Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yuborilgan viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga tegishli ko‘rsatma xatida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ayni vaqtda belgilangan talab darajasidagi, ya’ni kamida B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilarining mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi.
Avval Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son qaroriga muvofiq, 2025–2026-o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan edi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur talabga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida qaror loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.
Muhokama yakunlari bo‘yicha takliflar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, qaror loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingunga qadar B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat beriladi.
Tegishli qaror qabul qilingach, masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.