Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentyabrdagi PF–190-son farmoniga muvofiq oʻtkazilmoqda.
Biznesni roʻyxatga olishdan maqsad nima?
Roʻyxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatda amalda faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklar, ularning faoliyat yoʻnalishlari va bandlikka qoʻshayotgan hissasi haqida toʻliq hamda ishonchli maʼlumotlarni shakllantirishdan iborat.
Bu maʼlumotlar iqtisodiyotning holatini baholash, hududlarni rivojlantirish, investitsiyalarni yoʻnaltirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
Masalan, muayyan hududda aholi soni ortib borayotgan boʻlsa-da, u yerdagi savdo korxonalari, ishlab chiqarish obyektlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari soni haqida toʻliq maʼlumot boʻlmasa, yangi infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojni aniqlash qiyinlashadi. Roʻyxatga olish ana shunday maʼlumotlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Kimlar roʻyxatga olinadi?
Roʻyxatga olish jarayonida quyidagi iqtisodiy birliklar qamrab olinadi:
- yirik, oʻrta va kichik korxonalar, mikrofirmalar;
- nodavlat notijorat tashkilotlari;
- xorijiy korxonalarning Oʻzbekistondagi doimiy muassasalari va vakolatxonalari;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- fermer va dehqon xoʻjaliklari;
- oilaviy tadbirkorlar va hunarmandlar;
- oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
- rasmiy roʻyxatdan oʻtmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotgan subyektlar.
Qanday maʼlumotlar yigʻiladi?
Roʻyxatga olish davomida iqtisodiy birliklarning amaldagi faoliyat manzili, asosiy va qoʻshimcha faoliyat turlari, ish bilan band boʻlganlar soni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida maʼlumotlar toʻplanadi.
Shuningdek, internet va elektron savdodan foydalanish, eksport-import faoliyati hamda boshqa muhim iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻrganiladi.
Roʻyxatga olish qanday oʻtkaziladi?
Roʻyxatga oluvchi xodimlar iqtisodiy birliklarning faoliyat manzillariga tashrif buyurib, masʼullar bilan yuzma-yuz suhbat oʻtkazadi va maʼlumotlarni planshetlar orqali elektron savolnomaga kiritadi.
Yuridik shaxslar maʼlumotlarni hisobot.stat.uz axborot tizimi orqali mustaqil taqdim etadi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar esa census.stat.uz tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
Roʻyxatga olish sanasi sifatida 2026-yil 1-oktyabr, soat 00:00 belgilangan.
Maʼlumotlar sir saqlanadi
Roʻyxatga olish tekshiruv yoki nazorat tadbiri hisoblanmaydi. Taqdim etilgan maʼlumotlarning maxfiyligi qonunchilik bilan kafolatlanadi va ulardan faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi.
Tadbir boʻyicha savollar yuzasidan 1851 qisqa raqamli koll-markazga murojaat qilish mumkin.
Roʻyxatga olish natijalarini 2027-yil 1-sentyabrga qadar Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilish belgilangan.
Tadbir yakunida roʻyxatga olingan iqtisodiy birliklarning 5 foizigacha qismi tanlanma nazorat tartibida tekshiriladi.