Toʻlovlarni toʻlash, valuta ayirboshlash, biror turdagi kreditni rasmiylashtirish va boshqa koʻplab masalalar tufayli istalgan vaqtda tijorat banklariga kirishimiz mumkin. Ular taklif etayotgan xizmatlar tanlovida esa imkoniyatimiz ancha keng. Shunga qaramay, bu yoʻnalishda yangi turdagi takliflarga ham ehtiyoj katta.
Keyingi vaqtlarda Oʻzbekistonga
islom qoidalariga asoslangan moliya tizimi kirib kelgani va uni amaliyotda joriy
etish boshlanganiga oid xabarlar yurtdoshlarimiz orasida qizgʻin kutib olinib,
keng muhokama qilinayotgani boisi shunda. Koʻpchilik buni anchadan buyon kutayotganini
aytsa, baʼzilar toʻla islom tamoyillariga asoslangan banklarning ochilishiga
ishonchsiz qaramoqda. Ammo baribir yurtimizda islomiy moliya tizimini
bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar faollashgani
odamlarda alohida qiziqish uygʻotyaрti.
Aslida, mamlakatimizda islomiy moliya tizimini joriy etish harakatlari
2020 yildan boshlangan. Oʻtgan yillardagi oʻrganish va tahlillardan soʻnggina aniq
amaliy ishga oʻtilmoqda. Endi mamlakatimizga islom moliya tizimi nafaqat kirib
keldi, balki amaliyotda tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Hattoki, 2027 yilda
yurtimizda birinchi islomiy bank ochilishi kutilyapti. Ayni paytda esa qator tijorat
banklari islom moliya xizmatlarini koʻrsatishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Biz uchun nisbatan yangi boʻlgan mazkur tizim joriy yil 27 mart kuni
qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga
Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qoʻshimcha va
oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Uning qabul
qilinishi islom moliyasini tashkil etish yoʻlida tashlangan muhim qadamlardan boʻlib,
mamlakatimiz moliya tizimida yangi bosqichni boshlab berishi aytilmoqda. Gap faqat
koʻplab davlatlardagi kabi yurtimizda ham islom moliyasining qoʻllanishida emas,
balki zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish orqali aholining bank-moliya
yoʻnalishidagi xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda
tanlovini kengaytirish haqida boryapti.
Maʼlumotlarga koʻra, baʼzi mamlakatlarda odamlar diniy aqidalari sabab
anʼanaviy tijorat banklari xizmatlaridan foydalanmaydi, moliyaviy oldi-berdilardan
uzoqlashadi. BMT Taraqqiyot dasturi tahlillarida keltirilishicha, bunday omillar
Oʻzbekistonda ham mavjud. Xususan, aholining qariyb 68 foizi va tadbirkorlarning
60 foizi muayyan sabablarga koʻra anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanmaydi.
Ular uchun islomiy bank xizmatlarining taklif etilishi bu boʻshliqni toʻldirishi
mumkin. Qabul qilingan yangi qonun ayni ehtiyojni taʼminlash barobarida
mamlakatimizga yillik 5 milliard dollargacha baholanayotgan islomiy kapitalni
jalb etish imkoniyatini ochishi kutilmoqda.
Foyda nimadan olinadi?
Islomiy banklarni tashkil etish haqida gap borganda, nega bu jarayon
yurtimizda ancha choʻzilgani, aniq vazifalar belgilanganidan keyin ham amaliy
harakatlarga tezda oʻtilmagani koʻpchilikni qiziqtiradi. Iqtisodchi
mutaxassislardan biri bilan suhbat davomida shu masala haqida soʻradim. Aytishicha,
mazkur mexanizmni joriy etish koʻpchilik oʻylaganidek oson emas. Islom moliyasi
nihoyatda katta tizim va uni amaliyotga joriy etish jiddiy moliyaviy harakatlar,
ilmiy asoslar hamda aniq islohotlarni talab qiladi. Oʻzbekiston amaliyotida ham
bunga birmuncha vaqt kerak bo‘lgani boisi shunda. Oʻtgan davr mobaynida qator
davlatlar tajribasi oʻrganilib, xalqaro mutaxassislar ishtirokida tahlil
qilingan. Chet davlatlarda kuzatilgan kamchilik va qiyinchiliklar bizda ham
takrorlanmasligiga eʼtibor qaratilgan. Ana shu jihatlarni oʻzida jamlagan qonun
qabul qilingach, yurtimizda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyishga rasmiy
kirishildi.
Qonun doirasida Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 7 ta qonun
hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Milliy qonunchilikka
“islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari” va “investitsiyaviy omonat”
kabi muhim tushunchalar qoʻshildi.
Qonunda keltirilgan taʼrifga koʻra, islomiy bank faoliyati islom huquqi
(shariat) meʼyorlari va tamoyillari boʻyicha koʻrsatiladigan bank xizmatlari boʻlib,
unda daromad “pul evaziga pul” emas, balki real aktivlar (savdo, lizing, foyda
va tavakkalchilikni taqsimlash bilan hamkorlik)dan kelib chiqadi. Unda foizlar,
haddan tashqari noaniqlik, qimor, moliyalashtirish, qarzni chegirma bilan sotish va
sotib olish, jarimalarni monetizatsiya qilish toʻgʻridan toʻgʻri taqiqlanadi. Xoʻsh, u
holda banklar islom moliyasidan qanday foyda koʻradi?
— Islom bankchiligida moliyaviy operatsiyalarning bir qancha turlari bor va
ularning har biri foyda olishning turli yoʻnalishlarini nazarda tutadi, — deydi
“Mezon” taʼlim kompaniyasi direktori Muxtorjon Akramov. — Masalan, murabaha,
yaʼni oldindan toʻlov asosida moliyalashtirishni olaylik. Bunda real moliya bilan
ishlanadi. Aytaylik, tadbirkorga ish faoliyati uchun biror texnika zarur. Islomiy
bank ana shu texnikani sotib olib beradi va unga oʻzining xarajat yoki foydasini
qoʻygan holda tadbirkorga sotadi. Masalan, 100 million soʻmga texnika olsa, uni
125 million soʻmga beradi. Bunda 25 million soʻm islomiy bankning foydasi va bu
summa toki qarz uzilmaguniga qadar oʻzgarmaydi. Kelishuv asosida toʻlov muddati
belgilanadi va tadbirkor texnika uchun koʻrsatilgan summani oʻsha davr ichida
oyma-oy toʻlab beradi. Bu yerda hech qanday qoʻshimcha ustama, yillik foiz boʻlmaydi.
Qonunga koʻra, banklar 6 turdagi islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga
oshirishi koʻzda tutilyapti. Bu operatsiyalarga foydani taqsimlash sharti asosida
mijozni moliyalashtirish yoki pul mablagʻlarini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish
(muzoraba), vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki investitsiyaviy
omonatlarga jalb etish (vakola), tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni
moliyalashtirish (murabaha), tovarlar uchun oldindan haq toʻlash orqali mijozni
moliyalashtirish (salam), birgalikdagi faoliyatni (sheriklik) amalga oshirish yoki
yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish
(mushoraka) hamda mol-mulkni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga (lizingga)
berish kiradi.
Mazkur moliyaviy operatsiyalarni qonunda belgilangan tartibda tashkil
etilgan va Markaziy bank tomonidan beriladigan tegishli litsenziyaga ega yuridik
shaxslar amalga oshirishga haqlidir. Yaʼni qonun bilan islomiy bank faoliyati uchun
alohida litsenziya joriy etilmoqda. Bunda asosan ikkita model nazarda tutilgan.
Birinchisi, mutlaqo yangidan tashkil etiladigan islomiy banklar litsenziya asosida
ish boshlaydi. Ikkinchisi esa amalda ishlab kelayotgan banklar ham islomiy bank
faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziya orqali bir vaqtning oʻzida ikki yoʻnalishdagi
xizmatlarni koʻrsatishi mumkin. Oddiy banklarda islomiy xizmatlar uchun alohida
“islomiy darcha”lar ochiladi.
Litsenziyaga ega banklar bevosita islom moliyasi asosida belgilangan
xizmatlarni koʻrsatishi mumkin. Ularga alohida soliq imtiyozlari berilishi ham
nazarda tutilgan. Litsenziyani olishning esa aniq talablari belgilangan boʻlib,
mazkur hujjatning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va
litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish taqiqlanadi.
Demak, litsenziya banklarga islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish
huquqini beradi. Bu — faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma degani. Ammo banklar bu
faoliyatni qanday yuritishi esa alohida masala. Yaʼni shariat qoidalariga asoslangan
moliyaviy xizmatlar koʻrsatish talablari qonunda belgilangan boʻlsa-da, amaliyotda
uning qoʻllanishini nazorat qilish ham muhim. Aks holda, odamlarda islomiy banklar
ham anʼanaviy moliya tashkilotlari kabi ishlaydi qabilidagi fikrlar paydo boʻlishi
mumkin.
— Islom moliyasini joriy etishda xalqaro tajriba va sharʼiy standartlar
oʻrganilgani bejiz emas. Ana shu standartlar asosida milliy dastur ishlab chiqiladi
va aholiga taqdim etilayotganda mavjud meʼyorlarga amal qilinishiga jiddiy
eʼtibor qaratilyapti, — dedi Muxtorjon Akramov. — Mazkur talablar ijrosini
Markaziy bank va tijorat banklarida tashkil etiladigan Shariat kengashlari nazorat
qiladi. Ushbu kengashlarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvo markazi
mutaxassislaridan iborat guruh bevosita ishlaydi. Yaʼni islomiy banklarning faqat
nomi emas, balki talab va mexanizmlari ham aynan shariat qoidalariga
moslashtiriladi. Albatta, islom banklarida ham foyda koʻrish degan tamoyil mavjud,
ammo bu shariat qoidalari, mezonlariga asoslanadi.
Qonun bilan islomiy banklar va tijorat banklaridagi “islomiy
darcha”larda koʻrsatiladigan islomiy moliya operatsiyalari, ularni amalga oshirish
tartiblari belgilab qoʻyilgan. Ana shu talablardan chetga chiqqan moliya
tashkilotlariga tegishli tartibda choralar koʻriladi. Yaʼni shariat kengashlarining
nazorati orqali islomiy banklarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri
harakatlar, turli moliyaviy xatarlarda davlat oʻrtada turib, kafolat boʻladi.
Tadbirkorlar uchun
manfaatlimi?
Qonun uch oydan keyin rasmiy kuchga kiradi va yurtimiz tijorat banklarida
birin-ketin “islomiy darcha”lar ish boshlaydi. Hozir 10 dan ortiq bank islomiy
moliya xizmatlarini joriy etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Baʼzilarida esa sinov
tariqasida “islomiy darcha”lar ochilib, uning funksiyalariga qizirqqan aholi va
tadbirkorlarga tushunchalar berib borilyapti.
Moliyaviy xizmatlarning mazkur turiga, ayniqsa, biznes egalari katta
qiziqish bildirmoqda. Ammo aksarimiz islom moliyasi shariat qoidalariga
asoslanishinigina bilamiz, biroq bu aynan qanday talab va shartlar ekani, qoʻllash
mexanizmlari borasida deyarli tushunchaga ega emasmiz. Shu bois, hukumat tomonidan
qabul qilingan loyiha boshqaruv rejasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining
islom moliyasi sohasidagi savodxonligini oshirish, islomiy bank mahsulotlari va
xizmatlari mohiyatini tushuntirishga qaratilgan keng qamrovli moliyaviy targʻibot va
oʻquv dasturlarini olib borish vazifalari belgilangan.
Unda mutaxassislar aholi va tadbirkorlar bilan muloqotlar davomida
islom bankchiligi va instrumentlarining amaliyotda qoʻllanish xususiyatlari haqida
tushuncha bermoqda. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasida qator tashkilotlar bilan
hamkorlikda oʻtkazilayotgan oʻquv seminarlarida ham har gal yuzlab tadbirkorlar
ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olayapti.
— Ochiqi, islom moliyasi haqida eshitganman, ammo hech qanday tushuncham
yoʻq. Shu bois, koʻproq maʼlumot olishga qiziqyapman. Chunki tadbirkor boʻlganim bois,
moliyaviy xizmatlardan koʻp foydalanaman va bu borada doim qulay shartlardagi
takliflarni izlashga intilaman, — deydi Toshkent shahridagi “Auksin” MChJ rahbari
Umarjon Ochilov. — Hozircha islom moliyasi haqidagi maʼlumotlarni oʻrganib, tahlil
qilyapman. Xulosalar baribir amaliyotda foydalana boshlaganimizdan keyin paydo
boʻladi. Agar shartlari bizga qulay boʻlsa, albatta, islom moliya xizmatlaridan
foydalanaman. Bu ham moliyaviy xizmatlar borasidagi tanlov imkoniyatimizni
oshiradi. Qolaversa, boshqa tijorat banklarida ham yangi takliflarni
shakllantiradi. Masalan, oxirgi marta tijorat bankidan 18 foizli imtiyoz asosida
450 million soʻm kredit olganman. Aslida, 24 foiz, lekin oʻqishni bitirgan yoshlarni
ish bilan taʼminlaganim uchun imtiyozli foizda berilgan. Shu kabi takliflar ham
tadbirkorlarni qiziqtiradi. Yaqinda koʻmirni qayta ishlash boʻyicha yangi loyiha
boshlash arafasidaman va buning uchun mablagʻ zarur. Islom moliya xizmatlari
ochilgach, takliflari maʼqul kelsa, ulardan ham foydalanish niyatim bor.
Islom banklari ham, odatiy tijorat banklari ham oʻz talablari doirasida
taklif beradi, insonlar esa oʻziga maʼqulini tanlaydi. Bunda moliya
xizmatlarining ikki turi bir-biriga xavf sifatida shakllanmaydi. Aksincha,
odamlarga beriladigan moliyaviy takliflarni oshiradi. Taklif turi qancha koʻp
boʻlsa, xizmatlar sifati shuncha ortib boradi. Bu erkin bozor iqtisodiyoti va
sogʻlom raqobat tamoyillaridan biri.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri