MES-2026 diqqat markazida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yoʻnalish turibdi: iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, tabiiy xavf-xatarlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil” oʻtish, ekologik hamda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish. Sammit kun tartibi barqaror rivojlanishning ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini ham qamrab olgan.
Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy pavilyonlarida ularning ushbu yoʻnalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalari namoyish etilmoqda.
Interfaollik va multimedia elementlariga ega koʻrgazma-taqdimot maydoni shaklida barpo etilgan Oʻzbekiston pavilyoni mamlakatimizning ekologiya, iqlim oʻzgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohalaridagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi. Shuningdek, ekspozitsiya Oʻzbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasini namoyon etadi.
Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni oʻz ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi. “Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik taʼlim” kabi umummilliy loyihalar shular jumlasidan.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.