Toshkent shahrida ilk marotaba joriy yilning 18–20-may kunlari “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” mavzusida yirik xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

Unda, 200 nafarga yaqin xorijiy va mahalliy ishtirokchilar qatnashmoqda.

Uch kun davom etadigan forumda 20 ga yaqin (Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Koreya, AQSh, Fransiya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Vengriya Tojikiston va Armaniston) davlatlardan nufuzli olimlar, 20 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari rektorlari, shuningdek, prorektorlar, professorlar va PhD olimlar, dekanlar, etnomuzikologlar, tadqiqotchilar, madaniyat markazlari rahbarlari, o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro forum mamlakatimizda musiqa va madaniyat ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli yondashuvlarni keng joriy etish, xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumning ilk kunida “Madaniyat ta’limida sun’iy intellektning ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham tashkil etildi. Ushbu konferensiyada madaniyat va san’at ta’limi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, o‘quv jarayoniga SI asosidagi kreativ platformalarni musiqa kompozitsiyasi, vizual dizayn va media san’at yo‘nalishlarida integratsiya qilish, shuningdek, SI orqali milliy musiqa cholg‘ularini o‘rgatishda avtomatik tovush tahlili, maqom va baxshichilik ijrolarini raqamli arxivlash, teatr merosini virtual formatda saqlash va madaniyat ta’limiga ixtisoslashgan interaktiv platformalarni yaratish masalalari muhokama qilindi. (Konferensiya dasturi ilova qilinadi) Konferensiya yakunida 10 banddan iborat konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi

Shuningdek, xalqaro forum doirasida Turkiy davlatlar, MDH va yevropadan tashrif buyurgan OTM rahbarlari ishtirokida Rektorlar forumi tashkil etildi. Rekrorlar forumida O‘zbekiston va xorijiy OTM rahbarlari tomonidan o‘quv jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish, qo‘shma ijodiy loyihalar, qo‘shma ilmiy-uslubiy nashrlar, institut professor-o‘qituvchilari malakasini oshirishga ko‘maklashish hamda talabalar almashinuvi yuzasidan 20 ga yaqin hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Poytaxtdagi “Tashkent city” bog‘ining amfiteatr majmuasida forum ishtirokchilari uchun “OPEN AIR” gala-konserti bo‘lib o‘tadi. Mazkur gala-konsertda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning taniqli xonandalari ishtirok etadi. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov, taniqli xonanda Otabek Muhammadzohid, xalqaro tanlovlar laureatlari Umid Israilov, Damir Raxmonov, To‘lqin Tojiyev, Musag‘ali Moldabayev, Yorqinxo‘ja Umarov, Sherzod Masharipov, Yasmina Husniddinova “Do‘stlik” ordeni sohibi Akjol Meldebekov va Yasmina Omar-Mun “Shuhrat” medali sohibi Rasul Abdullayev va Sabina Hamdamova hamda “Bek” ansambli, “Tomosha” bolalar musiqali teatr studiyasi o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanak Mammadova hamda rossiyalik taniqli xonanda Stas Pexa ham ushbu gala-konsertda ishtirok etadi.

Forumning ikkinchi kunida Madaniyat vazirligi tizimidagi Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi, xususan: Madaniyat vazirligi tasarrufidagi 6 ta oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Xalqaro ilmiy amaliy konferensiyalar o‘tkaziladi.

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining anjumanlar zalida “O‘zbek milliy musiqa san’atida yangi tendensiyalar va innovatsion jarayonlar integratsiyasi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman; O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining “Turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolish, o‘rganish, tadbiq etish va rivojlantirishda Oliy ta’lim muassasalarining roli” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman; O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutining “O‘zbekistonda musiqiy estrada san’ati: ilmiy tahlil, ta’lim va amaliyot” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya; O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Madaniyatlararo integratsiyani kuchaytirishda ijodkorlik va ijrochilik masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya; O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining “Inklyuziv ta’limda xoreografiya san’ati va uning ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy seminar; S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti Toshkent shahar filida “O‘zbekiston va Rossiya kino motografiyasida – sun’iy intelektdan foydalanish tajribalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tadi.

Forum davomida 80 dan ortiq ilmiy ishlar, innovatsion loyihalar va amaliy tadqiqotlar taqdim etiladi.

Forumning uchinchi kuni Islom Sivilizatsiyasi markazi hamda Toshkentning diqqatga sazovor joylariga tashriflar uyushtiriladi.

Forum yakunlari bo‘yicha 20 ga yaqin xalqaro hamkorlik memorandumlari, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2017-yilgacha vazirlik tasarrufida 333 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Madaniyat vazirligi tasarrufida ushbu ko‘rsatkich 382 tani tashkil etmoqda. Xususan, Toshkent shahrida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti kabi qator yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 6 taga ko‘paydi va 4 tadan 10 taga yetkazildi;

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning Urganch, filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiallari tashkil etildi;

Raqs, maqom, opera va baxshichilik san’ati yo‘nalishida o‘rta maxsus ta’lim muassasalari 23 tadan 29 taga yetkazildi. Jumladan: Urganch, Buxoro, Farg‘ona shahrida maqom san’atiga, Termiz shahrida baxshichilik san’atiga, Nukus shahrida opera san’atiga, Urganch, Qarshi, Buxoro shaharida raqs san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internatlari tashkil etildi;

Hududlarda bolalar musiqa va san’at maktablari soni 21 taga ko‘payib, 305 tadan 326 taga yetkazildi;

Ilmiy tadqiqot muassasalari va malaka oshirish markazi 2 taga ortib, 1 tadan 3 taga yetkazildi;

2017 yilda madaniyat va san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchi-talabalar qamrovi 80,7 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa 2025 – 2026 o‘quv yilida 110 ming 245 nafarni tashkil qilib, yillik qamrov 29 ming 545 taga ko‘paytirildi.

O‘quvchi-talabalarning xalqaro va respublika tanlovlaridagi yillik o‘rtacha ishtiroki 1 700 tadan 5 376 taga ko‘paygan.

Respublikadagi barcha 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabida “Maqom alifbosi” hamda 29 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabida “Maqom san’ati tarixi” o‘quv fani kiritildi.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri hamda Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” tashkil etildi.

Bolalar musiqa va san’at maktablarining direktor va direktor o‘rinbosarlari oylik maoshlari 50 foizga, o‘qituvchi-konsertmeysterlarning oylik maoshlari esa 25 foizga oshirildi.

95 ta bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik san’ati yo‘nalishi o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilib, 1 278 nafar iqtidorli yosh qamrab olindi.

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro forumi ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Ushbu forum muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilgan.