Bugun O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan davr mamlakatimiz qanday yo‘lni bosib o‘tgani, qaysi sohalarda mustahkam poydevor yaratilgani, oldimizda nima vazifalar turganini baholash imkonini beradi.

Tabiiyki, mustaqilligimizni ayniqsa mustaqil O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan yoshlar o‘zgacha his etadi, chunki ular uchun suverenitet tarixiy voqea emas, balki kundalik hayotning tabiiy qismi. Shu ma’noda davlatimiz oldidagi vazifa va asosiy maqsad endi mustaqillikni saqlab qolish emas, balki mazmunan iqtisodiy, texnologik, huquqiy va intellektual jihatdan yanada boyitishdir.

Biz uchun istiqlol 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun bilan e’lon qilingan. Oradan to‘rt oy o‘tib, 29-dekabr kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumida fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi bu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa davlat mustaqilligi nafaqat huquqiy hujjat, balki xalq irodasi bilan mustahkamlangan siyosiy voqelikka aylandi.

Keyingi yillarda mustaqil davlatning barcha asosiy ramzlari va institutlari shakllantirildi. Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi qabul qilindi, milliy Qurolli Kuchlarga asos solindi, respublikamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi, Konstitutsiya qabul qilindi va milliy valyuta – so‘m muomalaga kiritildi. Bu qarorlar alohida-alohida emas, balki mustaqil davlatchilikning yaxlit tizimini shakllantirgan muhim qadamlardir.

Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev ta’kidlashicha, so‘nggi 35 yilni shartli ravishda uch bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich 1991-2016-yillarni qamrab oladi. Bu davr davlatchilikni shakllantirish, ichki barqarorlikni ta’minlash, milliy iqtisodiyot modelini yaratish hamda energetika va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bilan xossalanadi. O‘sha yillari asosiy e’tibor xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Ikkinchi bosqich 2016-yil boshlandi. Bu davrda suverenitetga nisbatan yondashuv o‘zgardi. Ilgari mustaqillik ko‘proq tashqi ta’sirdan himoyalanish sifatida qaralgan bo‘lsa, keyinchalik u mamlakatning raqobatbardosh iqtisodiyot qurish, ochiq tashqi siyosat yuritish va jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashish qobiliyati bilan baholana boshladi. Valyuta bozori erkinlashtirilishi, chiqish vizalari bekor qilinishi, qo‘shni davlatlar bilan munosabat yangi bosqichga chiqishi va xorijiy sarmoya oqimi tezlashishi ayni o‘zgarishlar amaliy ifodasi bo‘ldi.

Uchinchi bosqich 2023-yilgi konstitutsiyaviy islohotdan boshlandi. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatni ijtimoiy davlat sifatida mustahkamlab, inson huquqi kafolatini kengaytirdi, sud himoyasini kuchaytirdi hamda “Inson qadri uchun” tamoyilini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tardi. Bu bilan suverenitet shunchaki tashqi siyosiy tushuncha emasligi ayonlashib, davlatning fuqarolar oldidagi mas’uliyatini ham qamrab olgan holda keng mazmun kasb eta boshladi.

O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim xususiyatlaridan biri harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik tamoyili Konstitutsiyada mustahkamlanganidir. Bu qaror mamlakatning mustaqil tashqi siyosatini uzoq muddatli huquqiy asos bilan ta’minladi. Shu bilan birga qo‘shni davlatlar bilan chegaralar huquqiy jihatdan to‘liq rasmiylashtirilishi ham mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega.

Tahlilda kelajakdagi vazifalar ham aniq ko‘rsatilgan. Endi asosiy maqsad rasmiy suverenitetdan amaliy shaklga o‘tish. Bu texnologiya, energetika, oziq-ovqat, moliya, axborot sohalari va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, milliy tahlil maktablarini rivojlantirish, demografik o‘sishni uzoq muddatli rejalashtirish hamda strategik qarorlarni shaxslarga emas, barqaror institutlarga tayangan holda qabul qilishni taqozo etadi.

Mustaqillikning yangi bosqichi: siyosiy barqarorlikdan iqtisodiy qudrat sari

Mustaqil davlatning barqarorligi nafaqat tashqi siyosatdagi mustaqil qarorlari, balki ichki boshqaruv tizimining samaradorligi bilan ham belgilanadi. So‘nggi 35 yilda O‘zbekistonning siyosiy tizimi bosqichma-bosqich takomillashib, davlat institutlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Bugun mamlakatimiz tashqi bosimlardan xoli holda milliy manfaatga asoslangan siyosat yuritmoqda.

O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik tamoyiliga sodiq qolgan holda turli davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirmoqda. Mamlakat integratsiya jarayonida ishtirok etish shaklini mustaqil belgilaydi. Xususan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi kuzatuvchi maqomi tashqi savdo ko‘lamini kengaytirish barobarida milliy iqtisodiy siyosat yuritish erkinligini saqlab qolish imkonini bermoqda.

Ichki siyosiy tizimda ham muhim o‘zgarishlar kuzatildi. Ikki palatali parlament faoliyati takomillashtirildi, ko‘p partiyaviylik rivojlandi, 2024-yil parlament saylovida ilk bor aralash tizim qo‘llandi. Natijada siyosiy partiyalarning mas’uliyati, saylovchilar oldidagi hisobdorligi kuchaydi. Parlamentning hukumat ustidan nazoratiga doir vakolati kengayib, deputatlik so‘rovi, parlament eshituvi va hisobot amaliyoti yanada faollashdi.

Mahalliy boshqaruv tizimiga ham yangi yondashuv joriy etildi. Xalq deputatlari kengashlari vakolati kengaytirilib, mahalliy ijro va vakillik hokimiyati o‘rtasidagi vazifalarni aniq ajratishga qaratilgan islohot yo‘lga qo‘yildi. Bu joylarda qaror qabul qilish jarayonini ochiq, mas’uliyatli olib borishga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, siyosiy islohotning yana bir muhim natijasi davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot kengayganida namoyon bo‘lmoqda. Jamoatchilik muhokamasi, tashabbusli byudjetlashtirish, elektron murojaat tizimi hamda Prezident Xalq qabulxonalari fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirdi. Millionlab murojaat ko‘rib chiqilishi davlat idoralarining aholi bilan bevosita aloqasini mustahkamladi.

Siyosiy mustaqillik iqtisodiy qarorlarda ham aks eta boshladi. Valyuta bozorini erkinlashtirish, paxtaga davlat buyurtmasini bekor qilish, energetika sohasida tarif islohoti va kambag‘allikni rasman baholash tizimi joriy etilishi qisqa muddatli qiyinchilikka qaramasdan, uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qarorlar sifatida baholanyapti.

Huquqiy davlat qurish yo‘lida ham salmoqli natijalar qayd etilgan. Konstitutsiya, sohaviy kodeks va qonunlardan iborat yaxlit huquqiy tizim shakllandi. Sud-huquq sohasida inson huquqini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda huquqiy munosabatni zamonaviy talabga moslashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohot amalga oshirildi.

Mustaqillikning iqtisodiy natijalari raqamlarda yaqqol ko‘rinadi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foiz o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. So‘nggi besh yil iqtisodiyot qariyb ikki barobar o‘sdi. Xizmat ko‘rsatish sohasi, qurilish va sanoat taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Investitsiya hajmi oshib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya qiymati 43 milliard dollardan ortdi.

Makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanishi ham muhim natija. Inflyatsiya pasaydi, ishsizlik kamaydi, aholining sof daromadi ortdi. Valyuta bozori liberallashtirilishi, inflyatsiyani targetlash siyosati amalga oshirilishi va xalqaro kapital bozoriga chiqishga erishilishi bilan mamlakat moliyaviy tizimi barqarorligi mustahkamlandi. Iqtisodiyotni yanada diversifikatsiya qilish, davlat ulushini qisqartirish, ichki kapital bozorini rivojlantirish, tashqi kon’yunkturaga qaramlikni kamaytirish va inflyatsiyani barqaror past darajada ushlab turish O‘zbekistonning iqtisodiy suverenitetini yanada mustahkamlashning hal qiluvchi omillari sifatida qayd etilgan.

 Zarina Abdusamadova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Sud hokimiyati, advokatura va huquqni
muhofaza qiluvchi organlar sho‘basi
o‘qituvchisi