Ushbu bosqich doirasida loyihada ishtirok etish istagini bildirgan kompaniyalarning arizalari ko‘rib chiqildi.

«Uzbekistan Airports» maʼlumotiga ko‘ra, tenderga mahalliy va xorijiy kompaniyalardan jami 51 ta ariza kelib tushgan. Loyiha ga Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar ham qiziqish bildirgan.

Arizalar texnik, huquqiy va moliyaviy mezonlar asosida baholangan. Idoralararo tender komissiyasi qarori bilan 6 ta xalqaro kompaniya tenderning keyingi bosqichi — takliflar so‘rovi (RFP)da ishtirok etish uchun saralab olindi.

Loyiha doirasida Yangi Buxoro xalqaro aeroportini qurish hamda uni xususiy sherik ishtirokida boshqarish nazarda tutilgan. Tashabbus mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirish va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Loyiha «Uzbekistan Airports» AJ tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.