Bugun institut nafaqat taʼlim maskani, balki pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim dasturlarini amaliyotga tatbiq etayotgan, oʻz kasbining yetuk mutaxassislarini tarbiyalashga xizmat qilayotgan nufuzli oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Eng muhimi, bu yerda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan, bilimli va tashabbuskor yoshlar kamol topmoqda.

Oʻtgan 4 yilda institutda ilmiy, oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda moliyaviy-xoʻjalik yoʻnalishlarida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Pedagogika sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, taʼlim sifatini oshirish va yangi avlod pedagoglarini tayyorlash borasida muhim natijalarga erishildi.

Ayni paytda institutda pedagogika, aniq va tabiiy fanlar, filologiya, ijtimoiy va amaliy fanlar hamda boshlangʻich taʼlim fakultetlari mavjud. Ularda 9000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 15 kafedrada 205 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan 86 nafari ilmiy darajali, 45 nafari professor va dotsent ilmiy unvoniga ega. Institutda 19 taʼlim yoʻnalishi va 16 magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Bugun oliy taʼlim muassasasida 7 ixtisoslik boʻyicha 160 ga yaqin tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Taʼlim muassasasida “Urganch davlat pedagogika instituti axborotnomasi” hamda “Oʻzbekiston olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari” ilmiy-nazariy, metodik jurnallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Urganch davlat pedagogika institutini rivojlantirishdagi maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq, 2023-yilda ilmiy salohiyatni 15, 2024-yilda 18, 2025-yilda 25 foizga koʻtarish belgilangan edi. Amalda ilmiy salohiyat mos ravishda 17, 21 va 27 foizga yetkazildi. 2026-yil iyun holatiga koʻra, ilmiy salohiyat 42 foizni tashkil etmoqda.

Institut qisqa muddatda xalqaro maydonda ham mustahkam oʻrin egallamoqda. Jumladan, 2022-2025-yillarda 20 ta xorijiy davlatdagi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan jami 70 ta hamkorlik bitimi imzolandi. Bugunga kelib OTM UI GreenMetric xalqaro universitetlar reytingi, Times Higher Education tashkiloti reytingi hamda Yevroosiyo pedagogika universitetlari assotsiatsiyasiga aʼzo taʼlim muassasasi sifatida kiritildi. Hozir institut hududida 5 ta oʻquv binosi faoliyat yuritmoqda. Har bir auditoriya zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan. Yangi oʻquv yilidan 7 qavatli zamonaviy oʻquv binosi kelgusida yangi tashkil etilayotgan oliy maktab va yangi taʼlim yoʻnalishlari uchun muhim infratuzilmaviy asos boʻlib xizmat qiladi.

2026/2027 oʻquv yilida Urganch davlat pedagogika institutida 21 ta yoʻnalish boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga 1000 nafar hamda 9 ta yoʻnalish boʻyicha kechki taʼlim shakliga 300 nafar abituriyentni qabul qilish koʻzda tutilgan. Jumladan, yangi oʻquv yilidan institutning Aniq fanlar pedagogika oliy maktabi negizida ochilishi kutilayotgan sunʼiy intellekt hamda axborot tizimlari va texnologiyalari taʼlim yoʻnalishlarining har biriga 50 nafardan abituriyent qabul qilinishi kutilmoqda.

Aniq fanlar pedagogika oliy maktabining yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish bilan birga, ushbu tizim orqali oʻquv dasturlarini yangilash, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar salohiyatini oshirish, LMC va HEMIS tizimlari asosida oʻquv jarayonini raqamlashtirish, talabalar faoliyatini monitoring qilish hamda sifat nazoratini kuchaytirish koʻzda tutilgan.

Ayni paytda institutda LMC tizimini joriy etish boʻyicha ham amaliy ishlar bajarilmoqda. Transformatsiya boʻlimi tomonidan LMC platformasining oʻquv boʻlimi, dekanat, HEMIS integratsiya, dars jadvali, talabalar va oʻqituvchilar profili, fanlar, davomat, baholash, statistika, yakuniy nazorat, qayta oʻqish, magistratura va tuzilma modullari bosqichma-bosqich oʻrganilmoqda. Shuningdek, magistratura mutaxassisligining 16 ixtisosligi boʻyicha 105 nomzod qabul qilish koʻzda tutilgan.

Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi tegishli farmoniga asosan 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining maktabgacha taʼlim yoʻnalishida bakalavrlarni dual taʼlim shakli boʻyicha tayyorlash belgilangan. Xususan, Urganch davlat pedagogika institutida ham dual taʼlim shakli boʻyicha 700 abituriyentni talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan. Mazkur taʼlim shakliga qabul qilishda maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 yillik pedagogik ish staji talab qilinadi. Abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga qabul jarayoni boʻyicha tezkor va sifatli axborot berish maqsadida institutda ishonch telefoni ishga tushirilgan. U orqali qabul jarayoni, hujjat topshirish, kasbiy (ijodiy) imtihonlar hamda taʼlim yoʻnalishlariga oid murojaatlarga muntazam javob berib borilmoqda.