Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yetuk olimlar avlodini tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu boradagi navbatdagi muhim qadam — Prezidentning 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–98-son Farmoni bo‘ldi. Hujjat ilmiy kadrlar tayyorlash, ularni rag‘batlantirish va ilmiy daraja berish tartibiga bir qator jiddiy o‘zgartishlar kiritadi.
Ustuvor ixtisosliklarga e‘tibor kuchaytirildi
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Davlat byudjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturaga kadrlar tayyorlashda umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi. Bu — mamlakat iqtisodiyoti va texnologik taraqqiyoti uchun eng zarur sohalarga ilmiy salohiyatni yo‘naltirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, differensial stipendiya tizimi joriy etiladi. Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi. Bundan tashqari, bunday doktorantlar ta‘lim olayotgan tashkilotga tadqiqot ishi uchun zarur asbob-uskunalar xaridiga har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Tayanch doktorantura bosqichining birinchi o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika hamda ma‘lumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ilmiy rahbarlarga esa doktorant ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi.
“Loyiha doirasida ilmiy daraja” — yangi dastur
Hujjatda ilmiy rahbarlikni rag‘batlantirishning yangi shakli ham nazarda tutilgan. 2027-yilgi qabuldan boshlab oylik to‘lov o‘rniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va o‘z vaqtida himoya qilgan doktorant uchun ilmiy rahbarga bir martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov to‘lanadi. Hirsh indeksi 5 dan past bo‘lgan rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha, 5 dan yuqori bo‘lganlarga esa 80 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni ko‘zda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha muddati uch yildan oshmaydigan tadqiqot loyihalari uchun har yili bir marta tanlov e‘lon qilinadi. Loyihada ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi va loyiha rahbari ayni paytda uning ilmiy rahbari hisoblanadi. Doktorantga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
Ortiqcha rasmiyatchilik bekor qilinadi
Islohotning yana bir muhim jihati — ilmiy daraja berish jarayonidagi keraksiz to‘siq va rasmiyatchiliklardan voz kechilishidir. 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblar bekor qilinadi: chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno); Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya to‘g‘risida e‘lon berish; dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish; ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha fan doktori (DSc) darajasi uchun monografiya e‘lon qilish; dissertatsiya avtoreferatini chop etish hamda boshqa bir qator bosqichlar.
Eslatib o‘tamiz, ilgari mos fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgorni mutaxassislik fani imtihonidan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi ham bekor qilinmoqda. 2027-yil 1-yanvardan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.
Xulosa o‘rnida
Yangi hujjat ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini natijaga yo‘naltirilgan, zamonaviy va raqobatbardosh shaklga keltirishga qaratilgan. Ustuvor yo‘nalishlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va ilmiy rahbarlikni rag‘batlantirish — bularning bari yosh olimlar uchun ilm yo‘lini yanada jozibador va istiqbolli qiladi. Pirovardida bu islohotlar mamlakatda yangi avlod ilm fidoyilarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Abdirasulov Abdilaziz,
TDYU, Xalqaro xususiy huquq sho‘basi o‘qituvchisi