Xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu musobaqada sohaning eng zukko va bilimdon vakillari o‘zaro kuch sinashdi.
Bellashuvda Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlaridan shakllantirilgan jami 39 ta jamoa ishtirok etdi. Intellektual bahslar davomida ishtirokchilar mantiqiy va tahliliy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish hamda jamoaviy ishlash borasidagi qobiliyatlarini namoyon etdilar.
— Ijtimoiy himoya milliy agentligi markaziy apparatidan tashrif buyurdik, — deydi musobaqa ishtirokchisi Feruza Babaqulova. — Bugungi “Zakovat” o‘yinida jamoamiz “Jadidchilar izdoshlari” nomi ostida ishtirok etdi. Dastlab ko‘proq tarixiy yo‘nalishdagi savollarga tayyorlangan edik. Biroq bugungi savollarning asosan mantiqiy va tahliliy fikrlashga yo‘naltirilgani bahslarni yanada qiziqarli qildi.
O‘yin jarayonida jamoaviy ishlash, bir-birimizning fikrimizni tinglash va hamjihatlikda qaror qabul qilish naqadar muhim ekanini yanada chuqurroq his qildik. Eng muhimi, bugungi bellashuv barchamizda iliq taassurot va unutilmas xotira qoldirdi.
— Bugun Ijtimoiy himoya milliy agentligida haqiqiy bayram kayfiyati hukm surmoqda, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktor maslahatchisi Bahrom Ilhomjonov. — Markaziy apparat, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlaridan jam bo‘lgan jamoalar “Zakovat” bahslarida ishtirok etmoqda. Ayni paytda markaziy apparatdan 19 ta, hududlardan 14 ta hamda tizim tashkilotlaridan 6 ta jamoa o‘zaro bellashyapti.
“Zakovat” — bu shunchaki savol-javob emas. Bu, avvalo, hamjihatlik, do‘stlik va bir-birini yaqindan anglash imkoniyatidir. Shu ma’noda, bugungi tadbirda aslida barcha g‘olib, deb o‘ylayman. Chunki bunday intellektual o‘yinlar jamoaviy ruhni mustahkamlaydi, xodimlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytiradi.
Mazkur intellektual loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida xodimlarning professional rivoji, ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish hamda sog‘lom jamoaviy muhitni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarning amaliy davomi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir nafaqat ishtirokchilarning kasbiy salohiyati, balki ularning intellektual tafakkuri, bilim darajasi va tezkor fikrlash qobiliyatini ham namoyon etishga xizmat qildi. Bir so‘z bilan aytganda, “Zakovat” arenasida
intellektual bahslar qizg‘in kechdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘olib jamoalar Agentlik tomonidan munosib taqdirlandi. Xususan, 3-o‘rinni “Farg‘ona” jamoasi, 2-o‘rinni “Islombek Axmadaliyev” jamoasi, 1-o‘rinni esa “Xorazm” jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. Madina Botirjonova,
Lobar Boboxonova