Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xalqaro amaliy seminarda taqdim etgan tadqiqotida ma’lum qildi.

19–20 oktabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligida Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish natijalarini baholash va xalqaro tajribani oʻrganishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda "Barqaror agroozik-ovqat tizimlarini rivojlantirishning uzoq muddatli stsenariylari" mavzusidagi sessiya doirasida tadqiqot natijalari taqdim etildi.

Markaz ma’lumotlariga koʻra, mamlakatdagi issiqxona gazlari umumiy chiqindilarining 17,5 foizi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi. Agrar sektor chiqindilarining qariyb uchdan ikki qismini metan tashkil etadi. Uning asosiy manbai esa chorvachilik hisoblanadi.

Tadqiqotda 2017–2025 yillarda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan islohotlar natijalari ham qayd etilgan. Bu davrda don ekinlari hosildorligi 48 foizga, paxta xomashyosi hosildorligi 71 foizga oshgan. Suv olish hajmi 22 foizga qisqargan, suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilayotgan maydon 2,6 million gektarga yetgan.

Shu bilan birga, sugʻorish suvining 37 foizi kanallarda yoʻqotilayotgani, sugʻoriladigan yerlarning qariyb yarmi shoʻrlangani ta’kidlangan.

Markaz ekspertlari ishlab chiqqan uchta ssenariy mavjud tendensiyalarni saqlab qolish, amaldagi davlat dasturlarini bajarish hamda mahsuldorlikni oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha choralarni joriy etishni nazarda tutadi.

Tadqiqotga koʻra, chorvachilik mahsuldorligini oshirish, oʻgʻitlardan oqilona foydalanish, yaylovlarni tiklash va oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish orqali chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.

Shuningdek, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, oziq-ovqat yoʻqotishlarini qisqartirish va qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar ilgari surilgan.