Yangi tartibga koʻra, startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish xarajatlarining 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiya shaklida qoplab beriladi.
Tegishli tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 443-son qarori bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentda belgilangan. Hujjat 19-avgustdan kuchga kirgan.
Subsidiya Turizm qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi. Har yili eng yaxshi 10 tagacha loyiha moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Bir talabgorga subsidiya bir kalendar yilida bir marta beriladi.
Kimlar subsidiya olishi mumkin?
Ariza topshirish sanasida talabgorning soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi, shuningdek, u bankrotlik yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi lozim.
Ariza Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali Turizm qoʻmitasiga taqdim etiladi.
Unga startapni amaliyotga joriy etish boʻyicha biznes-reja va loyiha taqdimoti ilova qilinadi. Arizalar har chorak yakunining 20-sanasidan 25-sanasigacha bepul qabul qilinadi.
Loyiha qanday baholanadi?
Ariza kelib tushganidan keyin 5 ish kuni ichida talabgorga suhbat oʻtkazilishi haqida xabar beriladi. Suhbat videokonferensiya orqali yoki talabgorning shaxsan ishtirokida oʻtkaziladi.
Unda talabgor oʻz startapini komissiyaga taqdim etadi. Komissiya 10 ish kunida loyihaning belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganib, subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi boʻyicha xulosa beradi.
Bunda, xususan:
- startapning muayyan turizm xizmatini rivojlantirishga qaratilgani;
- xizmatning bugungi kunda turistlar uchun dolzarbligi;
- avval mavjud boʻlmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechim taklif etilayotgani inobatga olinadi.
Turizm qoʻmitasi komissiya xulosasi asosida 2 ish kunida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, subsidiya mablagʻlari 7 ish kunida talabgorning tijorat bankidagi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.