Oʻsha tarixiy tashrif Oʻzbekistondagi yangilanishlar davrining debochasi boʻldi. Islohotlarga nafaqat davlat rahbari, balki shu elning asl fidoyi farzandi sifatida qoʻl urilganini oʻshanda koʻpchilik anglab ulgurmagandir. Tan olaylik, yangi davr islohotlariga bir oz shubha bilan qaraganlar topilardi oʻsha paytlarda. Niyat qancha xolis, samimiy boʻlsa, natija shunchalik yuksak boʻlishiga oʻtgan qisqa davrda guvoh boʻlib kelyapmiz.

Prezidentimiz, “Koʻrib turibsizlar, qoraqalpoq zaminida yashab, ishlayotgan odamlarning ertasi bugunidan yaxshi boʻlishi uchun katta marralarni olganmiz”, degan edi. Bugun ana shu baland olingan marralar birma-bir zabt etilmoqda. Shu bois, hech oʻylanmay aytamizki, yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni bor boʻy-basti bilan his etish uchun Qoraqalpogʻistonga safar qiling! Nukusdan toki Orolning qurigan tubigacha boʻlgan bepoyon kenglikni kezib, insonlar bilan suhbatlashib, ertangi kun rejalari bilan tanishing!

Maqola avvalidanoq bunday deyishimizning asoslari bor, albatta. Odatda tahlilchilar ayni kundagi islohotlarga vaqt oʻtib haqiqiy bahoni berish mumkin deydi. Bu toʻgʻri fikr, ammo har qanday haqiqatda ham nisbiylik bor. Demoqchimizki, hozirgi yangilanishlar shiddatini ayni damning oʻzida his etish, shunga qarab samaradorligini taxmin qilsa boʻladi. Buning yagona yoʻli insonlar qalbiga quloq tutishdir. Zero, insonlarning kelajak rejasiga qarab, bugungi kun uchun haqiqiy baho berish mumkin. Ushbu fikrni Orolboʻyi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti misolida tahlil etishga urinib koʻrsak.

Oʻzgarishlar davri

Oʻn yil avval Nukusga borgan kishi talabga javob beradigan mehmonxona topishga ham qiynalardi. Xizmatlar, sharoitdan unchalik ham koʻngil toʻlmasdi. Negaki, bunga ehtiyoj yoʻq edi. Orolboʻyiga mehmonga borish tugul, tub aholi, ayniqsa, yoshlar yanada qulay va ekologik inqirozdan uzoqroq shaharlarga koʻchib ketish xayolida yashardi. Ana shunday bir fursatda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan yangilanishlar nafasi kirib keldi.

Qaqroq yerga suv kelishini hech kuzatganmisiz? Bunday vaqtda suvning tezligi, hajmidan qatʼi nazar, yerdan oʻziga xos ovoz chiqadi. Goʻyo yer tahsin aytib, chapak chalayotgandek boʻladi. Dastlab, suvning katta qismi yerga singadi. Oʻsha joy toʻyinmaguncha, keyingi manzillarga yetarlicha obihayot bormaydi. Xuddi shuningdek, yillar davomida yigʻilib qolgan masalalarni hal etish, qariyb 40 million nufusga ega xalqni rozi qilib, bir maqsad atrofida birlashtirish esa aytishgagina oson!

Yangi Oʻzbekistonda oʻn yil ichida ana shunday katta tarixiy haqiqat yaratildi. Orolning qurigan tubidagi yashil qoplamalar ekologik inqiroz uchun hayotiy yechim berdi. Shuning oʻziyoq katta tarix yozishga arziydigan voqelikdir. Yangilanishlar izchilligi esa huquqiy asoslar bilan mustahkamlanib borildi.

Mamlakatimiz yetakchisining Orolboʻyiga nisbatan alohida eʼtibori sabab 2017-yildan buyon faqat Qoraqalpogʻiston uchun 80 dan ziyod farmon va qaror qabul qilindi. Ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Natijada mazkur tarixiy hujjatlar asosida Orolboʻyi aholisi, jumladan, yoshlar uchun mutlaqo yangi va zamonaviy muhit yaratildi. Tadbirkorlik uchun hayotbaxsh imtiyozlar berilib, qulay ishbilarmonlik muhiti paydo boʻldi.

Hududning barcha imkoniyatlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Hatto bir paytlar noqulaylik, muammo deb qaralgan jihatlar ham imkoniyatga aylantirildi. Oʻrni kelganda aytish kerak, bunday yechimlar uzoq yillar davomida mana shu xalq ichida yashab, uning dardini yurakdan oʻtkazib, doim chora-tadbirlar izlab yashash samarasidir.

Oddiy misol, choʻl hududlarda ham oʻziga xos turizm maskanlari yaratildi. Birgina etno-ovullarni aytmaysizmi. Qarang, Orolning qurigan tubida tunab qolish mumkin ekan, qumda kuchli yoʻltanlamas mashinalarda safari va ekstremal sayohatlar shu paytgacha xayolimizning bir chekkasidan ham oʻtgan emasdi.

Qoraqalpogʻistonda soʻnggi 2 yil ichida sayyohlar uchun 10 dan ortiq dam olish maskani tashkil etildi. Xususan, Moʻynoq tumanida hozirgi Orol dengizi boʻyida 1 million dollarlik turistlar dam olish maskani tashkil etilgan. Bu xususida quyida yana toʻxtalamiz.

Safarimiz davomida Moʻynoq tumaniga ham bordik. Ikki yoni keng dasht boʻlgan ravon yoʻldan borar ekanmiz, koʻngil tubidan bir savol qalqiydi, shuncha olis manzilda ham moʻynoqliklar sabr-toqat bilan yashayapti-ya?!

Lekin Moʻynoqqa yetib, koʻzlagan manzilimizga yaqinlashar ekanmiz, bunday ishtiboh oʻrnini hayrat, havas va hayajon egallab boradi. “Biz sakkiz-toʻqqiz yil avval koʻrgan Moʻynoq shumi?” deymiz beixtiyor. Bizni qarshi olgan mezbonlar salom berib, qoʻl uzatishga ulgurmay, dildagi hayajon va hayratimizni yuz-koʻzimizdan uqib oladi. Boyagi savolimizga javob berganday:

— Adashmadingiz, Moʻynoqni toʻgʻri topib keldingiz! — deydi Moʻynoq tumani hokimi oʻrinbosari Murod Jumaboyev. — Biz mehmonlarning hayratiga oʻrganib ketganmiz. Boshqalar ham “Shu yer rostdan ham Moʻynoqmi?” deb soʻraydi.

Bu gaplarni Murod Jumaboyevning yonida turgan oqsoqol tasdiqlab bosh chayqaydi. Soʻng oʻzini Kaldiboy Kalxorozov deb tanishtirgan nuroniy tumandagi oʻzgarishlar haqida soʻzlaydi.

— Murodboy toʻgʻri aytdi, — deydi oqsoqol vazminlik bilan. — Uzoq yillar maktabda muallim boʻlganman. Oʻqituvchi degani bolaning koʻziga qarab, nima demoqchi boʻlganini biladigan boʻlib ketar ekan. Oʻsha zamonlarda bolalarning nigohida horgʻinlik koʻrinardi. Moʻynoqdan uzoqqa ketsam-da, shu tomonlarda baxtimni topsam degan fikrni uqardim. Yoshlarning bunday kayfiyati kishini muztar qiladi. Shunday vaqtda ertaga nima boʻlar ekan degan savol yurakni oʻrtaydi-da! Hozir yoshlarga qarab koʻnglim yorishadi. Ular oʻqib, oʻrgansam, shu yerda katta-katta ishlar qilsam deb yashayapti-da! Prezidentimizga ming rahmat, Moʻynoqqa hayotni qaytardi. Har kuni choʻntagi pulga toʻlgan mehmonlar sayohatga keladi. Birovi Yevropadanman desa, boshqasi Amerikadan gapiradi.

Ha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olis hududga tashrif buyurib, yangilanishlarni boshlab bergach, Moʻynoqqa butun dunyodan mehmonlar keladigan boʻldi. Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi ham tubdan oʻzgardi. Bir tomonda yangi kutubxona. Sal narida zamonaviy sport maydoni, madaniyat uyi, musiqa maktabi, fayzli bozoru rastalari toʻlib-toshgan doʻkonlar... hamma-hammasi obodlik, el farovonligidan dalolat beradi.

Safarimiz chogʻida Orolning qurigan tubiga ham borib, Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan yashil qoplamaning natijalariga bevosita guvoh boʻldik. Bu xususida avvalgi maqolamizda ham batafsil toʻxtalgan edik. Oʻshanda Moʻynoq tumani markaziga qaytar ekanmiz, roʻparamizdan oʻnlab yoʻltanlamas mashinalar chiqdi. Qiziqish sabab hamrohlarimizdan biron rasmiy tadbirmi yoki ilmiy oʻrganish bormi deya soʻradik. Bilsak, ularning barchasida xorijlik mehmonlar, Orol boʻyida dam olish uchun ketayotgan ekan. Mana bu amaliy ishning haqiqiy natijasi deyiladi!

Yana bir misol, Ellikqalʼadagi Aqchakoʻl boʻyida qiymati 2,5 million dollarlik turizm rekreatsion zonasi hamda Nukus shahrida Ashshikoʻl boʻyida qiymati 500 ming dollarlik turizm etno-ovuli tashkil etilibdi.

Ayni oʻrinda yana bir fakt. Nukus shahrida “Qoraqalpoq palas” jamiyati tomonidan bahosi 10 million dollarlik yangi mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirilibdi. Eʼtiborlisi, ushbu mehmonxona yurtimiz tarixida ilk bor Amerikaning nufuzli mehmonxona tarmoqlaridan biri boʻlgan “Ramada bay Uindhem” brendi ostida ish boshlagan. Ha, bugun ana shunday yirik, rivojlangan davlatlardan investorlar Qoraqalpogʻistonga kelmoqda.

Prezidentimizning sarmoyadorlarga keng imkoniyatlar berib, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlayotgani, Oʻzbekistonning dunyoga ochilgani natijasi bu!

Biz oʻtirgan samolyot Nukusdan Toshkentga qarab havoga koʻtarilayotganida shu kabi oʻylar qurshovida edim. Beixtiyor samolyotning shuncha yuk bilan havoga koʻtarilishi haqida oʻyladim. Buning bir qancha fizik jihatlari bor. Eng muhimi, kerakli darajada aerodinamik kuchni vujudga keltirish. Uni bir jihat bilan ifodalab boʻlmaydi. Havo qarshiligi, motor quvvati, tezlik, oʻz vaqtida shturvalni tortish — barcha-barchasi havoga xavfsiz ­koʻtarilishni taʼminlaydi. Mamlakatning yuksalishi ham xuddi shunday ziyraklik, oʻz vaqtida toʻgʻri qaror qabul qilish, ayrim ­masalalarni siyosiy iroda bilan yengib oʻta olishga bogʻliq. Buni esa faqat kuchli liderlargina uddalaydi va xalq ishonchini qozonadi.

Iqtisodiy barqarorlik va tafakkurdagi evrilishlar

Yuqorida bugungi kunga haqiqiy baho berish uchun jamiyat orzusini bilish kerak degan edik. Hozir qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqib-oʻrganish, fan va texnologiyalarda xalqaro yutuqlarni qoʻlga kiritish, tadbirkorlik qilish, kasb-hunarli boʻlib, oilasi koriga yarash kabi orzular bilan yashayapti. Bular shunchaki orzu emas, kecha boshlangan yangilanishlarning bugungi samarasi, ertangi kunga boʻlgan qatʼiy ishonchning belgisidir. Ayni paytda jamiyatning kundalik tashvishlari kamayib, uzoq yillik rejalar asosida yashay boshlaganidan dalolat. Bunga sabab boʻlgan islohotlarning ayrimlari xususida aniq fakt va raqamlar orqali toʻxtalib oʻtsak.

Qoraqalpogʻistonning yalpi hududiy mahsuloti 2017-yilda 13 trillion 500 milliard soʻmni tashkil etardi. Oʻtgan davr mobaynida bu koʻrsatkich 4 barobar oʻsdi. Yaʼni joriy yil boshida 54 trillion soʻm yoki 4 milliard 500 million dollardan oshdi. Bunday katta sakrash, ayniqsa, Orolboʻyi kabi ekologik inqirozga yuz tutgan hudud uchun oson emas.

Mamlakatimiz yetakchisining tun-kun tinimsiz mehnati, izlanishi, Orolboʻyi aholisiga alohida eʼtibori sabab mana shu natijalarga erishildi. Qoraqalpogʻistondagi tadbirkorlarga alohida imkoniyatlar yaratildi. Ishlab chiqarish salohiyati oshirildi. Hatto Moʻynoq, Qonlikoʻl kabi olis hududlarda infratuzilma tubdan yaxshilandi. Xususan, tadbirkorlar uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi stavkalari 2 karra kamaytirildi. Ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. Natijada 2023-2025-yillarda 17 mingdan ortiq tadbirkor ixtiyorida 567 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ qoldi. Yana bir muhim faktor. Hududda 7 yil muddatga 14 foizli, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar berilishi yoʻlga qoʻyildi. Sanoat korxonalari uchun elektr energiyasidan 15 foizli imtiyoz berilishi natijasida 2500 dan ortiq korxonaning har oyda oʻrtacha 4-5 milliard soʻm mablagʻi tejalmoqda.

Bunday imkoniyatlar sabab ishlab chiqarish tarmoqlari kengayib, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Shu tariqa taraqqiyot halqasi hosil boʻlmoqda. Natijada aholi jon ­boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yildagi 7,5 million soʻmdan 26,5 million soʻmga yetdi.

Albatta, mutaxassis boʻlmagan yoki iqtisodni bir oz boʻlsa-da tushunmagan kishi uchun bular oddiy raqam boʻlib koʻrinadi. Ammo ozgina tahlil etsangiz, hech yoʻqsa, sunʼiy zehn imkoniyatini ishga solib, tahlil va natija soʻrasangiz, oʻsha sovuq aql ham har bir raqam ortida oʻnlab, yuzlab insonlar taqdiri, farovon hayoti turganini aytadi.

Masalan, safarimiz chogʻida yaqindagina ish boshlagan mehmonxonada qoʻnoq boʻldik. Nukusdagi xalqaro aeroportdan bir qadam naridagi bu qoʻnoq joy mehmonlar bilan gavjum. Shunga yarasha xizmat ham, xonalar sharoiti ham yuqori darajada. Muhimi, unda nukuslik aholi ishlab, oilasini halol rizq bilan boqmoqda. Ilgari Nukusda sanoqligina mehmonxona boʻlardi. Ularning ham ahvoli aytarlik darajada emasdi. Qoʻnoq joylarning koʻpligi iqtisod drayveri boʻlgan sayyohlikning kuchayganini, demak, moddiy barqarorlikni anglatadi. Raqamlarga eʼtibor bering: 2021-yilda Qoraqalpogʻistonda jami 61 ta mehmonxona boʻlgan ekan. Hozir ularning soni 2 barobarga koʻpayib, 109 taga yetgan. Muhimi, bu koʻrsatkich yil sayin oshib bormoqda. Buni ortiqcha taʼriflash shart emas, nazarimda.

Hatto olis, bir vaqtlar unutilgan hudud boʻlgan Moʻynoqda ham mehmon uylari, xostellar paydo boʻlibdi. Katta va zamonaviy kutubxona, ATga ixtisoslashgan markaz moʻynoqlik yoshlarni birlashtirgan. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirib, eng yaxshi sarmoya xalq koriga yarash degan gʻoya bilan yashamoqda. Ana shunday ishbilarmonlardan biri moʻynoqlik Amanjol Mambetovdir.

Yurt taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshayotgan tadbirkor: “Maqsadim Moʻynoq xalqi uchun yangi ish oʻrinlari yaratish”, deydi. Bu gaplarni u faqat tilda emas, amalda bajarib kelmoqda. Masalan, hozir u navbatdagi yirik loyihasini amalga oshiryapti. Moʻynoq shahri chekkasida milliy koloritga ega dam olish maskaniga asos solyapti. Bu yerda u etno-ovul quradi. Loyiha doirasida mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Moʻynoqliklar baliqchilik bilan ham mashhur boʻlgan. Tadbirkor koʻl atrofini yashil makonga aylantirib, mehmonlarga shu yerda baliq ovlash imkonini beradigan dam olish maskanini bunyod etmoqchi. Bunday misollarni yana uzoq sanash mumkin. Demoqchimizki, bugun qoraqalpogʻistonliklar imkoniyat izlash, maishiy masalalarni hal etishday mavzulardan ancha yuqorilab, el-yurtga koʻproq naf keltirish haqidagi rejalar bilan yashamoqda.

Shu oʻrinda kichik mulohaza. Mamlakat taraqqiyotga yuz tutishi uchun jamiyat oʻzgarishi kerak degan qarash bor. Kuchli liderlar esa jamiyatni ham oʻzgartira oladigan quvvat, salohiyat va tafakkurga ega boʻladi. Yangi Oʻzbekistondagi qisqa vaqtda amalga oshirilgan katta islohotlarning bitta siri shu. Yaʼni Prezidentimiz islohotlarni amalda bajarib, xalqimizga ishonch berdi. Tafakkurimizda evrilish yasadi.

Ayni oʻrinda baliqchilik xoʻjaligidagi yutuqlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Sohani rivojlantirish maqsadida “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasi tashkil etilib, koʻplab imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Qisqa vaqtda deyarli yoʻq boʻlib ketgan soha qaytadan oyoqqa turdi. Katta natijalar qayd etildi. Birgina misol, oʻtgan 2 yilda 13 ming tonnaga yaqin baliq ovlanib, xalqimiz dasturxoniga yetkazildi. Oʻtgan 2025-yilning oʻzida 31 ta yangi koʻl yaratildi. Shuningdek, 487 gektarda sunʼiy koʻllar barpo etildi. Shu asosda bozorlarimizda baliq mahsulotlari narxi barqaror boʻlishiga erishilyapti.

Yaqin-yaqingacha Qoraqalpogʻiston deganda barcha birdek suv muammosini eslardi. Chunki vaziyat, hayotiy haqiqat shunday edi. Shu bois, baliqchilik rivoji haqida gapirish, juda samimiy qilib aytganda, kulgili edi. Taʼkidlash kerak, global darajada, xususan, mintaqamizda ham qurgʻoqchilik xatari oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shunday bir vaziyatda Orolboʻyi kabi suv yetib borish qiyin hududda baliqchilikni rivojlantirish ilm, fidoyilik, faqat soʻzda emas, amalda yangilanishlarga intilishdan dalolat.

Mamlakatimiz yetakchisining doimiy izlanishlari, jumboqli masalani ham yechimga aylantira oladigan yuksak tafakkuri sabab hatto eng ogʻriqli soha boʻlgan baliqchilik ham rivojlandi.

Shu oʻrinda ilmiy asosdagi aniq reja haqida yana bir misol keltirsak. Mamlakatimizda ekin maydonlarini lazerli agregat bilan tekislashga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Buning uchun hatto imtiyoz ham taqdim etildi. Yaʼni har bir gektar maydonni lazerli tekislashga sarflangan dizel yoqilgʻisi xarajati uchun 1 million soʻmgacha davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bunday ishlovdan soʻng yer kaftday tekis boʻlib, ozgina obihayotni butun boshli ekin maydoniga yetkazish mumkin. Ayni vaqtda sugʻorish vaqti ham qisqaradi. Bularning barchasi suvni tejaydi. Iqtisod qilingan resurs yangi imkoniyatlar eshigi demak. Ariq va kanallarning betonlanishi, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani kabi koʻplab jihatlar haqida boshqa safar toʻxtalib oʻtarmiz.

Gap ijtimoiy-iqtisodiy muhit haqida ketganida, davlat idoralarining xalqqa xizmat qila boshlaganini aytish zarur. Bunda eng quyi boʻgʻin mahalla tizimining isloh etilganini alohida taʼkidlash kerak. “Mahalla yettiligi” har bir yurtdoshimizning holidan xabar olib, ularni qiynayotgan masalalarga joyida yechim beradigan tizimga aylandi.

Yana bir muhim fakt. Prezidentimiz 2023-yilda “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilgan edi. Ushbu hujjat asosida 452 ta mahallaning har biriga 500 million soʻmdan ajratiladigan boʻldi. Yaʼni jami 228 milliard soʻm ajratilib, mahallalardagi ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Natijada xalqimizni bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan va “Koʻcha boshilari” tomonidan koʻtarilgan 2400 ga yaqin muammoga yechim topilgan.

Ayni oʻrinda “Koʻcha boshilari” haqida ham toʻxtalib oʻtsak. Olis qishloq va ovullarda barcha xonadonlardagi sharoitni, aholining turmush tarzini koʻcha boshilar yaxshi biladi. Aynan ular birinchi boʻlib aholiga yordam qoʻlini choʻzadi. Chunki koʻcha boshilari xalqimizning haqiqiy oqsoqol va kayvonilaridir. Hozir Qoraqalpogʻistondagi koʻcha boshilarining koʻpchiligi 30-40 yildan buyon qishlogʻi va ovulida oqsoqollik qilib, oʻz qavmining suyanchi boʻlib, toʻy-marosimlarning boshida turgan shaxslar ekan. Ular har qanday masala va muammoni hal qila oladigan obroʻli insonlardir. Bunday hayotiy tajribadan samarali foydalanish aholining islohotlarga ishonchini mustahkamlamoqda. Buni ular koʻtargan masalalarni tezkor yechimi topilayotganida ham koʻrish mumkin.

Yangi Oʻzbekistonning mahallalari haqida yana bir muhim gap. Olis qishloq va ovullarda ham shahardagi kabi yashash sharoitini yaratish maqsadida Qoraqalpogʻistondagi 32 ta mahallaga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berildi. Ularni kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Ushbu mahallalardagi ­amaliy chora-tadbirlar uchun 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilgan. Shu vaqtgacha bitta mahalla uchun milliardlab pul ajratilgan emasdi.

Orolboʻyiga safarimiz chogʻida ayrim mahallalarda ham boʻldik. Ularda hududning drayver sohasi aniqlab olingan ekan. Ayrim mahallalar hunarmandchilik, boshqalari dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Muhimi, aholi intilib, izlanib ishlayapti. Masʼullar esa ularga yoʻl koʻrsatib, yaratib berilgan imkoniyatlar bilan tanishtirmoqda. Aksariyat oilalarda bekorchi inson yoʻq. Bolalar bogʻcha, maktabda. Bir paytlar uy-roʻzgʻor yumushidan ortmagan ayollar bugun jamiyatning faol aʼzosiga aylangan. Bunda maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlarning oʻrni juda muhim.

Oddiy misol, oilada bir nafar bogʻcha yoshidagi bola onaning butun bir kunini band qiladi. Ayni shu jihat ayollarning biron ish bilan mashgʻul boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Ochiq gap, yaqin-yaqingacha aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, qishloq ahli bolasini bogʻchaga berish haqida orzu ham qilmasdi. Avvalo, qishloqlarda bogʻchalar deyarli yoʻq edi. Qoraqalpogʻiston misolida sohadagi oʻsish raqamlariga eʼtibor qilsak.

2016-yilda Orolboʻyi bolalarining 25 foizi bogʻchaga borgan. Oʻtgan qisqa davrda davlat qaramogʻidagi 264 ta bolalar bogʻchasida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgan. Natijada qamrov 84 foizga ­yetkazilgan. Quvonarlisi, Qoraqalpogʻiston bu borada eng ilgʻor hududlardan biriga aylangan.

Bogʻcha faqat onaga boʻsh vaqt yaratib beradigan subyekt emas. U bolani har jihatdan kamolga yetkazadigan, bilim va dunyoqarashini shakllantiradigan dargoh. Shu maʼnoda, Orolboʻyi bolalarining bogʻchaga borishi intellektual kelajak kafolati hamdir. Ayni jihatni maktablar misolida ham faxr bilan tilga olish mumkin. Jumladan, oʻtgan yillarda 224 ta maktab qurilgan va mukammal taʼmirlangan. Buning hisobiga minglab yangi oʻquv oʻrni ochilib, uch smenali taʼlim toʻliq tugatilgan. Tan olish kerak, uch smenali taʼlimdagi sifat haqida maqtanib boʻlmaydi. Unda faqat raqamlar, hujjatlar chiroyli boʻladi. Negaki, tigʻizlik sabab dars vaqti qisqargan, bir kunda ikki, uch sinfga dars oʻtadigan oʻqituvchining sillasi qurigan boʻladi. Bular bir qarashda kichik jihatdek, ammo aholi kayfiyatiga, muhimi, kelajak avlodning ilmiy salohiyatiga jiddiy taʼsir qiladi. Yangi Oʻzbekiston, xususan, Qoraqalpogʻistondagi islohotlar koʻlami taʼlim sohasini ham birdek qamrab oldi. Ijobiy tomonga oʻzgartirib, yuqori natijadorlikka asos yaratildi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlandi. Uning uzviy davomi esa Uchinchi Uygʻonish davriga asos soladigan yoshlarning yana bir manzili — oliy oʻquv yurtlaridir! Islohotlar boshlanganidan buyon hududdagi oliygohlar soni 6 tadan 11 taga yetkazildi. Oliy taʼlim muassasalariga qabul koʻrsatkichi 2016-yilda 9 foiz edi. Hozir bu 55 foizga koʻtarilgan. Bularning barchasida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun ajratilayotgan qoʻshimcha kvotalar muhim asos boʻlmoqda. Hududda ishlab chiqarish koʻlami kengayishi natijasida kadrlarga talab oshdi. Shu tufayli Prezidentimizning farmoniga asosan 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab hozirga qadar qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun qoʻshimcha 30 ming 700 oʻrin ajratib berildi. Bu ham mamlakat yetakchisining hududga qaratgan alohida eʼtibori samarasidir.

Ekologik masalalar bor joyda insonlar salomatligi bilan bogʻliq jihatlar ham yuzaga chiqaveradi. Qoraqalpogʻistonda mazkur masalalar mushtarak ravishda hal etila boshlandi. Orolning qurigan tubida yashil maydon yaratilmoqda. Aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash borasida ham jiddiy ishlarga qoʻl urildi. Shu bilan birga, tibbiyot sohasi rivojiga ham alohida eʼtibor berildi. Keling, raqamlarga yuzlanaylik.

Orolboʻyida 2023-2025-yillarda 253 milliard 395 million soʻm hisobidan 67 ta sogʻliqni saqlash obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan. Tibbiyot rivojiga qaratilayotgan eʼtibor natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarni erta aniqlash va oʻlim darajasini bir necha marta kamaytirishga erishilgan. Hudud uchun muhim jihatlardan biri, nafas olish tizimi kasalliklari kamayishi kuzatilmoqda. Jumladan, birlamchi kasallanish 2022-yilda har 100 ming aholiga nisbatan 42 ming 449 nafarni tashkil etgan edi. Hozir bu koʻrsatkich 33 ming 294 nafarga tushgan. Nafas olish tizimi boʻyicha umumiy kasallanish esa 100 ming aholiga 14 ming 798 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozir 10 ming 50 nafarga tushgan. Eʼtiborlisi, bunday ijobiy oʻzgarish muttasil saqlanib turibdi.

Yana bir muhim jihat. Yaratilgan imkoniyatlar natijasida shu kungacha Toshkent shahrida oʻtkazib kelingan ayrim murakkab operatsiyalarni shu yerning oʻzida oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, xorijning tajribali shifokorlari Qoraqalpogʻistonga kelib, ayrim murakkab operatsiyalarni bajarmoqda.

Qolaversa, 11 milliard soʻm hisobidan Tez yordam markazi hududiy filiali uchun bino qurilib, foydalanishga topshirilgan. Markazni radio-aloqa vositalari va mebellar bilan taʼminlash uchun 8,5 milliard soʻm ajratilgan. Shu qatorda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qatorida tugʻuruq komplekslari yangilanib, zamonaviy qiyofaga ega boʻlmoqda. Bularning barchasi qoraqalpoq eliga qanot beryapti. Ertangi kuniga ishonchni mustahkamlamoqda. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Orolboʻyi aholisi katta orzular, yaratuvchanlik kayfiyati bilan yashamoqda.

Ha, Qoraqalpogʻistondagi oʻzgarishlar, islohotlarni sanab adogʻiga yeta olmaysiz. Muhim fakt shundaki, madaniyat tom maʼnoda Orolboʻyidan boshlanmoqda. Soʻnggi yillardagi yangilanishlar shiddati aholining turmush darajasi, iqtisodiy faolligini sezilarli darajada oshirdi. Ekologik muammolarning yechim topishi, tadbirkorlik, taʼlim va sogʻliqni saqlashdagi yangilanishlar barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Muhimi, bu oʻzgarishlar xalqimiz tafakkuri, orzu-intilishlarida oʻz aksini topyapti. Ana shu faktorning oʻziyoq yangi Oʻzbekistondagi izchil islohotlarning nechogʻliq hayotbaxsh ekanini tasdiqlaydi.

Salim DONIYOROV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist