“Ijodkor” mahallasi hududidagi maxsus sanoat zonasining 10 gektar maydonida tashkil etilayotgan loyihaning umumiy qiymati 170 million dollar. Korxonada yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.

Ishlab chiqarilgan elektrobuslar ichki bozor bilan birga xorijiy davlatlarga ham eksport qilinadi. Kelgusida korxonada elektr yuk mashinalarini ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Korxonani 2027-yil dekabr oyida ishga tushirish belgilangan. Loyiha hududda yangi ish oʻrinlari yaratish va Fargʻona viloyatining sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihaga start berish tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar, investorlar, jamoatchilik vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Tadbir yakunida korxonaga tamal toshi qoʻyilib, qurilish ishlariga start berildi.