Bu borada intellektual loyihalar va bilim maydonlari yosh davlat xizmatchilarining kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarda mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil qilish, jamoa bilan ishlash, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, muloqot va liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa zamonaviy davlat xizmatchisi uchun zarur bo‘lgan professionalizm, natijadorlik va mas’uliyat kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida “Yoshlar oyligi doirasida hamda 23 iyun — Davlat xizmati kuniga bag‘ishlangan Farg‘ona viloyati hokimi kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona shahridagi Farg‘ona ekspo markazida tashkil etilgan intellektual bellashuvda viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimliklari, davlat organlari hamda tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan davlat xizmatchilaridan iborat 60 ta jamoa ishtirok etdi. Musobaqa Farg‘ona viloyati hokimligi, Boshqaruv samaradorligi agentligining Farg‘ona viloyati filiali hamda Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Bellashuv davomida ishtirokchilar turli sohalarga oid savollar orqali o‘z bilimlari va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazdilar. Shu bilan birga, ular ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, cheklangan vaqtda qaror qabul qilish, jamoaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va murakkab vaziyatlarda samarali ishlash kabi ko‘nikmalarini ham namoyon etdilar.

— Bugungi davlat xizmatchisi nafaqat o‘z sohasini yaxshi bilishi, balki raqamli fikrlash, strategik yondashuv, kognitiv moslashuvchanlik va emotsional intellekt kabi kompetensiyalarga ham ega bo‘lishi zarur. Intellektual o‘yinlar ana shu sifatlarni rivojlantirish uchun amaliy maydon vazifasini o‘taydi, — deydi Boshqaruv samaradorligi agentligining Farg‘ona viloyati filiali rahbari Ahadjon Akbarov. —Mazkur intellektual loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, intellektual salohiyatni yuksaltirish va davlat xizmati uchun raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘zbekiston tumani hokimligi jamoasi 2-o‘rinni, Farg‘ona shahar hokimligi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga Farg‘ona viloyati hokimining kubogi, diplomlar hamda sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.