Ushbu maqom muhandislik, xoʻjalik va madaniy jihatdan alohida ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy irrigatsiya hamda drenaj inshootlariga beriladi. Eʼtiborlisi, har ikki kanal bugun ham suv xoʻjaligi tizimida faoliyat yuritmoqda.

Shu yilning 12–17-oktyabr kunlari Fransiyaning Marsel shahrida MKIDning 26-xalqaro kongressi va Xalqaro ijroiya kengashining 77-yigʻilishi oʻtkazilmoqda. Unda 50 ga yaqin mamlakatdan suv xoʻjaligi idoralari va milliy irrigatsiya qoʻmitalari vakillari, xalqaro tashkilotlar, olimlar, muhandislar hamda soha ekspertlari ishtirok etmoqda.

Tadbirlarda iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish, qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlash va zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.

14-oktyabr kuni MKID prezidenti Marko Archiyeri va bosh kotibi Rakesh Gupta «Amudaryo-Buxoro» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Erkin Fayzillayev hamda «Zarafshon» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Farhod Rajabovga kanallar uchun sertifikatlar va esdalik lavhalarini topshirdi.

«Dargʻom» — ikki ming yildan ortiq tarixga ega kanal

«Dargʻom» Markaziy Osiyodagi eng qadimiy, hozirgacha ishlab kelayotgan sugʻorish tizimlaridan biri hisoblanadi. Uning qurilishi miloddan avvalgi V–IV asrlarga mansub ekani qayd etilgan.

Kanal ikki ming yildan ortiq vaqt davomida Samarqand vohasini suv bilan taʼminlab kelmoqda. Uning uzunligi qariyb 102 kilometrni tashkil etadi. Kanal Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi taxminan 178 ming gektar maydonga xizmat qiladi.

Tizim tarkibida 146 ta gidrotexnika inshooti va 12 ta gidropost mavjud. «Dargʻom» oʻzining tarixiy yoʻnalishi hamda suvni oʻz oqimi bilan yetkazib berish xususiyatini saqlab qolgan.

«Shohrud» Buxoro taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan

«Shohrud» kanali taxminan milodiy III–IV asrlarda qazilgan deb hisoblanadi. U Buxoro vohasi va shaharning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

Asrlar davomida kanal orqali ekinzorlar, bogʻlar, tokzorlar, hunarmandchilik va turar joy mahallalari, shuningdek, shahar hovuzlariga suv yetkazib berilgan.

Kanal tarixi YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazi bilan chambarchas bogʻliq.

Qayd etish joizki, 2025-yilda Oʻzbekistonning «Doʻstlik» va «Eski Tuyatortar» kanallari ham jahon irrigatsiya merosi obyektlari sifatida eʼtirof etilgan edi.

Shu tariqa, Oʻzbekistonning qadimiy sugʻorish inshootlari nafaqat tarixiy va madaniy meros, balki bugungi suv xoʻjaligi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini namoyon etmoqda.