Maʼlum qilinishicha, Mirzo Botirov 9-sentyabr kuni soat 23:00 da Sirdaryo daryosi oʻzanida oʻtkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchragan. Natijada inspektor suvga tushib ketgan.
Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida bugun, 10-sentyabr kuni Mirzo Botirovning jasadi topilgan.
Ayni paytda marhumning oila aʼzolariga zarur moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatish, shuningdek, voqeaning barcha tafsilotlarini oʻrganish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.
Mirzo Botirov umrini atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlagan. Uning tabiatni asrash va ekologik qonunchilik talablarini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmati hamda koʻrsatgan jasorati munosib baholanib, u “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan vafotidan soʻng taqdirlanadi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Mirzo Botirovning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etdi.
Mirzo Botirovning xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanadi.