Yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivoj­lantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berildi. Bu tadbir yurtimizning barcha hududlarini qamrab olib, maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirishga, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uygʻotishga xizmat qiladi, albatta.

Prezidentimizning “Men ushbu dasturni shunchaki kitob oʻqish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qoʻliga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir boʻladi. Shuning uchun barchangizni ushbu umumxalq harakatida faol ishtirok etishga chaqiraman”, degan eʼtirofi har bir yurtparvar yurakni toʻlqinlantirgani rost.

Joriy yil 3-iyun kuni mazkur umummilliy harakatni Samarqand viloyati boshlab berdi. Kitobxonlik festivali koʻhna Samarqand shahrida emas, balki qadimiylikda u bilan tengdosh deb eʼtirof etiladigan Ishtixonda boshlandi.

 “Ikki daryo yuvar kokilin...”

Ona yurt haqida chiroyli tashbehlar axtarib turganimda xayolimga atoqli shoirimiz Hamid Olimjonning ushbu mashhur misralari keldi:

Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston,

Dostonlarda bitgan guliston —

Oʻzbekiston deya atalur,

Uni sevib el tilga olur.

Chiroylidir goʻyo yosh kelin,

Ikki daryo yuvar kokilin...

Oʻzbekiston zamini koʻplab manbalarda Movarounnahr, yaʼni ikki daryo — Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida joylashgan tarixiy-geografik mintaqa sifatida tilga olinadi. Ishtixon esa qadimda Miyonqol nomi bilan mashhur boʻlib, Zarafshon daryosining Oqdaryo va Qoradaryo tarmoqlari oraligʻida joylashgan. Men Ishtixon zaminini “Vatan ichra moʻjaz Vatanim!” deya ardoqlab, mazkur misralarni baralla aytgim keldi:

Quchogʻingni quvonchga

Toʻldirsam shavqim bilan,

Amuga Sir soʻzlasam

Zarafshon zavqim bilan,

Quchogʻingda barq urar

Obod turmush, gul hayot,

Sen yuksalib borursan

Bunyodkor xalqing bilan!..

Ha, bugun Ishtixon rostakamiga zamonga mos ravishda koʻrkam qiyofa kasb etib bormoqda! Kitobxonlik festivali ham Ishtixon shahrining naq yuragi boʻlmish Ustozlar xiyoboniga uzukka koʻzdek yarashib tushgan kitob monumentini ochish bilan boshlandi. Bir qarashda kitobning tiniq sahifalarini munosib gavdalantira olgan oppoq tosh ham bu zaminga begona emas. Ulkan kitobning jussasi shu yaqin oradagi Oqtov tizmalaridagi oq rangli marmar koni karyerlaridagi toshlardan taroshlangan.

“Kitobdan minnatdorman”

Mashhur ijodkorlardan biri “Men oʻzimdagi barcha yaxshi fazilat va xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi. Demakki, yurtimizda boshlangan umummilliy harakatdan koʻzlangan maqsad ham, shubhasiz, juda ulkan va koʻrkam!

Yana Ustozlar xiyoboniga qaytamiz.

Bundan 50 yillar muqaddam Ishtixon tumaniga rahbarlik qilgan Murod Joʻrayev tashabbusi bilan bunyod qilingan ushbu istirohat bogʻi, ayniqsa, harorati baland yoz kunlarida dam oluvchilarni har lahza oʻziga chorlab turadi. Chunki bu manzilda aholi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xiyobon oʻrtasida moʻjazgina kutubxona tashkil qilingan boʻlib, soya-salqin oʻrindiqlarda kitob mutolaa qilib turgan yoshlarni koʻrib yanada zavqing ortadi.

“Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat!” shiori ostida mazkur bogʻda oʻtkazilayotgan kitob festivalini bir soʻz bilan maʼrifat va tafakkur maydoni deb atash mumkin. Zero, tadbir doirasida tashkil etilgan til boʻyicha savodxonlik tanlovlari, ijodiy uchrashuvlar hamda “Zakovat” intellektual bellashuvlari bu yerga jam boʻlganlar koʻnglida kelgusi yorugʻ kunlarga yanada umid uygʻotganiga aslo shubha yoʻq.

Tadbir yuzlab oʻquvchi yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni jamlagan holda juda koʻtarinki ruhda boshlandi. Samarqandning har bir tumani uchun alohida pavilyonlar bunyod qilinib, javon-javon kitoblar va ular qarshisida gʻujgʻon yoshlarni koʻrib koʻzing quvnaydi.

Poytaxt — Toshkenti azimdan tashrif buyurgan mehmonlardan biri, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov ayni damdagi koʻngil kechinmalarini bunday bayon qildi:

— Rostini aytsam, hammasidan ham koʻra, peshtoqiga “Kitobxon oila” deb bitilgan pavilyon menga juda maʼqul boʻldi. Bundagi kitobxon bobo va buvi hamda nabiralarning maroqli mutolaa bilan mashgʻulligi manzarasi, toʻgʻrisi, meni hayratga soldi. Agar rassom boʻlganimda, bu manzarani bosh­qacha mehr bilan, albatta, qogʻozga muhrlagan boʻlardim. Biz har bir mahallada mana shunday oilalarni koʻpaytirishimiz kerak. Kitob oʻqigan, bilimga intilgan millat hech qachon yengilmasligini, qolaversa, “ilmdan boshqa najot yoʻq”ligini hayotiy misollar asosida hikoya qilib bera oladigan nuroniylarimizga bugun qattiq suyanmogʻimiz shart, nazarimda. Qolaversa, bugungi axborot xurujlari, maʼnaviyatimiz va qadriyatlarimizga turli tahdidlar mavjud davrda maʼnaviyat uch yo toʻrt soat ishlaydigan soha emas, u 24/7 rejimida ishlashi zarur! Bu esa, shubhasiz, aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bilan amalga oshadi.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbari Umida Teshaboyeva festival jarayonlarini kuzata turib, oʻz taassurotlarini bunday izohladi:

— Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivoj­lantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berilgani ayni muddao boʻldi. Chunki buyuk ajdodlarimiz dunyo ilmi peshvolari sifatida eʼtirof etib kelinadi. Demak, biz ham ularning davomchilari boʻlib, maʼrifat orqali oʻzimizning munosib soʻzimizni ayta olmogʻimiz kerak. Yaqinda Prezidentimiz adabiyot, madaniyat va sanʼat namoyandalari bilan boʻlgan uchrashuvda sohada kutilayotgan katta yangiliklar haqida gapirib oʻtdi. Mana, bugun Ishtixonda shu ishlarning uzviy davomi sifatida yirik kitobxonlik festivali oʻtkazilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda kitobxonlik darajasini yuksaltirish yoʻlidagi inqilobiy oʻzgarishlardir. Ayniqsa, kitobga oʻrnatilgan mahobatli monumentni koʻrib hayratga tushdim. U ulkanligi bilan mamlakatda yagona, desam adashmagan boʻlaman.

Ishtixonda ziyo sayli

Samarqandda oʻz jurnalistika maktabini yaratgan ustoz Farmon Toshev boshchiligidagi mehmonlaru tadbir tashkilotchilari hamrohligida jarayonlarni kuzatishda davom etamiz. “Zarafshon” gazetasining qalami oʻtkir jurnalisti Gulruh Moʻminova taʼbiri bilan aytganda, mazkur ziyo saylida yoshlar oʻrtasidagi intellektual bellashuvlar, bolalar iqtidorini namoyon etgan tanlov hamda kitob taqdimotlari, yosh rassomlarning ochiq xiyobonda asarlar qahramonlarini tasvirlashi, ijodiy jamoalar chiqishlari namoyish etilmoqda.

— Har bir shahar, tuman uchun ajratilgan pavilyonlarda kitob bilan bogʻliq sahnalar, koʻrgazmalarni yangicha bir shaklda koʻrsatib berishga harakat qilindi. Ushbu yirik bayram tashkilotchilarini nomma-nom sanashning iloji ham yoʻq, chunki ziyo­liman deganning barchasi bu ishga safarbar qilingan, — deydi Ishtixon tumani hokimi ­Fazliddin Roʻziyev.

Kitob tarqatgan muallim

Bugungi kunda mamlakatimizda bor-yoʻgʻi oltita xususiy kutubxona mavjud. Ularning bittasi Ishtixon tumanida joylashgan.

— 2000-yillarda kutubxonalar faoliyati anchagina murakkab holga tushgan, kitoblar kam, borlarining aksariyati xarob ahvolga kelib qolgandi, — deydi “Nodirabonu kutubxonasi” oilaviy korxonasi rahbari Nodira Esonboyeva. — Oʻzim oʻqituvchiman, lekin yoshligimdan kitob yiqqanman, ularni asrab-avaylab kelganman. Oʻsha yillari qarasam, ­uyimda 5 mingga yaqin sara kitob yigʻilib qolgan ekan. Xayolimga ishdan boʻsh vaqtlarimda odamlarga kitob tarqatsam-chi degan bir gʻoya keldi. Qoʻlimga ikkita sumka olib, har birida 20 tadan 40 kitob solib, avval Ishtixon tumanimizdagi turli tashkilot, korxonalarga kirib, kitob tarqatdim. Muayyan muddatdan keyin kitob­larni olib ketdim, tabiiyki, ozroq mablagʻ evaziga. Buni qarangki, odamlarning kitob oʻqishga qiziqishi kuchli ekan. “Yana keling”, deb qolishdi. Shu tariqa men qatnaydigan korxonalar soni koʻpaydi, geografiyasi ham kengaya boshladi. Toʻgʻrisi, bundan katta daromad qilib boʻlmaydi, lekin shu kitoblar boʻsh yotmagani, odamlar uni oʻqiyotgani menga koʻproq zavq berardi. Keyinchalik ishimni kengaytirmoqchi boʻlib, viloyat hokimiga imtiyoz soʻrab murojaat qildim. Axir men tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtolmayman, faoliyatim daromadga moʻljallanmagan. Shundan keyin menga bu borada yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi, “Labo” rusumli avtomobilni imtiyozli xarid qildim va kutubxonachilikni oilaviy tadbirkor sifatida davom ettirib kelmoqdaman.

Festivalning xorijlik ishtirokchilari

— Biz ushbu tumanda shu yil ish boshladik va bunday kitobxonlik tadbiri oʻtkazilayotganidan juda xursandmiz, — deydi festival ishtirokchisi, Samarqand xalqaro kolleji rahbari, xitoylik Shu Shu. — Chunki bizning mamlakatimizda ham kitobxonlik juda rivoj­langan. Har oyning 24-sanasi kitobxonlik kuni sifatida belgilangan va bu kunda doim kitobsevarlar yigʻilishib, oʻzlari oʻqilgan asarlari, ularning qahramonlari haqida suhbat qurishadi. Qolaversa, bizda kitob oʻqigan, bilimli insonga munosabat boshqacha, yaʼni odamlarning tashqi koʻrinishiga qarab emas, balki asosan bilimiga baho berishadi va shunga qarab munosabat oʻzgaradi. Shuning uchun koʻpchilikda kitob oʻqishga, oʻzini rivojlantirishga intilish kuchli.

Oʻzim haqimda toʻxtaladigan boʻlsam, kitob hayotimning keskin oʻzgarishiga yordam bergan. Chekka qishloqda tugʻilib oʻsgan oddiygina qizaloq aynan kitoblar orqali bugun katta kompaniyalarga ega boʻldim. Oʻz tadbirkorlik sohamni yuritish barobarida qiziqishlarim boʻyicha ham ishlamoqdaman.

“Tugʻromda Humo qushi”

Bir soʻz bilan aytganda, kun davomida qaynoq mushoiralar, asarlarga oid sahna koʻrinishlari, yosh baxshilardan yangi aytimlar, sozandayu xonandalarning mumtoz ijrolari, qolaversa, zukko kitobxon yoshlar bellashuvlari hamda ommaviy diktant tanlovlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritganlarning munosib taqdirlanish jarayonlarini hayajon bilan kuzatdik. Anjuman yakuni esa quvnoq kuy-qoʻshiqlaru raqslarga ulanib ketdi.

Shu yurtning bir ijodkori sifatida men ham faxru iftixorga toʻlib-toshdim. “Kitobga, adabiyotga oshno boʻlgan dillarda faqat yaxshilik yashaydi”, degan soʻzni koʻp bor eshitganmiz. Ilohim, hayot yoʻllarimiz maʼrifat nurlari ila yanada charogʻon boʻlib boraversin!

Men soʻzimni yangi sheʼrim bilan yakunlamoqchiman. Zero, xulosa oʻrnida aytishim kerak boʻlgan barcha ulugʻvor maqsad va soʻzlarim sheʼrda oʻz ifodasini topgan boʻlsa, ne ajab!

Yangi Oʻzbekistonda

Dunyolarning oldida

Tili qisiq joyim yoʻq,

Shu tuprogʻim boʻlmasa,

Quyoshim yoʻq, oyim yoʻq,

Tinchlik desa, “xoʻp” dedim

Aksi uchun doim “yoʻq”,

Bor boʻlsa ham zakovat

Jangi Oʻzbekistonda,

Qaror topgay adolat

Yangi Oʻzbekistonda!

 

Men soʻz aytsam oʻtmishim,

Bugunim yo ertamdan,

Bolam qoʻlimdan tutar,

Ajdodlarim yelkamdan,

Bu zanjir uzilmagay

Bobomeros oʻlkamdan,

Temuriylar tulporin

Changi Oʻzbekistonda,

Kamol topar shunqorim

Yangi Oʻzbekistonda!

 

Iymon, insof, diyonat —

Soʻzin tanir oʻzbekman,

Avval Haqni va yana

Oʻzin tanir oʻzbekman,

Har manzilda hamisha

Ezgulikdan soʻz debman,

Tugʻromda Humo qushi

Mangu Oʻzbekistonda,

Baxtiyordir har kishi

Yangi Oʻzbekistonda!

 

Yaxshilik elchisiga

Mudom bagʻri keng bu yurt,

Tarovatu chiroyda

Jannatlarga teng bu yurt,

Yurtparvar yurak uchun

Aʼlosidir eng bu yurt,

Bayrogʻimning mazmundor

Rangi Oʻzbekistonda,

Har manzara maftunkor

Yangi Oʻzbekistonda!

 

Tuprogʻimga yarashgan

Bahorlarim bor mening,

Duolardan yorishgan

Saharlarim bor mening,

Olamning mehri tushgan

Shaharlarim bor mening —

Buxoroyu Samarqand

Dongʻi Oʻzbekistonda,

Oʻtmish yangilanarkan

Yangi Oʻzbekistonda!

 

Nurli kunlar nafasi

Kuylanmoqqa munosib,

Ezgu gʻoya zakosi

Siylanmoqqa munosib,

Qalb koʻzimiz ziyosi

Uygʻonmoqqa munosib,

Maʼnaviyat mashʼali

Yondi Oʻzbekistonda,

Yangi hayot boshlanur

Yangi Oʻzbekistonda!

Orif TOʻXTASH,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi