Ayni paytda ushbu mezon doirasida har bir xalq tarixida milliy g‘urur va iftixor bilan eslanadigan unutilmas va buyuk sanalar bo‘ladi. Bu yil xalqimiz 1991-yildagi tarixiy voqea — O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinganining 35 yillik shonli sanasini nishonlash baxtiga muyassar bo‘lib turibdi. Bu davr fuqarolarimiz uchun o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy davlatchilikni tiklash va jahon hamjamiyatida teng huquqli subyekt sifatida o‘z o‘rnini topish borasidagi murakkab, ammo sharafli zafarnoma yo‘li bo‘ldi.

Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ushbu qutlug‘ sanani yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salo-hiyati va jahon maydonidagi nufuziga mos yuksak darajada nishonlashni ta’minlaydi. Zero, mustaqillik xalqimizning matonati, ajdodlar orzusi va yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi ezgu sa’y-harakatlarimizning mustahkam asosidir.

Qarorda belgilangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya umummilliy birdamlik, bunyodkorlik va kelajak uchun mushtarak mas’uliyat timsoli sifatida mustaqillik bayramini yanada ko‘tarinki ruhda, hamjihatlik va katta taraddud bilan qarshi olishga o‘ziga xos da’vat bo‘ldi desak, mubolag‘a emas.

O‘zbekiston xalqi uchun istiqlol nafaqat davlat suverenitetining e’tirofi, balki milliy davlatchilik an’analarini qayta tiklash, xalqning asriy orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar davrining boshlanishi bo‘ldi.

Tarixiy tafakkur shuni ko‘rsatadiki, har qanday mustaqil davlatning barqaror taraqqiyoti, avvalo, mustahkam konstitutsiyaviy poydevorga tayanadi. Davlat mustaqilligi xalqning siyosiy irodasini ifoda etsa, Konstitutsiya ana shu irodani huquqiy jihatdan mustahkamlaydigan, davlat va jamiyat hayotining asosiy qoidalarini belgilaydigan Bosh qonun sifatida maydonga chiqadi. Shu ma’noda, mustaqillik va Konstitutsiya bir-birini to‘ldiruvchi, mamlakat taraqqiyotining uzviy bog‘liq ikki strategik tayanchidir.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida ushbu uyg‘unlik yanada chuqur mazmun kasb etmoqda. Konstitutsiyaning yangi tahriri inson qadrini eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etib, “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini mamlakat taraqqiyotining konstitutsiyaviy asosiga aylantirdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli konstitutsiyaviy islohotlar, qonun ustuvorligi, ijtimoiy davlat tamoyillarini qaror toptirish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgarishlar O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri va izchil ekanini tasdiqlamoqda.

Konstitutsiyada milliy davlatchilik huquqiy asoslari sifatida davlat hokimiyatining tashkil etilishi, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi, xalq hokimiyatchiligi asoslari va davlat suvereniteti kabilar qat’iy belgilandi. Inson huquqlari va erkinliklarining oliy qadriyat sifatida e’lon qilinishi mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishini aks ettirdi. O‘tgan davrda konstitutsiyaviy islohotlar izchil ravishda amalga oshirildi: davlat boshqaruvi modernizatsiya qilindi, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi takomillashtirildi, sud hokimiyatining mustaqilligi bosqichma-bosqich mustahkamlandi.

Uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi hayotiy dastur

O‘zbekistonning jadal va barqaror rivojlanishi milliy davlatchilikda mustahkam huquqiy va institutsional poydevor yaratilganidan dalolat beradi. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakat hayotida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar mazkur taraqqiyotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Bu jarayon dunyo hamjamiyati tomonidan “Yangi O‘zbekiston” fenomeni sifatida e’tirof etilmoqda. Bu atama tom ma’noda davlat va jamiyat rivojlanishining yangi falsafasi, xalqchil boshqaruv madaniyati hamda konstitutsiyaviy taraqqiyotning zamonaviy modelini bildiradi.

Mazkur jarayonning eng muhim xususiyati shundaki, taraqqiyot markaziga davlat emas, inson masalasi qo‘yildi. Bu esa “davlat — jamiyat — inson” emas, balki “inson — jamiyat — davlat” degan mutlaqo yangi konstitutsiyaviy formulaning hayotga tatbiq etilishida o‘z ifodasini topdi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlarning asosiy maqsadi inson qadrini yuksaltirish, huquq va erkinliklarning ishonchli kafolatlarini yaratish, davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi ochiq va samarali tizimga aylantirishdan iborat bo‘ldi. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil butun davlat siyosati uchun amaliy dasturga aylanib, davlat nazorat qiluvchi va jazolovchi emas, balki xalq manfaatiga xizmat qiluvchi institut sifatida belgilab qo‘yildi. Bu esa davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarning mazmunan yangilanishiga, jamiyatda ochiq muloqot, hisobdorlik va mas’uliyat muhitining qaror topishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2023-yil 30-aprelida umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahriri ushbu fenomenning huquqiy poydevorini yanada mustahkamladi. Unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsipi, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi, qonun ustuvorligi, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish kabi muhim qoidalar mustahkamlandi. Natijada Konstitutsiya nafaqat davlat tuzilishini belgilovchi hujjat, balki mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi hayotiy dasturga aylandi.

Binobarin, “Yangi O‘zbekiston” fenomeni adolat, inson qadri, qonun ustuvorligi, ijtimoiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatiga asoslangan yangi konstitutsiyaviy taraqqiyot modeli bo‘lib, mustaqil O‘zbekistonning bundan keyingi barqaror taraqqiyot yo‘lini belgilab beradigan strategik g‘oyadir. Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida Konstitutsiyaning ahamiyati yanada teran mazmun kasb etib, u keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy mezoniga aylandi. Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi shundaki, mamlakatda uning ustunligining so‘zsiz tan olinishi, butun hududda to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonni tashkil etishida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Konstitutsiya har bir fuqaroning huquqiy himoyasini ta’minlab, davlat organlari va jamiyat faoliyati uchun asosiy mezon vazifasini o‘taydi. Shu bois, Konstitutsiyaga hurmat — qonunga, qonunga hurmat esa mustaqillikka hurmat demakdir. Demak, Konstitutsiyaga tayangan davlatgina o‘z mustaqilligini mustahkam saqlay oladi, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatgina barqaror taraqqiyot va farovonlikka erishadi.

Konstitutsiyaviy sud — qonun ustuvorligini ta’minlash vositasi

Huquqiy demokratik davlatning muhim belgilaridan biri Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchini amalda ta’minlaydigan samarali konstitutsiyaviy nazorat tizimining mavjudligidir. Zero, qonun ustuvorligi qonunning mavjudligi bilangina emas, uning Konstitutsiyaga muvofiqligi, bir xil qo‘llanishi va inson huquqlarini amalda himoya qila olishi bilan belgilanadi. Ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladigan muhim institut esa Konstitutsiyaviy sud sanaladi.

Demokratik an’analar qaror topgan jamiyatlarda Konstitutsiyaviy sud alohida o‘rin tutadi. U Asosiy qonundagi norma va prinsiplarning hayotga izchil tatbiq etilishini ta’minlaydi, inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklari normativ-huquqiy hujjatlar mazmunida buzilgan taqdirda ularni tiklaydi. Shuningdek, zarur hollarda konstitutsiyaviy normalarni sharhlaydi.

O‘zbekistonda hokimiyatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi prinsipiga rioya etilishi, har bir davlat organining o‘z vakolati doi-rasida faoliyat yuritishi va ular o‘rtasidagi muvozanat mexanizmlarining saqlanishi huquqiy davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Asosiy qonunning himoyachisi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi prinsipini ta’minlaydi. Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyat chiqargan hujjatlarda inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy prinsip hamda Konstitutsiya normalariga amal qilinishiga e’tibor qaratadi”.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan konseptual ahamiyatga ega fikrlari Konstitutsiyaviy sudning faoliyati tub mazmun-mohiyatini, funksional vazifalari asosiy yo‘nalishlarini to‘liq ochib beradi. Konstitutsiyaviy sudning qabul qilgan qaror, ajrim va xulosalari Konstitutsiya norma va prinsiplarining respublikaning butun hududida bevosita amal qilinishini ta’minlash va hammada unga so‘zsiz itoatkorlikni shakllantirishda sudlovning o‘ziga xos oliy himoya vositasi sifatida vujudga keldi. Hozir Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxs¬lar faoliyatida adolat, qonuniylik hamda inson huquqlariga tayangan odil boshqaruv madaniyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Yaqin tarixga nazar solsak, 1993-yil 6-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bilan mamlakatda konstitutsiyaviy odil sudlov yo‘li orqali konstitutsiyaviy nazorat tizimini amalga oshirishga dastlabki huquqiy asos yaratildi. Xorijiy amaliyotni chuqur o‘rganish, rivojlangan mamlakatlar amaliyotini qiyoslash natijasida oradan ko‘p o‘tmay, 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun asosida Konstitutsiyaviy sud rasman tashkil etildi. Uning birinchi tarkibi shakllantirildi va u to‘laqonli konstitutsiyaviy organ sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Muhim jihati, mazkur qonunning 1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘radigan sud hokimiyati organi hisoblanishi mustahkamlangan edi.

Konstitutsiyamizning 16-moddasiga asosan “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi. Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas”ligiga oid muhim konstitutsiyaviy qoida-talabning amalda bo‘lishi uchun mas’ul organ hisoblanadi.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlar Konstitutsiyaviy sudning huquqiy maqomi va vakolatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Konstitutsiyaning yangi tahriri hamda u asosida qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun sudning mustaqilligini yanada mustahkamladi, uning Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash borasidagi institutsional salohiyatini kengaytirdi.

Prezidentimizning 2025-yil 18-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni qonun ustuvorligini mutlaq qadriyat sifatida qaror toptirish, inson qadrini davlat siyosatining markaziga qo‘yish va konstitutsiyaviy adolatni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan muhim institutsional qadam bo‘ldi.

Bugungi kunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati ochiqlik, shaffoflik va zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirilmoqda. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat organlari faoliyatida Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishiga ko‘maklashish, konstitutsiyaviy adolatni qaror toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar ushbu institutning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.

Umuman olganda, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir farmon ijrosi izchil ta’minlanmoqda. Qabul qilingan qarorlar doimiy nazoratda bo‘lib, manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda ijro intizomi tartibga solinmoqda. Bu jarayon Konstitutsiyaviy sudni zamonaviy, ochiq va jamoatchilik ishonchiga sazovor institut sifatida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining axborot tizimini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali raqamli konstitutsiyaviy sud shakllanadi. Zero, huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lidan dadil borayotgan yangi O‘zbekiston uchun eng oliy huquqiy mezon Konstitutsiya bo‘lsa, eng oliy qadriyat insondir. Ana shu ikki buyuk g‘oya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab bergan muhim siyosiy-huquqiy hujjatdir. Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash kabi konstitutsiyaviy tamoyillarni hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda boshlangan keng ko‘lamli islohotlar hozirda yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib, uning amaliy natijalari hayotimizda yaqqol sezilmoqda. Uning zamirida davlat boshqaruvining bosh ma’no va mazmuni sifatida chinakam xalqchil siyosat yotibdi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni nafaqat mamlakatimiz ichkarisida, balki xalqaro maydondagi e’tiroflar ham tasdiqlab turibdi. Mazkur shiddatli va ortga qaytmas islohotlar markazidan inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash tamoyili o‘rin olgan. Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonda islohotlar avvalo inson manfaati yo‘lida, uning hayotini farovon qilish uchun xizmat qilishi kerak”.

Konstitutsiyaning yangilanishi, sud-huquq tizimini isloh qilish, jamiyatda ochiqlik va javobgarlik muhitini shakllantirish kabi tashabbuslar fuqarolarning davlatga ishonchini mustahkamlamoqda.

O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillik taraqqiyotini faqat statistik ko‘rsatkichlar bilan baholash yetarli emas. Bu milliy davlatchilik tafakkuri yangilangan, fuqarolik jamiyati institutlari mustahkamlangan, iqtisodiy erkinlik va tadbirkorlik muhiti kengaygan, tashqi siyosatda ochiq va pragmatik yo‘nalish qaror topgan davrdir.

“Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, davlat xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish, yoshlar va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim va innovatsiyaga ustuvor ahamiyat berish — bularning barchasi Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan strategik qadamlar.

Prezidentimiz ilgari surgan Uchinchi Renessans aynan shu haqiqatni anglashdan kelib chiqqan. Inson kapitaliga sarmoya kiritish ijtimoiy siyosat, davlat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va milliy raqobatbardoshlik masalasidir. Maktabgacha ta’lim qamrovining kengayishi, zamonaviy maktablar barpo etilishi, yangi universitetlar va xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarining ochilishi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan qarorlar kamida bir necha o‘n yillik istiqbolni ko‘zlagan strategik tafakkur va yondashuv hosilasidir.

Ijtimoiy davlat va huquqiy kafolatlar

Konstitutsiyaning yangi tahririda O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida mustahkamlanishi mamlakatimiz konstitutsiyaviy taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ijtimoiy davlat tamoyili har bir insonning mehnat qilish, ta’lim olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, ijtimoiy himoya va munosib turmush darajasiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashni davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilaydi. Bugungi kunda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan davlat dasturlari aynan ijtimoiy davlat g‘oyasining hayotga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, ijtimoiy davlat maqomi Konstitutsiyamizdagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.

2025-yilda Konstitutsiyaning 57-moddasi asosida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy davlat prinsipini ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar qilindi.

Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimi takomillashtirildi, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari proaktiv shaklda berila boshladi. Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolarini band qilgan tadbirkorlik subyektlari uchun kompensatsiya taqdim etish tartibi yo‘lga qo‘yildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 6 ta yangi moliyaviy yordam turi joriy etildi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi ishga tushirildi. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi takomillashtirildi, xususan, fuqarolarni davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan majburiy va ixtiyoriy asoslarda qamrab olish tartibi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash asoslari mustahkamlandi.

Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligining kuchaytirilishi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim huquqiy kafolat bo‘ldi. Xususiy mulk daxlsizligi investitsiya muhiti barqarorligi, raqobat va yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, mulkdorlar sinfining shakllanishi iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlashning asosiy omilidir. Iqtisodiy jihatdan kuchli jamiyatgina siyosiy barqarorlikni saqlay oladi. Shu bois, xususiy mulk va tadbirkorlikni konstitutsiyaviy himoya qilish yangi O‘zbekistonning raqobatbardosh iqtisodiyotini barpo etish va xalq farovonligini oshirishning poydevori hisoblanadi.

Zamonaviy konstitutsionalizm davlat hokimiyatini tashkil etish bilan birga insonning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Konstitutsiyaning yangi tahririda ekologik huquqlar, fuqarolik jamiyati institutlari va so‘z erkinligiga oid normalarning kuchaytirilishi barqaror taraqqiyotning muhim kafolati bo‘ldi.

Fuqarolarning sog‘lom atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishning davlat tomonidan belgilanishi kelajak avlodlar manfaatlarini himoya qiladi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlanishi samarali davlat boshqaruvini ta’minlaydi. Zero, erkin fikr, ochiq muloqot va jamoatchilik ishtirokisiz samarali davlat boshqaruvini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Umuman olganda, ushbu normalarning Asosiy qonunimizda mustahkamlanishi yangi O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning ishonchli kafolatidir.

Konstitutsiyaviy madaniyat — ortga qaytmas islohotlarning ma’naviy-huquqiy tayanchi

Huquqiy demokratik davlatni barpo etish faqat mukammal qonunlarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. Uning haqiqiy muvaffaqiyati, eng avvalo, jamiyatda Konstitutsiyaga hurmat, qonunga itoat va huquqiy ongning qay darajada shakllangani bilan belgilanadi. Shu ma’noda, konstitutsiyaviy madaniyat yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy-huquqiy poydevori hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy madaniyat Konstitusiyani davlat va jamiyat hayotini belgilab beruvchi eng oliy huquqiy va ma’naviy qadriyat sifatida anglash, uning normalariga kundalik hayotda amal qilish va davlat qarorlarini Konstitutsiya mezonlari asosida baholay olish deganidir. Asosiy qonunimiz hayot qomusi sifatida qabul qilingan jamiyatdagina qonun ustuvorligi mustahkamlanib, fuqarolik jamiyati rivojlanadi.

Ayniqsa, yoshlar ongida konstitutsiyaviy qadriyatlarga hurmatni shakllantirish strategik ahamiyatga ega. Zero, huquqiy ta’lim va fuqarolik mas’uliyatiga asoslangan konstitutsiyaviy madaniyat jamiyatda hamjihatlikni kuchaytirib, milliy taraqqiyotning barqarorligini ta’minlaydi.

Bugungi global o‘zgarishlar davrida konstitutsiyaviy madaniyatga nisbatan qo‘yilayotgan talablar ham yangi mazmun kasb etmoqda. Raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalarining keng joriy etilishi, katta hajmdagi ma’lumotlar aylanmasi inson huquqlari, shaxsiy hayot daxlsizligi, axborot xavfsizligi va algoritmlar adolatliligi bilan bog‘liq mutlaqo yangi konstitutsiyaviy masalalarni kun tartibiga chiqarmoqda.

Konstitutsiyaviy nazorat institutlari raqamli transformatsiya sharoitida yangi huquqiy munosabatlarni Konstitutsiya nuqtayi nazaridan baholash, innovatsiyalar bilan inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash hamda milliy konstitutsiyaviy qadriyatlarni asrab-avaylash vazifasini bajaradi.

Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan konstitutsiyaviy madaniyat ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Konstitutsiyaga hurmat, inson qadriga ehtirom, qonun ustuvorligiga sadoqat va davlat institutlariga ishonch qanchalik yuksak bo‘lsa, mamlakatimiz mustaqilligi ham shunchalik mustahkam, jamiyatimiz birdamligi esa shunchalik barqaror bo‘ladi.

Qisqacha aytganda, mamlakatimizdagi buyuk islohotlar nafaqat zamonaviy va qudratli davlat, balki yuksak insoniy qadriyatlarga tayangan adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan va uzoqqa mo‘ljallangan, ortga qaytmas milliy tanlovdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi ana shu tarixiy tanlov, milliy birdamlik va bunyodkorlik irodasining yorqin timsolidir. Bu sana bizdan istiqlol ne’matlarini qadrlash bilan birga Konstitutsiya ustuvorligi, inson qadri va Vatan taraqqiyoti uchun yanada katta mas’uliyat bilan mehnat qilishni talab etadi. Bugun bizni birlashtiradigan eng buyuk kuch — yagona Vatan taqdiri uchun yagona xalq bo‘lib, mas’uliyatni zimmaga olish irodasidir. Mustaqil O‘zbekistonimizning bayrog‘i hamisha baland, osmoni musaffo, xalqimizning baxtu iqboli abadiy bo‘lsin!

Mirzo Ulug‘bek ABDUSALOMOV,

Konstitutsiyaviy sud raisi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist