Koʻpincha biz kasalliklarga qarshi kurashamiz. Balki hayot tarzini oʻzgartirish uchun kurashish vaqti kelgandir? Zero, kasallikning sababini aniqlamay turib, uning oqibatlarini yengishga urinish — teshik idishga suv toʻldirishday gap.

Bugun sogʻlom turmush masalasiga yana bir nuqtai nazardan qarash vaqti keldi. Salomatligimizga malakali munosabatda boʻlish har birimizdan masʼuliyat talab qiladi. Sogʻlom inson tasodifan shakllanmaydi. Uni sogʻlom muhit tarbiyalaydi.

“Biz yurakni davolaymiz, hayotni emas” 

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda yurak-qon tomir xastaliklari umumiy oʻlim sonining 57 foizini tashkil etmoqda. Statistika qiziq: u hamma narsani hisob­laydi, lekin eng muhim narsani emas. Masalan, qancha odam yurak xastaligidan vafot etganini aytadi. Ammo nega inson oʻz yuragini kundalik turmushida asta-sekin charchatib borishini aytib bera olmaydi. Deylik, chap koʻksingizda ogʻirlik, bosim va sanchiq his qildingiz. Shifokorga murojaat qilishingiz tabiiy. U yuragingizni davolaydi. Ammo yurakka olib boruvchi yoʻlni kim davolaydi? Bugun goho gʻijim, goho ogʻriq orqali sogʻligʻingiz haqida signal berayotgan yuragingizni asrayapsizmi? Hech u bilan gaplashib koʻrdingizmi? Bugungi ogʻriqlar oqibati nima bilan tugashi mumkinligini bilasizmi?

— Yurak xastalanishi — hayot uchun jiddiy xavf, — deydi Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov. — Biz, shifokorlar yurak salomatligini tiklashimiz mumkin, ammo hayotni emas. Baʼzan shunday hollar boʻladiki, uni samarali davolaganimiz bilan xatar butunlay ortda qolmaydi. Shifokor tomonidan buyurilgan dori-darmon, xususan, qon bosimini tushiruvchi, qon ivishining oldini oluvchi, xolesterin miqdorini pasaytiruvchi preparatlarni oʻz vaqtida va belgilangan miqdorda qabul qilish kasallikni yengishga yordam beradi. Ammo baribir gap insonning oʻzida qoladi.

Inson vaqtni qadrlasa, harakatni hayotning bir qismi deb bilsa, ortiqcha isteʼmolga emas, meʼyorga oʻrgansa salomatligida muammo kuzatilmaydi. Asta-sekinlik bilan olib boriladigan ruhiy barqarorlik va jismoniy faollik kasallikka qarshi kurashishda bebaho omil sanaladi.

— Infarkt va insult kabi jiddiy kasalliklar xavfini kamaytirishda jismoniy mashgʻulotlarning ahamiyati beqiyos, —
deydi mutaxassis. — Ayniqsa, piyoda yurishning foydasi katta. Kuniga 30 daqiqa yayov harakatlanish yurak faoliyatini yaxshilaydi. Bunda tananing barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, u ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy taʼsir etadi. Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek, nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga ketayotgan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababidan toʻxtamay,
30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.

Jismoniy yuklama bemor holatiga qarab, shifokor koʻrsatmasiga binoan, bos­qichma-bosqich oshirib borilishi mumkin. Ushbu jarayonda velotrenajyor, yengil jismoniy mashqlar ham foydali. Reabilitatsiya davrida shoʻr, yogʻli, xolesterin va glyukozaga boy mahsulotlar, gazlangan ichimliklar, qovurilgan taomlar isteʼmol qilishdan tiyilish lozim.

—  Kasallikdan keyingi davrda imkon qadar stress, qoʻrquv, tushkunlik va xavotir hissidan saqlanishga harakat qilish zarur. Ruhiy barqarorlikda gap koʻp, — deydi mutaxassis. 

Ruhning sokin boʻlishi ahamiyati

Zamonamiz kishilari stressdan xoli boʻlishi imkonsiz. Ishdagi bosim, ijtimoiy talablar va moliyaviy majburiyatlar ortishi inson ruhini toliqtiradi. Bu oʻz-oʻzidan yurak salomatligida iz qoldiradi. Chunki yurak faqat qon haydovchi aʼzo emas, hayotning har bir muyulishida duch keladiganimiz umid va umidsizlik, xiyonat, iztirob, quvonchni avval oʻzidan oʻtkazib, keyin bizga his qildiradigan nozik aʼzodir. Yurakning charchogʻi hamma vaqt ham ishning koʻpligidan boʻlavermaydi. Koʻpincha uni ish emas, ogʻir oʻylar toliqtiradi.

Fikr gigiyenasi degan tushuncha bor. Bu his-tuygʻular muvozanati ham deyiladi. Ruhiy barqarorlikni oʻrganish sogʻlom yashashning asosi. Xoʻsh, bunga qanday erishish mumkin?

—   Baʼzan inson ketma-ket boshidan kechirgan koʻngilsizliklar taʼsirida hamma narsadan salbiy oqibat kutadigan boʻlib qoladi, — deydi tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori Gulasal Ernayeva. — Bunday fikrlash insonning ruhiy va hissiy holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi, depressiya, xavotir va boshqa psixologik muammolarga olib kelishi mumkin.

Uning asosiy shakllaridan biri oq-qora (mutlaq) fikrlashdir. Ushbu yondashuv bilan inson dunyoni faqat “yaxshi” yoki “yomon”, “toʻgʻri” yoki “notoʻgʻri” nuqtayi nazaridan koʻradi. Haqiqatni idrok etishda gradatsiya (asta-sekin yuksalish)ning yoʻqligi, vaziyat­ni sunʼiy murakkablashtirish cheksiz norozilik va umidsizlik hissini keltirib chiqarishi mumkin. Eng yomonini oldindan koʻrish shakli ham keng tarqalgan boʻlib, unda inson har doim haqiqiy sharoitlardan qatʼi nazar, voqealarning eng salbiy rivojlanishini kutadi. Bu haddan tashqari xavotir va kelajakdan qoʻrqishga olib kelishi mumkin. Yurak atalmish nozik aʼzo esa toliqqandan toliqib boraveradi.

Salbiy fikrlaringizni tushunish va tan olish sizning aqliy idrokingizni oʻzgartirishning birinchi qadamidir. Mutaxassislar bu odatni yengish uchun maxsus strategiya va texnikani tavsiya qilishadi. 

Birinchidan, xavotirni yenging. U diqqatni notoʻgʻri boʻlgan hamma narsaga qaratadi. Buni tan olish muhim. Hayotdagi ijobiy jihatlar va muvaffaqiyatlarga eʼtibor qaratishni mashq qilish kerak. Keyin bu odatga aylanadi. Odatlar esa turmush tarzimizni belgilaydi.     

Ikkinchidan, salbiy bashoratlar notoʻgʻri va asossiz boʻlishi mumkinligini tan olish kerak. Fikrlaringizni hamda vaziyatlarni baholashingizni oqilona tahlil qilish foydalidir.

Uchinchi strategiya — diqqatingizni ijobiy fikrlashga yoʻnaltiring. Faqat muammolarga eʼtibor qaratish oʻrniga, imkoniyatlar va yechimlarga koʻproq yondashilsa, maqsadga muvofiq.

Optimizm universal xususiyat emas. Ijobiy his-tuygʻular ong ostiga salbiy his-tuygʻularga qaraganda mustahkam oʻrnashishi uchun koʻproq vaqt talab etadi. Ammo salbiy fikrlashni kuzatib borish va “ortiqcha reaksiya”ning oldini olish muhim. Mutaxassislar taʼkidlashicha, meditatsiya amaliyotlari bunga yordam berishi mumkin. Olimlar meditatsiya bilan shugʻullanadiganlar hayotga nisbatan optimistik nuqtayi nazar va ijobiy his-tuygʻular bilan ajralib turishini isbotlagan.

Meditatsiyaning boshqa koʻplab ijobiy jihatlari ham bor. Masalan, u odamlarga koʻproq atrofdagi voqea-hodisalarga ongli ravishda yondashish va ijtimoiy hayotga yaxshiroq moslashishga imkon beradi. Bu mashgʻulot bilan shugʻullanadiganlar ruhiy kasalliklarga kamroq moyil boʻladi. Shunday ekan, fikrlaringizni kuzatib boring va faqat oʻzingiz xohlagan xatti-harakatlar modellarini yarating. Chunki biz miyamizning “meʼmorlarimiz” va oʻzimizni oʻzimiz shakllantiramiz.

Tana vaznining ortishi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahliliga koʻra, dunyo boʻyicha har sakkiz kishidan biri semizlikdan aziyat chekadi. Qolaversa, 18 yosh va undan katta aholi orasida 2,5 milliard odam ortiqcha vaznga ega. Bu esa koʻplab kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omildir. Tanada ortiqcha yogʻ toʻplanishi, ayniqsa, yurak faoliyati uchun juda zararli.

— Har bir hujayra uchun kislorod va ozuqa zarur, — deydi Respublika ixtisos­lashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maslahat poliklinikasi mudiri Oybek Oʻrinov. — Shuning hisobidan organizmda qon aylanishi yaxshilanadi. Yurak meʼyorida urib, tana boʻylab yetarli miqdorda qon haydaydi.

Bunday vaziyatda doimiy zoʻriqish yurak mushaklarini toliqtiradi. Oqibatda uning hajmi kattalashadi. Koʻpincha “asosiy nasos” vazifasini oʻtovchi chap qorincha aziyat chekadi va uning gipertrofiyasi boshlanadi.  Odatda, qorincha kengayishi birdan noxush alomatlarga olib kelmasa-da, vaqt oʻtishi bilan u qonni samarali haydash qobiliyatini yoʻqotadi. Natijada yurak yetishmovchiligi xavfi ortadi.

Ushbu aʼzo atrofida va ichida hosil boʻlgan yogʻ oʻzidan miokard yalligʻlanishiga olib keluvchi moddalar ajratadi. Oqibatda aritmiya (yurakning qisqarish ritmining buzilishi) ehtimoli yuzaga keladi. Shuningdek, yogʻ toʻqimalari qon tomirlarini toraytirish va organizmda natriy saqlash xususiyatiga ega moddalarni ishlab chiqaradi. Bu esa qon bosimini oshirib, gipertenziya rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Tana vazni ogʻir odamlarda koʻpincha xolesterin va triglitserid miqdori koʻpayib, arteriyalarning ichki devorlarida tiqinlar hosil boʻladi, qon tomirlarini toraytiradi. Qolaversa, semizlik natijasida yurakda kislorod yetishmasligi (ishemiya) yuzaga keladi. Mazkur holat infarkt, stenokardiya va boshqa jiddiy xastaliklar keltirib chiqarish ehtimoli bor.

Yana bir fakt: ortiqcha vaznli odamlarda insulinga nisbatan sezgirlik kamayadi. Mazkur holat qandli diabetning 2-turi paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklarining rivoj­lanishini tezlashtiradi.

Unutmang, tana vaznining, hatto 5-10 ­foizga kamayishi ham yurak-qon tomir tizimidagi zoʻriqishni sezilarli darajada pasaytiradi va salomatlikni yaxshilaydi.

Chunki ortiqcha vazn faqat estetik ­muammo emas. U yurak va butun qon aylanish tizimi uchun jiddiy xavf manbaidir. Vaznni nazorat qilish, sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik bunday xastaliklarning oldini olishda muhim rol oʻynaydi.

Madaniy kategoriya

Salomatlik haqida gap ketganda koʻz oldimizga, eng avvalo, tibbiyot xodimlari va muassasalari keladi. Yangi klinikalar, zamonaviy uskunalar, malakali shifokorlar... Lekin bir savol ochiq qoladi: agar salomatlikni faqat tibbiyot yaratsa nega eng koʻp shifoxonasi bor mamlakatlarda ham jamiyat toʻliq sogʻlom holatda emas?

— Koʻpchilik oʻzining salomatlikka boʻlgan umidini aynan tibbiy omil bilan bogʻlaydi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Ergashev. — Ammo ushbu omilning javobgarlik darajasi ­kutilmagan darajada past boʻladi. Tibbiyotning asosiy maqsadi odamlar salomatligini mustahkamlash, umrini uzaytirish, kasalliklarning oldini olish va davolashdir. 

Taraqqiyot bilan birga kasalliklarning ancha keng tarqalib borishi sababli tibbiyot asosan kasalliklarni davolashga ixtisoslashib, salomatlikka kamroq eʼtibor qarata boshladi. Aynan dorilar bilan davolash koʻpincha salomatlik zaxiralarini pasaytiradi. Shu jumladan, dori vositalarining salbiy taʼsiri organizm zaxiralari rivoj­lanishiga imkon bermaydi. Oxir-oqibatda davolovchi tibbiyot har doim ham salomatlikni mustahkamlaydi, deyish oʻrinli emas.

Toʻgʻri, ayrim rivojlangan mamlakatlarda insonlar umri davomiyligi sezilarli oshgan. Ammo buni tibbiyotning yutuqlari bilan emas, balki oʻsha mamlakatlarda hayot darajasi, aholining mehnat qilish va dam olish sharoitlari takomillashtirilgani bilan bogʻlasak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Hozirgi zamon odamining kasallanishi koʻproq turmush tarzi va har kungi tartibi bilan bogʻliq. Bunda uning hayotida tibbiy madaniyatning nechogʻliq qaror topgani muhim ahamiyatga ega. Tibbiy madaniyat bu, avvalo, oʻzining salomatligi va ehtimoliy kasalliklari haqidagi elementar bilimlar, shifokorlarning qabuliga faqat qandaydir betoblik yoki kasalliklar bilan emas, balki organizm holatini tahlil qilish va tekshirish maqsadida borishdir. Rivojlangan mamlakatlarda aholining eng katta qismi salomatligidan hech qanday shikoyati boʻlmasa-da, tez-tez tibbiy tekshiruvdan oʻtib turadi.

Afsuski, salomatlikni saqlash va mus­tahkamlash imkoniyati qandaydir moʻjizakor xususiyatlarga ega vositaning (haddan tashqari harakat faolligi, ozuqaga boy qoʻshimchalar, psixotreninglar, organizmni tozalash...) hisobiga juda tez amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Shubhasiz, salomatlikka qandaydir bir vosita hisobiga erishish notoʻgʻri. Chunki taklif qilinayotgan yondashuvlarning birortasi ham inson organizmini tashkil qiluvchi funksional tizimlarning hamma qirralarini, oxir-oqibatda insonning tabiat bilan aloqadorligini, shu bilan birga, salomatligi va hayot sifati uygʻunligini qamrab ololmaydi. Eng yaxshi chora — sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish. Sogʻlom turmush tarzi uchta bir-birini toʻldiruvchi elementlar va oʻzaro bogʻliq boʻlgan madaniyat yoʻnalishlaridan tashkil topgan: ovqatlanish, harakatlanish va hissiyotlar ­madaniyati.

Demak, sogʻliq shifoxonada emas, insonning kundalik qarorlarida yaratiladi. Uni ertalabki nonushta, kechqurungi sayr, kitob oʻqish madaniyati, mehnat va dam olish muvozanati, hatto muloqot uslubi shakllantiradi.

Shu maʼnoda, sogʻlom turmush tibbiy tushuncha emas. U madaniy kategoriyadir.

JSST nima deydi?

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2050-yilgacha 11,5 millionta kasallanish holatining oldini olish boʻyicha tavsiyalarini eʼlon qilgan edi. Tashkilotning avvalgi hisobotida keyingi oʻn yil davomida dunyo boʻ­yicha kattalar oʻrtasida jismoniy faollik darajasi 5 foizga pasaygani maʼlum qilingan, agar bu tendensiya davom etsa, 2030-yilgacha kamharakatlik koʻrsatkichi 35 foizgacha oshishi mumkinligi ham aytilgandi.

Ushbu tahlillarga asoslanib tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi eʼlon qilgan yangi qoʻllanmada jismoniy faollik targʻibotiga urgʻu berilgan.  Undan oʻrin olgan koʻrsatmalar sport mashgʻulotlari orqali aholi salomatligini mustahkamlashni koʻzda tutadi. Xususan, qoʻllanmada haftasiga 150 daqiqa oʻrtacha intensivlikdagi jismoniy faollik bilan shugʻullanish tavsiya qilingan. Yoki 75 daqiqalik kuchli jismoniy faollik ham buning oʻrnini bosa oladi. Aks holda, kamharakatlik infarkt, insult, 2-tur qandli diabet, demans, koʻkrak va yoʻgʻon ichak saratoni kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi.

Xoʻsh, bu tavsiyalarga amal qilish orqali qanday natijalarga erishish mumkin?

Yangi qoʻllanmada bu savolning javobi ham aks etgan. Qayd etilishicha, agar Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi haftasiga 150 daqiqalik jismoniy faollikka erishsa, 2050-yilgacha 11,5 millionta kasallanish holatining oldini olsa boʻladi. Jumladan, 3,8 million kishi yurak-qon tomir xastaliklariga, 400 ming nafar odam saratonga chalinish xavfidan himoyalanadi.

Qolaversa, bu orqali mintaqa boʻyicha yiliga bemorlar salomatligini tiklashga sarflanadigan 8 milliard yevro tejaladi.

Bu nega muhim?

Sogʻlom turmush targʻiboti baʼzan yuragingizga yetib bormasligi mumkin. “Sport bilan shugʻullaning”, “Toʻgʻri ovqatlaning”, “Zararli odatlardan voz keching” kabi chaqiriqlar sizga taʼsir qilishi ham bahstalab mavzu. Chunki insonni faqat maʼlumot emas, maʼno oʻzgartiradi. Nega u sogʻlom yashashi kerak? Bu savolga shaxsiy va ijtimoiy javob topilmaguncha, eng yaxshi tavsiya ham nav­batdagi targʻibot boʻlib qolaveradi. Har bir tongni umid bilan qarshi olish, har bir nafasni bebaho neʼmat deb bilish, berilgan umrni munosib yashab oʻtishga intilish hayotni goʻzal qiladi. Tanasida ogʻir dardni koʻtarib yurgan odamning qalbiga ilm, ijod, muhabbat, el-yurtga xizmat qilish, jondan aziz farzandlar kamolini koʻrish baxti sigʻmaydi. Sogʻliq hayotning oddiy neʼmati emas. U orzular roʻyobi, yuksak maqsadlar poydevori, umr atalmish yoʻlning goʻzal maʼnosi. Hayotni qanday kechirish esa oʻzingizga bogʻliq. Sogʻlom turmush tarzini tabiiy hayot meʼyoriga aylantiradigan madaniyatni shakllantiring. Bu tanangizga kuch-quvvat, ruhingizga osoyishtalik, hayotga mehr uygʻotadi. Oilangizda esa Vatan koriga yaraydigan asl farzandlar voyaga yetadi.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri