Ma’lum bo‘lishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida 2026 yil 11 avgust kuni ushbu ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Ish hujjatlariga ko‘ra, A.N. (1959 yilda tug‘ilgan) jamoat transportida S.J.ga (2007 yilda tug‘ilgan) nisbatan shilqimlik qilgan.

S.J. jamoat transportidan tushgach, A.N.dan bunday harakatga nima sabab bo‘lganini so‘ragan va uni qo‘lida bo‘lgan telefon quvvatlagich bilan urgан. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, A.N.ga yengil tan jarohati yetkazilgan.

Birinchi instansiya sudi A.N.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, unga BHMning ikki baravari miqdorida jarima tayinlagan. S.J.ga esa MJtKning 52-moddasi 2-qismi va 33-moddasi qo‘llanilib, BHMning yarim baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Keyinchalik S.J. birinchi instansiya sudining qarori ustidan shikoyat qilgan.

Bugun Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ish qayta ko‘rib chiqildi. Yuqori instansiya sudi S.J.ning harakatlarini zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, deb topdi.

Shunga ko‘ra, S.J.ga oid ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi 4-bandi asosida tugatildi.

Shuningdek, apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi A.N.ga nisbatan huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfliligini inobatga olmagan holda yengil jazo tayinlagan, degan xulosaga keldi. Natijada sud qarorining A.N.ga oid qismi bekor qilinib, unga nisbatan og‘irroq jazo tayinlandi.