Bu haqida Senatning 19-yalpi majlisida muhokama qilingan "O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunda nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda davlat chegaralarini muhandislik jihatidan mustahkamlash, chegara qo‘shinlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish va milliy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq transmilliy jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari, jumladan, davlat chegarasi orqali yerosti tonnellari qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari mavjud qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgan.
Ma’lum qilinishicha, 2016–2025 yillarda davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tonneli aniqlangan. Ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni mamlakatga yashirin olib kirishga urinishlar kuzatilgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoyiy javobgarlik kiritilmoqda.
Shuningdek, bunday noqonuniy inshootlardan foydalanib davlat chegarasini kesib o‘tish yoki kontrabanda jinoyatlarini sodir etish uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasida insonparvarlik tamoyili ham nazarda tutilgan. Xususan, bunday qilmishni birinchi marta sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol ko‘maklashsa va uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, jinoyiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar qurish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari amalga oshiradi.
Senatorlar mazkur o‘zgartishlar davlat chegarasi daxlsizligini mustahkamlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, milliy va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash hamda mamlakatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.