25 avgust kuni yangi GESlarni tantanali ishga tushirish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakоv, «O‘zbekgidroenergo» AJ Boshqaruv raisi Islоm Abdurahmonov, tumanlar hokimliklari mutasaddilari, qurilish tashkilotlari vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Qo‘g‘ay-1 GESining o‘rnatilgan quvvati 12 MVt, Qo‘g‘ay-2 GESiniki esa 6 MVtni tashkil etadi. Shu tariqa, ikki stansiyaning umumiy quvvati 18 MVtga yetdi. Bu Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan 10 ta GESning amaldagi 100,5 MVtlik quvvatiga nisbatan qariyb 18 foizlik qo‘shimcha quvvatdir.
Mazkur obyektlar Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadini barpo etishga qaratilgan, umumiy qiymati 54,7 million dollarlik loyihaning bir qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Qo‘g‘ay-1, Qo‘g‘ay-2 va Beshqo‘rg‘on kichik GESlarini qurish ko‘zda tutilgan. Kaskadning umumiy quvvati 23 MVt bo‘lib, yiliga 172,5 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Qo‘g‘ay-1 va Qo‘g‘ay-2 GESlarining yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 132,1 million kVt·soatni tashkil etadi. Bu quvvat yiliga o‘rtacha 53 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, yangi GESlarning to‘liq ishga tushirilishi yiliga 40 million kub metrgacha tabiiy gaz yoki 33 ming tonna ko‘mirni tejash imkonini yaratadi.
Kichik GESlarning muhim jihati shundaki, elektr energiyasi mavjud suv xo‘jaligi infratuzilmasidan foydalangan holda ishlab chiqariladi. Ya’ni Katta Andijon kanali o‘zining asosiy vazifasini bajarishda davom etadi, suv oqimining energetik salohiyatidan esa qo‘shimcha ravishda foydalaniladi.
Loyiha doirasidagi inshootlar gidrologik rejimga ta’sir qilmasligi, gidrobiologik obyektlarga zarar yetkazmasligi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi ta’kidlangan.
Qo‘g‘ay-1 va Qo‘g‘ay-2 kichik GESlarining ishga tushirilishi Namangan viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini oshirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.