Toʻlovlarni toʻlash, valuta ayirboshlash, biror turdagi kreditni rasmiylashtirish va boshqa koʻplab masalalar tufayli istalgan vaqtda tijorat banklariga kirishimiz mumkin. Ular taklif etayotgan xizmatlar tanlovida esa imkoniyatimiz ancha keng. Shunga qaramay, bu yoʻnalishda yangi turdagi takliflarga ham ehtiyoj katta.

Keyingi vaqtlarda Oʻzbekistonga islom qoidalariga asoslangan moliya tizimi kirib kelgani va uni amaliyotda joriy etish boshlanganiga oid xabarlar yurtdoshlarimiz orasida qizgʻin kutib olinib, keng muhokama qilinayotgani boisi shunda. Koʻpchilik buni anchadan buyon kutayotganini aytsa, baʼzilar toʻla islom tamoyillariga asoslangan banklarning ochilishiga ishonchsiz qaramoqda. Ammo baribir yurtimizda islomiy moliya tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar faollashgani odamlarda alohida qiziqish uygʻotyaрti.

Aslida, mamlakatimizda islomiy moliya tizimini joriy etish harakatlari 2020 yildan boshlangan. Oʻtgan yillardagi oʻrganish va tahlillardan soʻnggina aniq amaliy ishga oʻtilmoqda. Endi mamlakatimizga islom moliya tizimi nafaqat kirib keldi, balki amaliyotda tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Hattoki, 2027 yilda yurtimizda birinchi islomiy bank ochilishi kutilyapti. Ayni paytda esa qator tijorat banklari islom moliya xizmatlarini koʻrsatishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Biz uchun nisbatan yangi boʻlgan mazkur tizim joriy yil 27 mart kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Uning qabul qilinishi islom moliyasini tashkil etish yoʻlida tashlangan muhim qadamlardan boʻlib, mamlakatimiz moliya tizimida yangi bosqichni boshlab berishi aytilmoqda. Gap faqat koʻplab davlatlardagi kabi yurtimizda ham islom moliyasining qoʻllanishida emas, balki zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish orqali aholining bank-moliya yoʻnalishidagi xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda tanlovini kengaytirish haqida boryapti.

Maʼlumotlarga koʻra, baʼzi mamlakatlarda odamlar diniy aqidalari sabab anʼanaviy tijorat banklari xizmatlaridan foydalanmaydi, moliyaviy oldi-berdilardan uzoqlashadi. BMT Taraqqiyot dasturi tahlillarida keltirilishicha, bunday omillar Oʻzbekistonda ham mavjud. Xususan, aholining qariyb 68 foizi va tadbirkorlarning 60 foizi muayyan sabablarga koʻra anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanmaydi. Ular uchun islomiy bank xizmatlarining taklif etilishi bu boʻshliqni toʻldirishi mumkin. Qabul qilingan yangi qonun ayni ehtiyojni taʼminlash barobarida mamlakatimizga yillik 5 milliard dollargacha baholanayotgan islomiy kapitalni jalb etish imkoniyatini ochishi kutilmoqda.

Foyda nimadan olinadi?

Islomiy banklarni tashkil etish haqida gap borganda, nega bu jarayon yurtimizda ancha choʻzilgani, aniq vazifalar belgilanganidan keyin ham amaliy harakatlarga tezda oʻtilmagani koʻpchilikni qiziqtiradi. Iqtisodchi mutaxassislardan biri bilan suhbat davomida shu masala haqida soʻradim. Ay­tishicha, mazkur mexanizmni joriy etish koʻpchilik oʻylaganidek oson emas. Islom moliyasi nihoyatda katta tizim va uni amaliyotga joriy etish jiddiy moliyaviy harakatlar, ilmiy asoslar hamda aniq islohotlarni talab qiladi. Oʻzbekiston amaliyotida ham bunga birmuncha vaqt kerak bo‘lgani boisi shunda. Oʻtgan davr mobaynida qator davlatlar tajribasi oʻrganilib, xalqaro mutaxassislar ishtirokida tahlil qilingan. Chet davlatlarda kuzatilgan kamchilik va qiyinchiliklar bizda ham takrorlanmasligiga eʼtibor qaratilgan. Ana shu jihatlarni oʻzida jamlagan qonun qabul qilin­gach, yurtimizda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyishga rasmiy kirishildi.

Qonun doirasida Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 7 ta qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Milliy qonunchilikka “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari” va “investitsiyaviy omonat” kabi muhim tushunchalar qoʻshildi.

Qonunda keltirilgan taʼrifga koʻra, islomiy bank faoliyati islom huquqi (shariat) meʼyorlari va tamoyillari boʻyicha koʻrsatiladigan bank xizmatlari boʻlib, unda daromad “pul evaziga pul” emas, balki real aktivlar (savdo, lizing, foyda va tavakkalchilikni taqsimlash bilan hamkorlik)dan kelib chiqadi. Unda foizlar, haddan tashqari noaniqlik, qimor, moliyalashtirish, qarzni chegirma bilan sotish va sotib olish, jarimalarni monetizatsiya qilish toʻgʻridan toʻgʻri taqiqlanadi. Xoʻsh, u holda banklar islom moliyasidan qanday foyda koʻradi?

— Islom bankchiligida moliyaviy operatsiyalarning bir qancha turlari bor va ularning har biri foyda olishning turli yoʻnalishlarini nazarda tutadi, — deydi “Mezon” taʼlim kompaniyasi direktori Muxtorjon Akramov. — Masalan, murabaha, yaʼni oldindan toʻlov asosida moliyalashtirishni olaylik. Bunda real moliya bilan ishlanadi. Aytaylik, tadbirkorga ish faoliyati uchun biror texnika zarur. Islomiy bank ana shu texnikani sotib olib beradi va unga oʻzining xarajat yoki foydasini qoʻygan holda tadbirkorga sotadi. Masalan, 100 million soʻmga texnika olsa, uni 125 million soʻmga beradi. Bunda 25 million soʻm islomiy bankning foydasi va bu summa toki qarz uzilmaguniga qadar oʻzgarmaydi. Kelishuv asosida toʻlov muddati belgilanadi va tadbirkor texnika uchun koʻrsatilgan summani oʻsha davr ichida oyma-oy toʻlab beradi. Bu yerda hech qanday qoʻshimcha ustama, yillik foiz boʻlmaydi.

Qonunga koʻra, banklar 6 turdagi islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi koʻzda tutil­yapti. Bu operatsiyalarga foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablagʻlarini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish (muzoraba), vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish (vakola), tovarni nasiya­ga sotish orqali mijozni moliyalashtirish (murabaha), tovarlar uchun oldindan haq toʻlash orqali mijozni moliyalashtirish (salam), birgalikdagi faoliyatni (sheriklik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish (mushoraka) hamda mol-mulkni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga (lizingga) berish kiradi.

Mazkur moliyaviy operatsiyalarni qonunda belgilangan tartibda tashkil etilgan va Markaziy bank tomonidan beriladigan tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar amalga oshirishga haqlidir. Yaʼni qonun bilan islomiy bank faoliyati uchun alohida litsenziya joriy etilmoqda. Bunda asosan ikkita model nazarda tutilgan. Birinchisi, mutlaqo yangidan tashkil etiladigan islomiy banklar litsenziya asosida ish boshlaydi. Ikkinchisi esa amalda ishlab kelayotgan banklar ham islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziya orqali bir vaqtning oʻzida ikki yoʻnalishdagi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin. Oddiy banklarda islomiy xizmatlar uchun alohida “islomiy dar­cha”lar ochiladi.

Litsenziyaga ega banklar bevosita islom moliyasi asosida belgilangan xizmatlarni koʻrsatishi mumkin. Ularga alohida soliq imtiyozlari berilishi ham nazarda tutilgan. Litsenziyani olishning esa aniq talablari belgilangan boʻlib, mazkur hujjatning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish taqiqlanadi.

Demak, litsenziya banklarga islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradi. Bu — faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma degani. Ammo banklar bu faoliyatni qanday yuritishi esa alohida masala. Yaʼni shariat qoidalariga asoslangan moliyaviy xizmatlar koʻrsatish talablari qonunda belgilangan boʻlsa-da, amaliyotda uning qoʻllanishini nazorat qilish ham muhim. Aks holda, odamlarda islomiy banklar ham anʼanaviy moliya tashkilotlari kabi ishlaydi qabilidagi fikrlar paydo boʻlishi mumkin.

— Islom moliyasini joriy etishda xalqaro tajriba va sharʼiy standartlar oʻrganilgani bejiz emas. Ana shu standartlar asosida milliy dastur ishlab chiqiladi va aholiga taqdim etilayotganda mavjud meʼyorlarga amal qilinishiga jiddiy eʼtibor qaratilyapti, — dedi Muxtorjon Akramov. — Mazkur talablar ijrosini Markaziy bank va tijorat banklarida tashkil etiladigan Shariat kengashlari nazorat qiladi. Ushbu kengashlarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvo markazi mutaxassislaridan iborat guruh bevosita ishlaydi. Yaʼni islomiy banklarning faqat nomi emas, balki talab va mexanizmlari ham aynan shariat qoidalariga moslashtiriladi. Albatta, islom banklarida ham foyda koʻrish degan tamoyil mavjud, ammo bu shariat qoidalari, mezonlariga asoslanadi.

Qonun bilan islomiy banklar va tijorat banklaridagi “islomiy darcha”larda koʻrsatiladigan islomiy moliya operatsiyalari, ularni amalga oshirish tartiblari belgilab qoʻyilgan. Ana shu talablardan chetga chiqqan moliya tashkilotlariga tegishli tartibda choralar koʻriladi. Yaʼni shariat kengashlarining nazorati orqali islomiy banklarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri harakatlar, turli moliyaviy xatarlarda davlat oʻrtada turib, kafolat boʻladi.

Tadbirkorlar uchun manfaatlimi?

Qonun uch oydan keyin rasmiy kuchga kiradi va yurtimiz tijorat banklarida birin-ketin “islomiy dar­cha”lar ish boshlaydi. Hozir 10 dan ortiq bank islomiy moliya xizmatlarini joriy etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Baʼzilarida esa sinov tariqasida “islomiy darcha”lar ochilib, uning funksiyalariga qizirqqan aholi va tadbirkorlarga tushunchalar berib borilyapti.

Moliyaviy xizmatlarning mazkur turiga, ayniqsa, biznes egalari katta qiziqish bildirmoqda. Ammo aksarimiz islom moliyasi shariat qoidalariga asoslanishini­gina bilamiz, biroq bu aynan qanday talab va shartlar ekani, qoʻllash mexanizmlari borasida deyarli tushunchaga ega emasmiz. Shu bois, hukumat tomonidan qabul qilingan loyiha boshqaruv rejasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining islom moliyasi sohasidagi savodxonligini oshirish, islomiy bank mahsulotlari va xizmatlari mohiyatini tushuntirishga qaratilgan keng qamrovli moliyaviy targʻibot va oʻquv dasturlarini olib borish vazifalari belgilangan.

Unda mutaxassislar aholi va tadbirkorlar bilan muloqotlar davomida islom bankchiligi va instrumentlarining amaliyotda qoʻllanish xususiyatlari haqida tushuncha bermoqda. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasida qator tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan oʻquv seminarlarida ham har gal yuzlab tadbirkorlar ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olayapti.

— Ochiqi, islom moliyasi haqida eshitganman, ammo hech qanday tushuncham yoʻq. Shu bois, koʻproq maʼlumot olishga qiziqyapman. Chunki tadbirkor boʻlganim bois, moliyaviy xizmatlardan koʻp foydalanaman va bu borada doim qulay shartlardagi takliflarni izlashga intilaman, — deydi Toshkent shahridagi “Auksin” MChJ rahbari Umarjon Ochilov. — Hozircha islom moliyasi haqidagi maʼlumotlarni oʻrganib, tahlil qilyapman. Xulosalar baribir amaliyotda foydalana boshlaganimizdan keyin paydo boʻladi. Agar shartlari bizga qulay boʻlsa, albatta, islom moliya xizmatlaridan foydalanaman. Bu ham moliyaviy xizmatlar borasidagi tanlov imkoniyatimizni oshiradi. Qolaversa, boshqa tijorat banklarida ham yangi takliflarni shakllantiradi. Masalan, oxirgi marta tijorat bankidan 18 foizli imtiyoz asosida 450 million soʻm kredit olganman. Aslida, 24 foiz, lekin oʻqishni bitirgan yoshlarni ish bilan taʼminlaganim uchun imtiyozli foizda berilgan. Shu kabi takliflar ham tadbirkorlarni qiziqtiradi. Yaqinda koʻmirni qayta ishlash boʻyicha yangi loyiha boshlash arafasidaman va buning uchun mablagʻ zarur. Islom moliya xizmatlari ochilgach, takliflari maʼqul kelsa, ulardan ham foydalanish niyatim bor.

Islom banklari ham, odatiy tijorat banklari ham oʻz talablari doirasida taklif beradi, insonlar esa oʻziga maʼqulini tanlaydi. Bunda moliya xizmatlarining ikki turi bir-biriga xavf sifatida shakllanmaydi. Aksincha, odamlarga beriladigan moliyaviy takliflarni oshiradi. Taklif turi qancha koʻp boʻlsa, xizmatlar sifati shuncha ortib boradi. Bu erkin bozor iqtisodiyoti va sogʻlom raqobat tamoyillaridan biri.

 Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri