Ushbu muloqotlar doirasida soha vakillari, faol ijodkorlar, tadbirkorlar hamda izlanuchan yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri fikr almashish, muammolarni eshitish va yechimlar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Navbatdagi ochiq muloqot joriy yilning 22
aprel kuni Turkiston sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi
vakillari, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, kompozitorlar va bastakorlar,
teatr va tsirk sanʼati vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, unda kompozitorlar va bastakorlar,
shuningdek teatr va tsirk sanʼati vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi hamda ushbu uchrashuv ochiq va samarali
muloqot maydoniga aylandi.
Dastlab, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek
Nazarbekov bugungi kunda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va
ularning mazmun-mohiyatiga alohida
toʻxtalib
oʻtdi.
Uning taʼkidlashicha, boʻlajak uchrashuvlarning
asosiy maqsadi — shaxsiy masalalarni hal qilish emas, balki butun bir sohani
rivojlantirishga qaratilgan strategik takliflarni muhokama qilishdan iborat.
Davlat rahbari ijodkorlarning orzu-intilishlari, sohadagi tizimli muammolar va
ularning yechimlarini shaxsan eshitishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Shuningdek, vazir madaniyat sohasida amalga
oʻshirayotgan muhim yangiliklardan biri — teatr tizimidagi yangi eksperiment
haqida ham maʼlum qildi. Unga koʻra, endilikda teatrlarga oʻzlari tanlagan
ustalar va mutaxassislar bilan taklif soʻrovi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik
qilish imkoniyati berilmoqda.
Bu esa teatrlarning ijodiy mustaqilligini
oʻshirib, ularga oʻz repertuari va maqsadlaridan kelib chiqib, sohaning yetuk
mutaxassislari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish imkonini yaratadi.
Natijada, ijodiy sifat va raqobat muhiti yanada kuchayishi kutilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, mazkur yangi tizim
2027 yilgacha tajriba tariqasida Madaniyat vazirligi vakolati doirasida amalga
oʻshiriladi. Ushbu davr mobaynida uning samaradorligi tahlil qilinib, keyinchalik
tizimni takomillashtirish choralari koʻriladi.
Mazkur ochiq muloqot madaniyat sohasidagi
islohotlarning yangi bosqichga koʻtarilayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Ayniqsa, davlat rahbarining soha vakillari bilan bevosita muloqotga tayyorligi
va ularning fikrlarini inobatga olishga boʻlgan intilishi — sanʼat va madaniyat
rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muloqot davomida sanʼat sohasi vakillari
oʻzlarini qiynayotgan muammolarni bevosita vazir va mutasaddilarga yetkazish
imkoniga ega boʻldi. Har bir taklif va murojaat eʼtibor bilan tinglanib, ularga
joyida munosabat bildirish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga harakat qilindi.
Uchrashuvda madaniyat sohasidagi amaldagi
tizimni takomillashtirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ayniqsa, teatr
tizimidagi moliyaviy va tashkiliy yondashuvlarni zamon talablariga moslashtirish
zarurligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv Prezident topshiriqlari asosida tashkil etilgan boʻlib, unda sohadagi
dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston xalq artisti Oʻzbek
milliy akademik drama teatri direktori Yoʻdgor Saʼdiev mazkur muloqot ahamiyatiga alohida
toʻxtalib oʻtdi.
— Bugun juda
chiroyli va foydali yigʻilish boʻlyapti. Eng muhimi, bu ochiq
muloqot. Prezidentimiz shaxsan shunday topshiriq bergan ekanlar — sohada nima
muammo boʻlsa, bemalol aytishsin, deganlar. Bu esa bizga katta imkoniyat, — dedi
u.
Uning taʼkidlashicha, madaniyat sohasiga
qaratilayotgan eʼtibor davlat rahbarining bu yoʻnalishga boʻlgan yuksak munosabatini
yana bir bor namoyon etmoqda.
— Prezidentimizning madaniyatga boʻlgan
mehrlari, bu sohaga qaratayotgan eʼtiborlari yana bir bor sezildi. Bu biz,
ijodkorlar uchun katta ruh va qoʻllab-quvvatlov, — deya qoʻshimcha qildi Yoʻdgor Saʼdiev.
Suhbat davomida u uzoq yillardan beri
sohani qiynab kelayotgan muhim muammolardan biri — davlat xaridlari tizimiga ham
toʻxtaldi.
— Eng katta muammolardan biri davlat
xaridlari masalasi edi. Teatr oʻz ehtiyoji uchun biror jihoz yoki vosita sotib
olmoqchi boʻlsa, birja orqali juda murakkab jarayonlardan oʻtishga majbur boʻlardi.
Oqibatda esa sifatsiz mahsulotlar kelib tushardi, — dedi u.
Maʼlum qilinishicha, bu masala yuzasidan
tegishli takliflar yuqori darajada koʻrib chiqilgan va amaliy yechimlar belgilangan.
— Hozirgi qarorga koʻra, 2026 yil oxirigacha
davlat xaridlari madaniyat vazirligi tizimi doirasida alohida tartibda sinov
tariqasida amalga oshiriladi. Keyin esa 2027 yildan boshlab bu tizimni yanada
takomillashtirish rejalashtirilgan. Bu juda katta oʻzgarish, — deya taʼkidladi u.
Sanʼatkor fikricha, mazkur yangiliklar
nafaqat maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytiradi, balki ijodkorlar mehnatini munosib
qadrlashga ham xizmat qiladi.
— Bu qaror ortida juda katta gʻoya bor —
inson qadrini ulugʻlash. Inson qadri esa, avvalo, uning mehnatini qadrlashdan
boshlanadi. Bu oʻzgarishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi, — dedi u.
Uchrashuv davomida sanʼat vakillari oʻzlarini
qiynayotgan barcha masalalarni erkin bildirish imkoniga ega boʻldi. Masʼullar esa
har bir murojaatni joyida koʻrib chiqib, tegishli choralar belgilashga kirishdi.
Shuningdek,
uchrashuvda Oʻzbekiston
davlat drama teatri v.b. direktori Sardor Mansurov sohadagi
dolzarb muammolar va amaliy takliflarni ochiq bayon qildi.
Suhbat
davomida direktor xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlar masalasiga alohida
toʻxtaldi.
— Bugungi
kunda xizmat safari xarajatlari haligacha eski mezonlar asosida hisoblanmoqda.
Yaʼni kunlik toʻlovlar eng kam ish haqining 8–10 foizi miqdorida belgilangan.
Amalda esa bu mablagʻ xodimning kunlik ehtiyojlarini qoplashga yetarli emas, — dedi
u.
Uning
taʼkidlashicha, viloyatlarga xizmat safariga chiqadigan ijodkor va texnik xodimlar
bir necha kun, hatto haftalab joylarda faoliyat olib boradi.
— Masalan,
bir kunda oʻrtacha 37 ming soʻm atrofida mablagʻ ajratiladi. Bu esa yoʻl, ovqatlanish
va boshqa xarajatlar uchun juda kam. Shuning uchun mazkur meʼyorni qayta koʻrib chiqish
zarur, — deya qoʻshimcha qildi Sardor Mansurov.
Shu bilan
birga, teatr muassasalaridagi moliyaviy rejalashtirish tizimi ham qayta koʻrib
chiqilishi kerak boʻlgan muhim masalalardan biridir. Amalda har bir teatr uchun
yillik daromad rejasi belgilangan boʻlib, u koʻp hollarda xodimlar oyligiga
bogʻlab qoʻyilgan. Natijada, oylik maoshlar oshgani sayin, teatrlar zimmasiga yuklanadigan
moliyaviy reja ham ortib bormoqda.
Bu esa
rahbarlar va maʼmuriy xodimlar uchun ortiqcha moliyaviy bosim yuzaga keltiradi. Shu
sababli, mutaxassislar tomonidan teatrlarning moliyaviy rejasini ularning real
imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilash taklifi ilgari surilmoqda.
Xususan,
teatrning daromad rejasi uning tomoshabinlar zali sigʻimiga qarab shakllantirilishi
maqsadga muvofiq. Chunki 500–600 oʻrinli katta teatrlar bilan 200 oʻrinli kichik
teatrlarning iqtisodiy imkoniyatlari bir xil emas. Shu jihatni inobatga olgan
holda, moliyaviy rejalarni ham differentsial tarzda belgilash adolatli yondashuv
boʻladi.
Oʻzbekiston
davlat drama teatri v.b. direktori mazkur takliflarni amaldagi Vazirlar
Mahkamasining 329-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali hal
etish mumkinligini bildirdi.
Uchrashuv
yakunida soha vakillari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tegishli tartibda
koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.
Mazkur ochiq
muloqotlar madaniyat sohasini yanada rivojlantirish, ijodkorlar uchun qulay
sharoitlar yaratish va milliy sanʼatni xalqaro miqyosga olib chiqish yoʻlida muhim
qadam boʻlishi taʼkidlanmoqda.
Zulxumor
Akbarova
Madina
Botirjonova
Dilnura Abu Bakirova