Bu haqda IIV maʼlum qildi.

Ichki ishlar vazirligining «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi bu maqsadda server uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha davlat xaridini eʼlon qildi.

Rejaga ko‘ra, 2026–2027 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahallalarida o‘rnatilishi rejalashtirilgan qariyb 125 mingta intellektual videokuzatuv kamerasi «Xavfsiz shahar» platformasiga integratsiya qilinadi.

Buning uchun mamlakatdagi barcha 8992 ta mahalla, jumladan, Toshkent shah ridagi 585 ta mahallani qamrab oluvchi 630 ta yuzni tanish serveri, 52 ta videomaʼlumotlarni saqlash serveri hamda 14 ta davlat raqam belgilarini aniqlash maʼlumotlarini saqlash serveri xarid qilinadi.

Yaʼni kameralardan keladigan katta hajmdagi maʼlumotlarni qabul qilish, qayta ishlash va saqlash uchun «Xavfsiz shahar» tizimining texnik imkoniyatlari sezilarli darajada oshiriladi.

Davlat xaridi bitta lot sifatida o‘tkazilmoqda. Texnik topshiriq kompleks ekspertizadan o‘tkazilgan. Hujjatlarda muayyan ishlab chiqaruvchi yoki tovar belgisiga talab qo‘yilmagan va «yoki ekvivalent» sharti belgilangan.

Masʼullar taʼkidlashicha, yakuniy narx davlat xaridi natijasida aniqlanadi.

Loyiha mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni tezkor aniqlash imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, ichki ishlar organlarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekdan foydalanishni rivojlantirishga qaratilgan.