Mazkur jarayonlar birinchi navbatda samaradorlikka xizmat qilish bilan birgalikda keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, raqamli diplomatiyaning shakllanishi va rivojlanishi ham diplomatiyaning yutuqlaridan biridir. Xalqaro maydonda davlatlar tomonidan tashqi siyosatda raqamli diplomatiyadan keng foydalanish axborot globallashuvi davrida zaruratga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham raqamli diplomatiyani rivojlantirish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mazkur sohani rivojlantirish maqsadida avvalo huquqiy bazani yaratishga alohida e’tibor berildi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 5-aprel PF-5400-sonli Farmoni qabul qilinadi. Unda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, shuningdek, global axborot maydonida mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi belgilangan.
Mazkur Farmon mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi tizimida raqamli diplomatiyani olib borish uchun kerak moddiy-texnik bazani yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Zero, kerakli ta’minlanmagan raqamli texnologiyalarsiz raqamli diplomatiyani olib borish imkonsizdir.
2018-yil 6-aprelda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qarori ham qabul qilinadi. Unda vazirlik axborot kommunikatsiya tizimini kerakli ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilanadi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi muassasalari tizimini ilg‘or texnologiyalardan foydalanib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha quyidagi kompleks chora-tadbirlar belgilanadi.
Tashqi ishlar vazirligining moddiy-texnika bazasini zamonaviy kompyuter texnikasi va dasturiy ta’minot vositalari bilan mustahkamlash, axborot tarmoqlarini modernizatsiyalash, axborot xavfsizligini mustahkamlash;
himoyalangan videokonferensaloqa tizimini, shuningdek, xalqaro shartnomalarni, ularning amalga oshirilishini inventarizatsiya va monitoring qilishni yagona hisobga olish elektron ma’lumotlar bazasini yaratish;
veb-saytlarni, konsullik xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish va ularni elektron shaklga o‘tkazish;
Tashqi ishlar vazirligining Murojaatlarni qabul qilish sektori (call-center)ni zamonaviy asbob-uskunalar va aloqa texnika vositalari bilan jihozlash, kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash yagona elektron tizimini va zarur dasturiy ta’minotlarni yaratish;
Internet tarmog‘i, shu jumladan, ijtimoiy platformalarning imkoniyatlaridan keng foydalanishni nazarda tutadigan “raqamli diplomatiya”ning qo‘llanilishini kengaytirish.
Bundan tashqari, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish vazifasi belgilanib qo‘yildi.
Mamlakatimizda raqamli diplomatiyani rivojlantirish sa’y-harakatlari nisbatan qisqa davrda boshlangan bo‘lsa-da, olib borilgan ishlar o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. O‘zbekistonda raqamli diplomatiyaning birinchi bosqichlari shakllanayotganini 2016-yilda “Digital Diplomacy” Internet nashri e’tirof etgan edi. Nashr dunyoning 210 ta mamlakati tashqi siyosat idoralari faoliyati natijadorligini oshirish maqsadida tadqiqot olib boradi hamda dunyo reytingini tuzadi.
Tashqi ishlar vazirligining raqamli diplomatiyasini rivojlantirish xorijda axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirishning kompleks tizimini yaratish, xalqaro media-makonni jamiyatimiz va davlatimiz hayotida ro‘y berayotgan muhim voqealarni xolisona yoritishni ta’minlaydigan sifatli axborot-tahliliy materiallar bilan boyitish, shuningdek, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat rahbariyatining respublika ijobiy imijini ilgari surishga qaratilgan xalqaro tashabbuslari to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida “Dunyo” axborot agentligi va “Dunyo” axborot agentligining tarkibiy bo‘linmasi sifatida Media-markaz tashkil etiladi.
So‘nggi yillarda yuqori davlat lavozimdagi rahbarlarning, jumladan, bosh vazir, uning o’rinbosarlari, vazirlar va turli davlat tashkilotlari rahbarlarining ijtimoiy tarmoqlarda o‘z rasmiy sahifalarini yaratishi va sohada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha muntazam yoritib borish faolligi sezilmoqda. Mazkur jarayonlar davlatlararo diplomatik faoliyatni olib borishga keng imkoniyatlar yaratish bilan birgalikda xorijiy jamoatchilik bilan tez va oson muloqot qilish imkonini beradi.
O‘zbekistondagi raqamli diplomatiyaning bugungi holati xorijiy tajribani o‘rgangan holda mamlakatimizda raqamli diplomatiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflarni keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir:
Birinchidan, Tashqi ishlar vazirligi tizimida raqamli diplomatiyani olib borish va ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida bo‘lim tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Jumladan, AQSH Davlat departamentida 2003-yilda tashkil etilgan Elektron diplomatiya bo‘limi (Office of Ediplomacy) bo‘lib, raqamli diplomatiya faoliyatini muvofiqlashtirib, rivojlantirish bo‘yicha maslahatlar ko‘rsatadi va yangi innovatsiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, mazkur bo‘limning TechCamps loyihasi bo‘lib, Internet orqali diplomatiyani takomillashtirish bo‘yicha turli seminar va konferensiyalarni tashkil etish hamda o‘tkazish uchun yaratilgan. Loyihada diplomatlar, olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etadi.
Ikkinchidan, raqamli diplomatiyani olib borishda Internet va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni juda muhimdir. Shu sababli, Tashqi ishlar vazirligi, xorijiy diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari moddiy texnik bazasini yangilash, o‘zaro axborot almashinuvini tezkorligi va xavfsizligi ta’minlaydigan maxsus dasturlar ishlab chiqish zarurdir. Misol uchun, AQSH Davlat departamentida “Corridor” qidiruv dasturi (2011-yilda tashkil etilgan) Davlat departamenti xodimlari o‘rtasida fikr almashish va axborot qidirish imkoniyatini beradi. Xodimlar o‘zlari amalga oshirgan ishlarni va bog‘lanish uchun ma’lumotlarini platformaga yuklashi, shuningdek, boshqa hamkasblari bilan (elchilar va siyosatchilar) tajriba almashishlari mumkin.
Uchinchidan, Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari xodimlari va elchilar uchun raqamli diplomatiya bo‘yicha maxsus qayta tayyorlov kurslari tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Mazkur kurslarda orqali raqamli diplomatiyani olib borish, sohada Internet va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanish hamda xorijiy auditoriya bilan muloqot qilish borasida tegishli bilimlar o‘rgatilishi samara beradi.
Izzatullayev Bobirjon,
Toshkent davlat yuridik universiteti
o‘qituvchisi