Shuningdek, davlat rahbarlari Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirayotgan va yangilarini boshlashni rejalashtirayotgan Germaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillarini samimiy qutladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha loyihalarni bajarish uchun grant mablagʻlari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida bir qator qoʻshma investitsiya va taʼlim loyihalariga start berildi. Toshkent shahrida “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yigʻishni tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temir yoʻl sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar shular jumlasidan.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.