Siz, azizlar bilan buyuk sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan goʻzal Anqara shahrida diydorlashib turganimdan gʻoyat mamnunman.
Qadrli birodarim Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylarini va butun turk xalqini mamlakatning qutlugʻ bayrami – Respublika kuni bilan qizgʻin tabriklayman.
Qardosh turk xalqiga tinchlik-omonlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman.
“Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida oʻtayotgan sammitimizni yuksak saviyada tashkil etgani va samimiy mehmondoʻstligi uchun hurmatli Turkiya Prezidentiga alohida minnatdorlik bildiraman.
Sammit arafasida soʻlim “Beshtepa” bogʻida davlatlarimizning milliy-madaniy majmuasi ochilgani xalqlarimizning mushtarak merosini asrab-avaylash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Ishonchim komilki, ushbu ramziy yodgorlik turkiy dunyo birligining yorqin timsoliga aylanadi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugun xalqaro munosabatlar tizimi tubdan oʻzgarmoqda, geosiyosiy raqobat keskinlashmoqda. Turkiy dunyo atrofidagi mintaqalarda davom etayotgan qurolli mojaro va ziddiyatlar nafaqat xavfsizlikka, balki savdo-iqtisodiy, transport aloqalari va taraqqiyot istiqbollariga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Boy tabiiy resurslar va iqtisodiy imkoniyatlarga ega boʻlgan mintaqada taʼsirchan global taraqqiyot markaziga aylanib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotini biz oʻzaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida koʻramiz.
Biz strategik maqsadlarimiz atrofida yanada jipslashib, manfaatlarimizni xalqaro maydonda birgalikda ilgari surishimiz lozim. Barchamiz ushbu ezgu yoʻlda yakdilmiz va oʻz kuch-gʻayratimizni turkiy birdamlik uchun safarbar etishga tayyormiz.
Qadrli doʻstlar!
Tashkilotimiz doirasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlar oʻtkazish, yondashuv va saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirish muhim deb hisoblaymiz.
Tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori uning tashqi sheriklar bilan ochiq va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantira olish salohiyatiga ham bogʻliqdir. Shu maqsadda uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlashni taklif etaman. Ushbu muloqotlar savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilishi lozim.
Shu bilan birga, texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish, jahon bozoriga birgalikda chiqish imkonini beradigan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishimiz zarur.
Amaliy qadam sifatida “Turkiy dunyo – 100”, yaʼni yuzta strategik qoʻshma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladigan dastur qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu loyihalarga Turkiy investitsiya jamgʻarmasi va xalqaro moliyaviy institutlar resurslarini yoʻnaltirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Nodir va strategik minerallarni toʻliq qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori daromadli mahsulotlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.
Iqtisodiy aloqalarimiz jadal rivojlanayotgani tufayli tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha umumiy mexanizmlarga ehtiyoj ortmoqda. Shu maqsadda “Tijorat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi koʻp tomonlama shartnoma ishlab chiqish lozim. Ushbu hujjat sud qarorlarini oʻzaro tan olish va ijro etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Ayni paytda ushbu yoʻnalishda vakolatli organlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish tarafdorimiz. Bu borada huquqiy yordam soʻrovlari va hujjatlarni elektron almashishga moʻljallangan raqamli platforma tashkil etishni muhim deb hisoblaymiz.
Global taʼminot zanjirlari oʻzgarayotgan hozirgi sharoitda turkiy davlatlarning geografik oʻrni va tranzit imkoniyatlari tobora strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro yuk tashish va logistikada davlatlarimizning ishtirokini kengaytirish hamda iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish uchun Oʻrta koridor va unga tutash boshqa transport yoʻlaklarini yaxlit iqtisodiy tizimga aylantirishimiz zarur. Shu maqsadda “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmogʻi”ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarishni taklif etamiz.
Turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlarni ham toʻliq ishga solishimiz lozim. Birgina 2025-yilda davlatlarimizga 100 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurdi.
Turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, betakror tabiati, boy madaniyati va mehmondoʻstlik anʼanalarini dunyoga birgalikda taqdim etish maqsadida “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil qilish vaqti keldi.
Aholining uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish uchun Fuqarolarning oʻzaro safarlari toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif etamiz. Unda ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan oʻtish va mezbon davlat hududida boʻlish tartibini soddalashtirish masalalari aks etishi lozim.
Texnologik taraqqiyotning poydevori, avvalo, inson kapitali, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yosh avloddir. Ularning taʼlim olishiga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli hamkorligimizning mustahkam asosidir.
Yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” doirasida 500 nafar xorijlik talabaga grant asosida taʼlim olish imkoniyati yaratilgan. Turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta taʼlim granti ajratishga tayyormiz. Qardosh mamlakatlar yoshlarini ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqiramiz.
Fursatdan foydalanib, 2027-yilni Tashkilot doirasida “Tabiatni asrash yili”, deb eʼlon qilish boʻyicha tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun alohida tashakkur aytmoqchiman.
Keyingi yil davomida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar Antaliyada oʻtadigan COP-31 anjumani doirasida ekologiyaga masʼul vazirlarimiz yigʻilishida koʻrib chiqilishiga ishonaman.
Qadrli doʻstlar!
Xabaringiz bor, turkiy dunyo birligiga ulkan hissa qoʻshgan insonlarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etgan edik.
Kecha ushbu nufuzli mukofotning Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, elchi Dyusen Kaseinovga topshirilishi ilm-fan, sanʼat va adabiyot yoʻnalishida izlanayotgan yoshlarimizga yangi gʻayrat va ilhom bagʻishlashi shubhasiz.
Butun umrini turkiy til ravnaqiga bagʻishlagan hazrat Alisher Navoiy “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”, deb taʼkidlagan edilar. Bugungi sammitimiz shioridan kelib chiqib, barcha turkiy xalqlar uchun birdek tushunarli boʻlgan va tillarimizdagi mushtarak soʻzlarni jamlaydigan “Umumturkiy soʻzlar lugʻati”ni yaratish tashabbusini ilgari suraman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Kecha Tashkilotimizning nufuzli mukofoti – “Turkiy dunyo Oliy ordeni” bilan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarov Janobi Oliylari taqdirlangani munosabati bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Shu oʻrinda Ozarbayjonning Tashkilotimizga raisligi davrida birodarlik rishtalarimizni mustahkamlash, aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi salmoqli ishlari uchun hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev Janobi Oliylariga katta rahmat aytaman.
Bugun raislikni qabul qilib olayotgan Turkiya davlati iqtisodiy hamkorligimizni chuqurlashtirish, tashabbuslarimizni amaliy natijalar bilan boyitishga katta hissa qoʻshadi deb ishonaman.
Turkiya Prezidenti, hurmatli Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylariga ushbu sharafli vazifada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shuningdek, Tashkilotimizning navbatdagi sammitini kelgusi yili Oʻzbekistonda yuqori darajada oʻtkazishga tayyor ekanimizni maʼlum qilaman.
Kun tartibidagi yana bir masalaga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Oldimizga qoʻyilgan keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirishda aʼzo davlatlarning hamjihatligi va Kotibiyatning samarali faoliyati ayniqsa muhimdir. Oʻtgan davrda Bosh kotib sifatida sermahsul mehnat qilib, Tashkilotimiz nufuzini har tomonlama oshirishga munosib hissa qoʻshgan Kubanichbek Omuraliyevga minnatdorlik bildiraman.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston vakili boʻlgan Mirvohid Azimov nomzodini Bosh kotib lavozimiga qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga tashakkur izhor etaman.
Ishonchim komil, yangi Bosh kotib Tashkilotimizning ustuvor vazifalarini amalga oshirish va hamkorligimizni yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi.
Muhtaram hamkasblar!
Bugungi Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik gʻoyamiz va ulugʻvor rejalarimizga erishish yoʻlida muhim qadam boʻladi.
Zero, barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak.
Biz bir boʻlsak, yanada qudratlimiz.
Hamjihat boʻlsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz.