Qonun loyihasi parlament majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash va sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, sud'yalar va xalq maslahatchilari uchun yosh cenzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilishi belgilangan.

Qonun loyihasida sudyalar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalar ham o‘z aksini topgan.

Yana bir yangilik — milliy qonunchilikka «iste'fodagi sudya» instituti kiritilmoqda. Unga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilishi taklif etilgan.

Bundan tashqari, Oliy sud va quyi sudlar apparatlari faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan normalar ham nazarda tutilmoqda.

Muhokamalarda deputatlar sudyalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashda qonun loyihasining ahamiyatini ta'kidladı.

Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat ikkinchi o‘qishga tayyorlanishi jarayonida deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtiriladi.