Ammo raqamlar shundan dalolat bermoqdaki, ayrim tovarlar segmentida Oʻzbekiston bozori hali ham importga jiddiy bogʻliq holatda qolmoqda.
Bu holat nimadan dalolat beradi? Imkoniyatlar qayerda? Muammo nimada? Shu
kabi savollarga javob topish maqsadida biz Raqobat qoʻmitasi huzuridagi Raqobat
siyosati va isteʼmolchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Olimjon Jumayev bilan
suhbatlashdik.
Avvalo, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi boʻyicha
umumiy holat qanday?
— Olib borilgan tahlillarga koʻra, ayrim tovar bozorlarida mahalliy
mahsulotlar bilan toʻyinganlik darajasi ancha past. Masalan, oʻrta zichlikka
ega boʻlgan yogʻoch-tolali plitalar (MDF) segmentida bu koʻrsatkich atigi 8,1
foizni tashkil etmoqda.
MDF mahsulotlari boʻyicha raqamlar nimani koʻrsatyapti?
— Hozirda respublikada 18 ta korxona tomonidan 46,7 ming m³ mahsulot
ishlab chiqarilgan. Biroq import hajmi 62,3 mln m²ni tashkil qilmoqda. Eksport
esa 973 ming m². Bu raqamlar ichki talab asosan import hisobiga
qoplanayotganini koʻrsatadi.
Sport poyabzallari bozorida vaziyat qanday?
— Bu segmentda ham shunga oʻxshash holat kuzatilmoqda. Respublikada atigi
4 ta korxona tomonidan 125 ming juft mahsulot ishlab chiqarilgan. Biroq import
hajmi 1,1 mln juftni tashkil etmoqda. Mahalliy mahsulotlar ulushi esa
bor-yoʻgʻi 10,2 foiz.
Poyabzal kremi kabi oddiy mahsulotlarda ham import ustunmi?
— Ha, hatto bunday oddiy mahsulotlarda ham import ulushi yuqori. Mahalliy
ishlab chiqarish 83 tonna, import esa 664 tonnani tashkil qilgan. Bu yerda
mahalliy mahsulotlar bilan toʻyinganlik darajasi 11,1 foiz atrofida.
Qaysi mahsulotlarda mahalliy ishlab chiqarish umuman mavjud
emas?
— Elektroustaralar va zajigalkalar bozorida mahalliy ishlab chiqarish
mavjud emas. Masalan, elektroustaralar importi 21,7 ming dona, zajigalkalar esa
29,2 ming donani tashkil etgan. Bu segmentlarda mahalliy mahsulotlar ulushi 0
foiz.
Bu holatni qanday baholash mumkin? Muammo yoki imkoniyat?
— Buni ikki tomonlama baholash mumkin. Bir tomondan, bu — ichki ishlab
chiqarishning yetarli darajada rivojlanmaganini koʻrsatadi. Ikkinchi tomondan esa,
bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyat degani. Chunki bozorda boʻsh nishalar
mavjud.
Tadbirkorlar uchun qanday imkoniyatlar ochilyapti?
— Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, yuqoridagi mahsulotlar boʻyicha
yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun barcha
shart-sharoitlar mavjud. Raqobat qoʻmitasi bu kabi tahlillarni eʼlon qilib
borish orqali tadbirkorlarga yoʻnalish koʻrsatmoqda.
Qoʻshimcha tahlillar buyurtma qilish imkoniyati ham bormi?
— Albatta. Agar tadbirkorlar muayyan mahsulot turi boʻyicha qoʻshimcha
tahlil oʻtkazishni istasa, Raqobat qoʻmitasiga murojaat qilishlari mumkin. Biz
ochiq va shaffof maʼlumot berish tarafdorimiz.
Yuqoridagi raqamlar oddiy statistika emas — bu bozordagi real holatni
koʻrsatuvchi oyna. Mahalliy ishlab chiqarishning past ulushi esa bir vaqtning
oʻzida ham muammo, ham imkoniyat ekanini anglatadi. Endilikda asosiy savol — bu
imkoniyatdan kim foydalanadi? Ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan
toʻldirish — faqat iqtisodiy masala emas, balki strategik mustaqillik masalasi
hamdir.
Suhbatlashdi:
Zulxumor Akbarova
Dilnura Abu Bakirova