahririyati xodimlari har shanba, yakshanba kunlari bir jamoa bo‘lib paxta terganmiz.
Nihoyat Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan majburiy mehnat singari illatlar — 100 yillik “paxta ¬qulligi” butunlay bekor bo‘ldi. -Maktab o‘quvchisi va oliy o‘quv yurti talabasi paxta maydonidan to‘liq o‘qishga qaytdi. Odamlar qalbiga yorug‘lik kirib keldi.
Shu o‘rinda yana bir bor lirik chekinish qilsak. U paytlari uylanadigan yigit, turmushga chiqadigan qizga nikohdan o‘tishiga ruxsat yo‘q edi. To‘ylar esa borib-borib, qish fasliga — yanvar, fevral oylariga to‘g‘ri kelardi. Kechasi soat 12 da to‘y boshlanardi. Kunduzi ishga xalaqit bermasligi aytilardi. Hatto nafaqa pulini ikki-uch oylab ololmagan kunlarimiz bo‘lgan. Pasport olish uchun oylab tuman markaziga qatnaganimiz hech esimdan chiqmaydi. Bugun u kunlarni ertakday eslaymiz. Inson qadri ulug‘langani shu emasmi?
Hozir ozgina intilgan odam uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mana, bozorlarimiz to‘kin. Ayniqsa, un, non serobligiga ko‘z tegmasin! Bir hovuch don uchun ne azoblarni ko‘rganimiz yodimizda. Yaratganga beadad shukr, tandirlar to‘lib non yopilyapti, milliy bayramlarimiz o‘z vaqtida bo‘lyapti, kitoblarni berkitib o‘qiydigan zamonlar o‘tib ketdi. Ro‘za tutasizmi, diniy arkonlarni bajarasizmi, hech kimning ishi yo‘q. Madrasalarda ta’lim olayotgan qori o‘g‘il-qizlarimiz zakovati ko‘zimizni quvontiradi. To‘ylarimizni aytmaysizmi, paxta terimi mavsumida ham to‘ylar to‘xtamaydi, to‘kin-sochinlikda, hatto qishloqlarda ham zamonaviy to‘yxonalarda o‘tishining o‘zi bir baxt. Bularning bariga shukr qilib yashab, bugungi islohotlarga biz, jamiyatning fidoyi insonlari “labbay” deb javob berishga tayyor turishimiz kerak. Ana shundagina odamlarning halol mehnati Vatan taraqqiyotiga kamarbasta bo‘ladi va yurt ravnaqi tezlashib boraveradi. Vatan shu yo‘sinda bunyod etiladi.
Mardiqul SIDDIQOV,
faxriy jurnalist