Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining faoliyati quyidagi ustuvor ishlash mexanizmlari asosida yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi:

  • xizmat yo‘nalishi va xizmat o‘tash hududidan qat’i nazar fuqarolarning murojaatlari va xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish;
  • aholi bilan bevosita yaqindan va ochiq muloqotga kirishish hamda ularning huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal etishda ko‘maklashish;
  • bevosita joylarning o‘zida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan kunlik asosda manzilli profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish.

Profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Profilaktika inspektorlariga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar beriladi:

  • ko‘rib chiqish vakolati doirasidagi birinchi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash;
  • tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash.