Yaponiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot so‘nggi bir asr davomida inson bosh suyagi shaklida sezilarli o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rsatdi.
Tadqiqot mualliflari fikricha, bu o‘zgarishlar genetik evolyutsiyadan ko‘ra ko‘proq yashash tarzi, ovqatlanish va tibbiyot taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotga Shiori Usui rahbarlik qilgan. U National Research Institute of Police Science olimlari bilan birgalikda XX asr boshlarida yashagan yaponlar bosh suyaklari hamda zamonaviy insonlarning posmert kompyuter tomografiyasi ma’lumotlarini taqqoslagan.
Olimlar 1900–1920 yillarda yashagan 56 nafar yapon fuqarosining bosh suyaklarini 2022–2024 yillarda vafot etgan 56 nafar insonning KT tasvirlari bilan solishtirgan. Zamonaviy namunalar Kyoto Universitý tibbiyot fakulteti muzey kollektsiyasidan olingan.
Tadqiqotda oddiy «uzunligi» yoki «kengligi»ni o‘lchash usuli qo‘llanilmagan. Mutaxassislar har bir bosh suyagining aniq 3D modelini yaratib, undagi 161 ta anatomik nuqtani tahlil qilgan. Geometrik morfometriya deb ataladigan usul orqali peshona, yuz qismi, jag‘, burun va boshning umumiy shaklidagi o‘zgarishlar aniqlangan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, zamonaviy yaponlarda bosh suyagi avvalgilarga nisbatan yumaloqroq shaklga ega bo‘lib qolgan. Ilgari avlodlarda bosh suyagi olddan orqaga cho‘zilgan va yon tomondan nisbatan tor bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu xususiyat ancha kamaygan.
Shuningdek, yonoq suyaklari ingichkaroq, yuqori jag‘ kengroq, burun suyagi kattaroq va oldinga chiqqan, peshona qisman botiqroq, quloq ortidagi suyak chiqindilari yirikroq bo‘lgani kuzatilgan.
Olimlar bu o‘zgarishlarni tezkor evolyutsiya bilan emas, balki muhit va turmush tarzi bilan izohlamoqda. Xususan, bolalar ovqatlanishining yaxshilanishi, sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishi va yumshoqroq ovqatlarning ko‘proq iste’mol qilinishi jag‘ va yuz suyaklari shakliga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotda yana bir qiziq jihat aniqlangan. Zamonaviy erkak va ayollar bosh suyagi o‘rtasidagi farqlar XX asr boshiga nisbatan kuchaygan. Erkaklarda qosh usti suyaklari, quloq orti qismi va yuz qismi yanada yirikroq ekani qayd etilgan.
Mualliflar dastlab aksincha natija kutishgan. Ular zamonaviy hayot tarzi erkak va ayollar o‘rtasidagi anatomik farqlarni kamaytirgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan. Biroq tahlil jinsiy dimorfizm, ya’ni ikki jins o‘rtasidagi tashqi farqlar kuchayganini ko‘rsatgan.
Olimlar bu jarayon faqat Yaponiya bilan cheklanmasligi mumkinligini ham ta’kidlamoqda. Ammo boshqa mamlakatlarda holat turlicha bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Chunki aholining genetik tarixi, ovqatlanish madaniyati va tibbiy sharoiti har xil.
Shu bilan birga, tadqiqot natijalarini ehtiyotkorlik bilan baholash lozimligi aytilmoqda. Chunki tahlil atigi 112 nafar inson ma’lumotlariga asoslangan va faqat yaponlar o‘rganilgan. Shu sababli xulosalarni butun insoniyatga tatbiq qilish ilmiy jihatdan to‘liq asosli emas.