Urugʻning “tarbiyasi” muhim
Qishloq xoʻjaligidagi samara har doim ham qimmat
texnika, preparat yoki yangi nav bor-yoʻqligi bilan belgilanmaydi. Baʼzan u
fermer qoʻliga tushadigan bir dona yaxshi tayyorlangan va “tarbiyalangan”,
oʻsishga ishtiyoqi baland urugʻdan kelib chiqadi. Yaxshi genetika “hardware”
boʻlsa, uning imkoniyatini toʻgʻri ishga tushiradigan saqlash va agrotexnika
“software”ga oʻxshaydi. Oʻzbekiston bugʻdoychiligida soʻnggi yillarda amalga
oshirilgan ishlar ham barchamizga, kengroq aytsak, dunyo dehqonchiligiga shu
oddiy haqiqatni yana bir bor koʻrsatdi. Biz koʻp yillar davomida navni,
oʻgʻitni, suvni, ekish muddatini, kasallik va zararkunandani oʻrgandik. Ammo
urugʻning oʻzi dalaga tushguncha qanday fiziologik holatda ekaniga yetarlicha
eʼtibor qaratmasdik. Urugʻni ekishdan oldin toʻgʻri sharoitda saqlash orqali
keyingi butun vegetatsiya jarayoniga taʼsir qilish mumkinligini bilsak-da,
amalda bu imkoniyatga koʻpincha yetarlicha ahamiyat bermay kelardik. Bu
haqiqatdan ham muhimmi?
Ana shu savoldan epigenetik bilimga asoslangan
dehqonchilik deb atayotgan yondashuvimiz shakllana boshladi. Bu atama
fermer uchun noodatiy eshitilishi mumkin, lekin mantigʻi sodda. DNK urugʻning
alifbosi boʻlsa, fiziologik va epigenetik boshqaruv shu alifboning qachon va
qanday “oʻqilishi”ga taʼsir qiladi. Urugʻning yoshi, namligi, u koʻrgan
harorat, saqlash sharoiti, fiziologik holati va keyingi muhit uning qachon va
qay tarzda unib chiqishiga, ildiz otishiga, oʻsishiga va pishishiga taʼsir
qiladi. Bugungi genomika va pangenomika davrida zamonaviy biologiya bunday
holatlarni genetik, gormonal, metabolik va epigenetik boshqaruv orqali birgalikda
amalga oshishini koʻrsatmoqda.
Zamonaviy qishloq xoʻjaligida bugungi maqsad anʼanaga
aylanib ketgan laboratoriyalardagi chiroyli natijalar yoki mexanizm haqida
gapirishning oʻzi emas. Bugungi global muammolar sharoitida, bir qarashda
murakkab boʻlgan yoki eʼtibordan chetda qolgan bilimlarni arzon, oddiy va katta
maydonda ishlaydigan agrotexnologiyaga aylantirish asosiy vazifalardan biriga
aylandi, desak toʻgʻri boʻladi.
Urugʻ oddiy ekish materiali emas
Dehqon urugʻni yerga ekkanda, uning ortida urugʻning
shakllanish tarixi bilan chambarchas bogʻliq juda murakkab biologik jarayon
turadi. Urugʻ ona oʻsimlikda qanday shakllangani, qay darajada pishgani, qancha
namlikda saqlangani, omborda qanday va qancha vaqt tinim davrini oʻtkazgani
uning keyingi kuchiga taʼsir qiladi. Shuning uchun urugʻ tashqi koʻrinishda
“quruq va harakatsiz” boʻlsa ham, uning ham uygʻonish vaqti, ichki ritmi va
tayyorgarlik holati bor.
Ilmda bu “urugʻ kuchi” degan tushuncha bilan yaxshi
maʼlum. Kuchli urugʻ tezroq va bir tekis unib chiqadi, dalada dastlabki koʻchat
qalinligini yaxshiroq taʼminlaydi va keyingi agrotexnik tadbirlarga bir xil
holatda kiradi. Bugʻdoyda esa urugʻ tinim davri, unish va haroratga javob
genetik, gormonal, metabolik va epigenetik boshqaruv bilan bogʻliq. Demak,
seleksiya navning DNKsini yaratadi, lekin fermerga yetib borguncha oʻsha
genetik imkoniyatning qay darajada namoyon boʻlishiga urugʻning fiziologik
holati ham taʼsir qiladi.
Shu yerda bizda yangi fikr paydo boʻldi. Agar navni
almashtirmasdan, genni oʻzgartirmasdan, urugʻning ekishdan oldingi holatini
biologik bilim asosida boshqarsak-chi? Agar fermer dalasiga tushadigan urugʻni
shunday tayyorlasakki, u mavsumni sergak, tezroq va bir tekis boshlasin, bu
mumkinmi? Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik konsepsiyasining amaliy
savoli aynan shu boʻldi.
Gʻoyadan amaliyotga: quruq urugʻni sovuq sharoitda tinim davridan
oʻtkazish (konditsiyalash)
Oʻzbekistonda sinovdan oʻtkazilgan amaliyotning
mohiyati quruq urugʻni 2 oygacha nazorat qilingan sharoitda sovuqda saqlashdan
iborat. 2025-yilda bu yoʻnalish pilot tartibda boshlandi. Keyin amaliyot huquqiy
jihatdan tartibga solinib, Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2025-yil
7-avgustdagi 35-son buyrugʻi Adliya vazirligida 3675-son bilan roʻyxatdan
oʻtkazildi.
Hujjatda amaliyot “yarovizatsiya” atamasi bilan
yuritiladi, keyingi oʻrinlarda uni dastur deb ataymiz. Biroq bu yerda klassik
maʼnodagi namlangan urugʻni sovuqda ushlash emas, balki tayyorlangan, ishlov
berilgan va qadoqlangan quruq urugʻni nazorat qilingan namlikda sovuq omborda
saqlash nazarda tutiladi. Dastur paketi urugʻ namligini 14 foizdan oshirmaslik,
uni +1 dan +5 darajagacha boʻlgan haroratda 45–60 kun saqlash va sifat
nazoratini hujjatlashtirishni qamrab oladi. Sovuq urugʻning ekishgacha boʻlgan
holatini – tinim davrini boshqarishdagi nazorat qilinadigan sharoitdir. Dastur
faqat haroratdan iborat emas. U urugʻni tayyorlash, ishlov berish, namlikni
nazorat qilish, qadoqlash, sovuqda saqlash va sifat tekshiruvlaridan iborat
yagona texnologik paket. Ilmiy tahlil ham aynan shu paketning daladagi
natijasiga tayanadi.
973 gektardan 685 ming gektarga
2025-yilda dastur atigi 973 gektarda sinovdan
oʻtkazildi. Bir yildan keyin, 2026-yil hosili uchun u 685 065 gektargacha
kengaydi. Bu respublikadagi sugʻoriladigan bugʻdoy maydonining 72,3 foiziga
teng. Bir mavsum ichida 0,1 foizlik pilotdan 72 foizdan ortiq maydonga chiqish
qishloq xoʻjaligida juda kam uchraydigan masshtablash surʼatidir.
Albatta, maydonni kengaytirishning oʻzi natija emas.
Har qanday texnologiyani tez tarqatish mumkin, lekin fermer uchun muhimi uning
samarasidir. Shuning uchun yangi tadqiqotda biz dasturning “qancha gektarga
chiqqani” bilan cheklanmadik. Bir yilning oʻzida, bir xil hududda, bir xil
nomdagi nav va bir xil nav sinfi boʻyicha dastur urugʻi bilan anʼanaviy
saqlangan urugʻni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyosiy oʻrgandik.
2026-yilda oʻnta hududda 92 ta aniq mos nav-hudud
juftligi topildi; ular milliy dastur maydonining 65,2 foizini qamrab oldi. Eng
muhimi, barcha 92 taqqoslashda ham dasturdagi ijobiy farq anʼanaviy maydonga
nisbatan aniq koʻrindi. Keling, natijalarga alohida toʻxtalaylik.
Oddiy qilib aytganda, bir xil navni bir xil hududda
solishtirganda, dastur maydonlarida hosil gektariga qariyb bir tonna yuqori
boʻldi. 2026-yilda dastur qamrovi hududlar boʻyicha 45,6 foizdan 100 foizgacha
yetdi. Andijon, Buxoro va Xorazmda qayd etilgan maydonlar toʻliq dasturga
oʻtgan boʻlsa, boshqa hududlarda anʼanaviy va dastur urugʻi yonma-yon mavjud
boʻldi. Ana shu aralash hududlar bizga toʻgʻridan-toʻgʻri taqqoslash imkonini
berdi.
Eng adolatli taqqoslash: bir xil navni oʻzi bilan solishtirish
Katta milliy maʼlumotda bir xavf doimo bor: yaxshi nav
bir hududga, boshqa nav boshqa hududga ekiladi, suv va tuproq farq qiladi,
keyin raqamlarni taqqoslab, sababni texnologiyaga yozib qoʻyish oson. Shuning
uchun, 2026-yilda bir xil bugʻdoy navi, bir xil nav sinfi va bir xil hududda
ham dastur urugʻi, ham anʼanaviy saqlangan urugʻ mavjud boʻlgan holatlarni alohida
saralab tahlil qildik. Shunday 92 ta aniq mos juft oʻnta hududdan topildi. Bu
juftlar 446 746 gektar dastur maydonini, yaʼni milliy dasturning 65,2 foizini
qamrab oldi.
Natija juda ravshan chiqdi: 92 ta juftning 92 tasida
ham dastur qoʻllanilgan maydonlarda ijobiy farqlarni kuzatdik. Oddiy oʻrtacha
farq gektariga 0,90 tonna, maydon bilan vaznlangan farq 0,94 tonna boʻldi.
Turli statistik tekshiruvlar va bir hududni navbatma-navbat chiqarib qayta
hisoblashda ham ijobiy yoʻnalish saqlandi.
Farq hosil yigʻimidan emas, unib chiqishdan boshlandi
Biz uchun yanada qizigʻi farq bugʻdoyni unib
chiqishdayoq paydo boʻlyaptimi degan savol boʻldi. Buni aniqlash uchun
2026-yilda 154 tuman, 35 875 ta fermer xoʻjaligi va 947 110 gektar maydonni
qamrab olgan alohida monitoring tashkil qilindi. Ularning 106 ta tumanida ham
dastur urugʻi, ham anʼanaviy urugʻ mavjud boʻlgani uchun bevosita juft
taqqoslash mumkin boʻldi.
Ijobiy natija oʻsimlik hayotining boshidanoq koʻrina
boshladi. Dastur maydonlari 75 foiz unib chiqish bosqichiga oʻrtacha 2,59 kun
ertaroq yetdi. Dastlabki koʻchat qalinligi 39,1 foiz yuqori boʻldi. Keyin bu
katta farq tabiiy ravishda qisqardi, chunki bugʻdoy tuplanish jarayonida oʻz
zichligini qisman kompensatsiya qiladi. Shunga qaramay, hosildor poyalar soni
oxirgi bosqichda ham 9,6 foiz yuqori boʻlib qoldi.
Fenologik rivojlanish ham oldinga siljiganini kuzatdik.
Tuplanish oʻrtacha 3,68 kun, naychalash 3,24 kun, boshoqlash 3,10 kun, toʻliq
pishish esa 3,64 kun ertaroq kuzatildi. 106 ta juft tumanning 104 tasida toʻliq
pishish ertaroq boʻldi, bittasida bir xil kunda, bittasida esa kechroq qayd
etildi.
Bu yerda “uch kun nima qiladi?” degan savol tugʻilishi
mumkin. Issiq va suv tanqisligi kuchayib borayotgan mintaqada uch-toʻrt kun
baʼzan juda qimmatli agronomik vaqt. Ertaroq unib chiqish oʻsimlikka ildiz
tizimini tezroq shakllantirish imkonini beradi. Ertaroq boshoqlash va pishish
esa bahor oxiri va yoz boshidagi yuqori haroratlardan qochish, suvni tejash va
yigʻim-terimni muvofiqlashtirish uchun qoʻshimcha vaqt imkoniyatidir.
Oʻzbekiston bugʻdoychiligida dehqonchilik ekotizimi
ham oʻzgargan
Bu yerda yana bir muhim haqiqatni ochiq aytish kerakki,
Oʻzbekiston bugʻdoychiligi soʻnggi oʻn bir yilda nav almashinuvi, agrotexnika,
suv boshqaruvi, urugʻchilik, moliyalashtirish, bozor mexanizmlari va fermer
bilimlarining birgalikda oʻzgarishi fonida oʻsdi.
2016-yilda sugʻoriladigan bugʻdoy maydoni 1 million
132 ming gektardan ortiq edi. 2026-yilda u 947 ming gektarga tushdi, yaʼni
maydon 16,4 foiz qisqardi. Ammo shu davrda vaznlangan oʻrtacha hosildorlik
gektariga 5,64 tonnadan 9,78 tonnaga koʻtarildi. Oʻsish 73,4 foizni tashkil
etdi. Maydon kamaygan boʻlsa-da, hisoblangan umumiy ishlab chiqarish 6,39
million tonnadan 9,26 million tonnaga, yaʼni 45 foizga oshdi. Demak, agar
genetika, agronomiya, suv, urugʻ, bozor va fermer qarorlari bir tizimda
ishlasa, kamroq maydondan koʻproq mahsulot olish mumkin.
Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilik degani nima?
“Epigenetika” degan soʻzni eshitganda koʻpchilik
laboratoriya, DNK metillanishi yoki murakkab molekulyar tahlilni tasavvur
qiladi. Bu toʻgʻri, lekin dehqonchilik nuqtayi nazaridan uning mantigʻi
kengroq. Bir xil genomga ega urugʻlar ham turli fiziologik holatda boʻlishi
mumkin. Urugʻ namligi, harorat, saqlash muddati, fiziologik yoshi va keyingi
muhit uning unish surʼati va rivojlanish yoʻlini oʻzgartiradi. Ilmiy
adabiyotlarda urugʻning tinim davri va unishi gormonlar, metabolizm va
epigenetik boshqaruv bilan bogʻliq ekani yaxshi maʼlum.
Shu bilimlardan kelib chiqib, biz “epigenetik bilimga
asoslangan dehqonchilik” deganda DNKni oʻzgartirmasdan, oʻsimlikning fiziologik
va regulyator holatini tushunib, uni agronomik qarorga aylantirishni nazarda tutmoqdamiz.
Quruq urugʻni sovuq sharoitda konditsiyalash ana shu fikrdan tugʻilgan amaliy
misollardan biri. Fan uchun esa bu amaliyotda kuzatilgan ijobiy natijalarning biologik
mexanizmlarni ochib berish vazifasini qoʻyadi.
Nega texnologiya bir yilda shuncha tez kengaydi?
Qishloq xoʻjaligida yaxshi gʻoyaning oʻzi yetarli
emas. U fermerga yetib bormasa, logistikasi ishlamasa, ombori boʻlmasa, kredit
va bozor ragʻbati mos kelmasa, yaxshi texnologiya laboratoriya yoki pilot
xoʻjalikda qolib ketadi.
Bu dasturning 973 gektardan 685 ming gektarga bir
yilda kengayishi faqat urugʻ fiziologiyasi bilan tushuntirilmaydi. Sovuq ombor
infratuzilmasi, urugʻ tayyorlash va sifat nazorati, hududiy agronomlar va bilim
tarqatish tizimi, fermerlarning ishtirok etishi, bozor asosidagi bugʻdoy
savdosi, imtiyozli kredit, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiligini sugʻurtalash,
suv tejamkor texnologiyalarga qoʻllab-quvvatlash va raqamli hosil monitoringi
bir-birini toʻldirdi. Biologik bilim fermerga foyda berishi uchun u amaliy
tashkiliy tizimga aylanishi kerak.
Bu tajribani boshqa mamlakatga koʻchirish mumkinmi?
Albatta mumkin va zarur. Markaziy Osiyo, Janubiy
Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning koʻplab hududlarida fermerlar issiqlik, suv
tanqisligi, qisqa agrotexnik muddat, urugʻ sifati va moliyaviy cheklovlar bilan
ishlaydi. Ularga har doim eng qimmat texnologiya kerak emas. Baʼzan mavjud
biologik bilimni mahalliy resursga mos qilib soddalashtirish katta natija
berishi mumkin.
Lekin Oʻzbekistondagi 45–60 kunlik, +1 dan +5
darajagacha boʻlgan rejimni olib, boshqa davlatga aynan koʻchirish toʻgʻri
yondashuv emas. Navlar boshqa, iqlim boshqa, urugʻ namligi, ombor
infratuzilmasi, ekish muddati va fermer imkoniyati boshqa boʻladi. Shuning
uchun eksport qilinadigan narsa raqam emas, mantiqdir. Bu mantiqni toʻgʻri
qoʻllash uchun avvalo mahalliy navlar biologiyasini va muammolarini tushunib
olish lozim. Kyeyin oddiy va arzon texnologik yechim yaratish, uni kichik
pilotda sinab koʻrish, fermerga natijani koʻrsatib, uning ishonchini qozonish, sifat standartlarini belgilab, infratuzilma va
moliya bilan qoʻllab-quvvatlash asosiy nishon boʻlishi kerak. Shundan keyingina
amaliyotni keng joriy qilishga erishish mumkin.
Boshqa mamlakatda sovuq ombor bor boʻlsa, boshqa rejim
ishlashi mumkin. Sovuq infratuzilma cheklangan boʻlsa, urugʻ fiziologiyasini
boshqarishning boshqa usuli kerak boʻlishi mumkin. Muhimi, epigenetik va
fiziologik bilimni mahalliy dehqonchilik ekotizimiga moslashtirishdir.
Fermer uchun bu nima beradi?
Fermer ilmiy jadval va statistik formulalarni koʻtarib
dalaga chiqmaydi. Fermer uchun urugʻ tez va bir tekis unishi, dalada sogʻlom va
bir tekis koʻchat shakllanishi, oʻsimlik oʻz vaqtida rivojlanishi, issiq va
noqulay ob-havoga qolmay pishishi va omborga qancha don kirishi muhim.
2026-yilgi maʼlumotlarda dastur aynan shu zanjirning
bir nechta halqasida ijobiy signal koʻrsatdi. Yaʼni, ertaroq unib chiqish, dastlabki qalinroq tup,
ertaroq tuplanish va boshoqlash, ertaroq toʻliq pishish, koʻproq hosildor poya
va bir xil nav-hudud taqqoslashlarida gektariga qariyb 0,9 tonna yuqori hosil
bilan bogʻliq natija kuzatildi. Fermer koʻzi bilan koʻrdi va ishonch hosil
qildi. Bu katta yutuq boʻldi desak toʻgʻri boʻladi. Bu raqamlarni kafolat
sifatida emas, Oʻzbekistonning 2026-yilgi real dehqonchilik tizimida kuzatilgan
natija sifatida tushunish kerak. Har bir fermerning yeri, suvi, navi va
agrotexnikasi boshqacha. Lekin biz toʻplagan va tahlil qilgan katta
maʼlumotning kuchli tomoni ham shunda: natija bitta tajriba stansiyasida emas,
oʻnlab ming fermer ishlaydigan turli sharoitlarda kuzatildi.
Oziq-ovqat xavfsizligida yangi fikrlash
Bugʻdoy oddiy ekin emas. U non, oziq-ovqat xavfsizligi
va milliy barqarorlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq. Shuning uchun bu sohada
innovatsiyani faqat gektardan olinadigan tonna bilan baholash kamlik qiladi.
Bizga suvdan, yerdan, urugʻdan, vaqtdan va fermer mablagʻidan samarali
foydalanish kerak.
Oʻzbekistonning 2016–2026-yillardagi trayektoriyasi
sugʻoriladigan bugʻdoy maydoni qisqargan bir vaqtda umumiy don ishlab chiqarish
oʻsganini koʻrsatdi. Bu muhim va bu qishloq xoʻjaligini kengaytirish emas, uni
aqlli intensivlashtirish mantigʻiga yaqinlashishdir. Epigenetik bilimga
asoslangan dehqonchilikni ham shu katta tizimning bir qismi deb koʻrish lozim.
U yangi navning oʻrnini bosmaydi, suvni tejashni almashtirmaydi, oʻgʻit yoki
agrotexnik intizomni bekor qilmaydi. Aksincha, urugʻdan boshlab barcha
halqalarni bir-biriga moslashtirishga yordam beradi.
Qishloq xoʻjaligining yangi davri, ehtimol, faqat
yangi gen yoki yangi nav bilan belgilanmaydi. Oʻsimlik yura olmaydi, lekin
muhitni “oʻqiydi”: harorat, namlik, nur va saqlash sharoiti uning
rivojlanishiga signal beradi. Yangi davr shu ichki holatni tushunish, fermer
dalasidagi natijani oʻlchash va biologik bilimni boshqaruv qarorlari bilan
birlashtirishdan shakllanadi. Bekorga ota-bobolarimiz dehqonchilikni asl siri
“dalada ekin bilan soʻzlashish” ekanligini aytishmagan ekanda. Bu maʼnaviy
qarash bugungi pangenomika davrida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda desak eng
toʻgʻri xulosa boʻladi.
2027-yil hosili bugundan boshlanadi: navbat yangi agrotexnik “software”ga
Endi fermer uchun eng amaliy savol shu: bu yilgi natijadan keyin nima
qilamiz? 2027-yil hosili uchun kuzgi bugʻdoy ekish mavsumi boshlanmoqda.
Hududga qarab ekish sentyabrdan noyabrgacha davom etadi. 2026-yil tajribasi
urugʻni ekishgacha toʻgʻri tayyorlash katta ahamiyatga ega ekanini koʻrsatdi.
Endi shu bilimni keyingi bosqichga olib chiqishimiz kerak. Yaʼni
yarovizatsichlangan, sifatli urugʻni dalaga toʻgʻri muddatda, maqbul zichlikda
va butun mavsum davomida yagona agrotexnik tizim asosida kiritish zarur.
Shu maqsadda yangi amaliy qoʻllanmadagi eng muhim yangiliklardan biri
maysa qalinligini boshqarishga qaratilgan ekish “software”idir. Sugʻoriladigan
ochiq maydonlarda zamonaviy don seyalkalari bilan gektariga 450–500 kg, gʻoʻza
qator oralarida esa 400–550 kg atrofida sifatli va sertifikatlangan urugʻ ekish
tavsiya etilmoqda. Lekin maqsad faqat kilogrammni koʻpaytirish emas. Asosiy
maqsad dalada bir tekis maysa va gektariga taxminan 8,5–9 million sogʻlom
mahsuldor poya shakllantirishdir. 2026-yilgi amaliy kuzatuvlarimizda yuqori
urugʻ meʼyori va toʻgʻri agrotexnika birga qoʻllangan ayrim maydonlarda
hosildorlik 10 t/ga atrofiga yetdi. Bu har bir dala uchun kafolat emas, balki
nav, unuvchanlik, tuproq, ekish muddati, suv va parvarish bilan birga
boshqarilishi kerak boʻlgan yangi zichlik yondashuvining imkoniyatini
koʻrsatadi.
Ikkinchi yoʻnalish oziqlantirish va stressni boshqarish “software”ini
aniqlashtirishdir. Muvozanatli NPK bilan birga bor va boshqa mikroelementlar,
kremniy asosidagi vositalar, atsetilsalitsil kislotasi, xamirturush asosidagi
biologik yondashuvlar kabi qoʻshimcha yechimlar oʻsimlikning haqiqiy holati va
rivojlanish bosqichiga qarab qoʻllanishi kerak. Yotib qolish xavfi yuqori
boʻlgan serhosil va qalin maydonlarda etefon ham faqat bugʻdoy uchun davlat
roʻyxatidan oʻtgan tayyor preparat, yorliq koʻrsatmasi va toʻgʻri rivojlanish
fazasiga qatʼiy amal qilingan holda qoʻllanishi mumkin. Bu vositalarning
birortasi “moʻjizaviy” yechim emas va ularni har bir maydonda bir xil qoʻllash
toʻgʻri emas.
Shuning uchun bu kuzda fermerlarimizga murojaatimiz oddiy: urugʻdan
boshlangan “tarbiya”ni dalada uzib qoʻymang. Qoʻllanmadagi barcha qoidalarni
bir-biriga bogʻlangan texnologik zanjir sifatida bajaring, maysa qalinligini
oʻlchang, suv va oziqani oʻsimlik holatiga qarab boshqaring, har bir yangi
ishlovni kichik nazorat maydonida taqqoslab koʻring va natijani dala jurnaliga
yozib boring. Yaxshi nav “hardware” boʻlsa, 2027-yil hosilini ochadigan yangi
“software” aynan shu intizomli va oʻlchanadigan agrotexnika boʻladi.
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi yangi davr xulosasi
Research Square platformasida eʼlon qilingan yangi preprintimizda biz
Oʻzbekiston bugʻdoychiligining oʻn bir yillik milliy maʼlumotlarini, 2026-yilgi
aniq mos nav-hudud taqqoslashlarini va 154 tumandagi dala monitoringini
birlashtirdik. Tahlillarimiz yarovizatsiya dasturi bilan bogʻliq hosil farqini,
dala monitoringi esa farqning oʻsimlik hayoti davomida qanday
shakllanayotganini koʻrsatdi.
Eng muhim natija 973 gektarlik pilotning bir yilda 685 ming gektardan
ortiq maydonga chiqishi ilm bilan boshqaruv bir-biriga yaqinlashganda qanday
natija berishini anglab olish boʻldi. Bir xil nav va hududlardagi 92 ta
taqqoslashning barchasi ijobiy boʻlishi, 106 ta tumanda unib chiqish va
fenologiyaning deyarli bir yoʻnalishda oʻzgarishi esa bu natijani jiddiy
oʻrganishga arziydigan real agronomik bilimga aylantiradi. Bu bilim
olimlarimizni ushbu ijobiy agronomik signallarni chuqur DNK darajasida tahlil
qilishga undamoqda. Ammo fundamental biologik bilimni fermer amaliyotiga moslashtirish va
natijani milliy masshtabda oʻlchash mumkinligi allaqachon ayon boʻldi va bu
manfaat keltira boshladi.
Epigenetik bilimga asoslangan dehqonchilikning biz koʻrayotgan kelajagi
shu: laboratoriyadagi bilimni fermer dalasiga tushirish, urugʻdan boshlab
oʻsimlik hayotini yaxshiroq tushunish va mavjud genetik “hardware” imkoniyatini
toʻgʻri agrotexnik “software” orqali toʻliqroq ochish. Yangi davrning muhim
boshlanish nuqtalaridan biri urugʻni toʻgʻri “tarbiyalash” va tayyorlashdir.
Ibrohim Abdurahmonov,
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri,
akademik
Manba: https://www.researchsquare.com/article/rs-10823700/v1