Bunda ehtiyojni shakllantirishdan tortib, tadbirkorlarni tanlash, ko‘mirni birja orqali sotish va iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar mycoal.uz portali orqali raqamlashtiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, hududlarda aholi va byudjet tashkilotlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji mycoal.uz portali orqali shakllantiriladi va tasdiqlanadi. Shundan so‘ng ko‘mir hajmlari hududlar kesimida birja savdolariga qo‘yiladi.

Ko‘mir yetkazib beruvchi tadbirkorlar birlamchi mezonlar asosida tanlanadi. Ularga ko‘mir saqlash uchun o‘ralgan ombor mavjudligi, temir yo‘l izining bo‘lishi, avtotarozi va avtoko‘taragichdan foydalanish imkoni, ko‘mir savdosi bo‘yicha kamida ikki yillik tajriba hamda soliqdan qarzdorlikning mavjud emasligi kabi talablar qo‘yiladi.

Har bir hudud bo‘yicha kamida uch nafar tadbirkordan iborat ro‘yxat shakllantiriladi. Ular haqidagi ma’lumotlar mycoal.uz portali orqali onlayn tarzda tekshiriladi. Tanlov mezonlariga mos kelgan tadbirkorlarga birja savdolarida qatnashish uchun avtomatik ravishda ruxsat beriladi.

Ko‘mir qanday sotiladi?

Yangi mexanizmda ko‘mir ochiq birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Bunda tadbirkorlar belgilangan hajmdagi ko‘mir uchun birja savdolarida ishtirok etadi va xarid qilingan ko‘mir uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshiradi.


Shundan keyin ko‘mir ishlab chiqaruvchi yoki importyor tomonidan tadbirkor omboriga jo‘natiladi. Ko‘mirni ombordan iste’molchigacha tashish xarajatlari tadbirkor hisobidan amalga oshiriladi.

Birja savdolari muddatlari har oyning 5-sanasiga qadar e’lon qilinadi.

Ko‘mirni olgan tadbirkor uni sifatli saqlash va belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun javobgar bo‘ladi.

Aholi ko‘mirni qanday xarid qiladi?

Fuqarolar ko‘mir xarid qilish uchun mycoal.uz portali orqali ariza yuboradi. Portalda navbatda ko‘rsatilgan ko‘mir omborlari va ulardagi narxlar bilan tanishib, eng maqbul omborni tanlash mumkin.


Keyin kerakli ko‘mir miqdori va yetkazib berish usuli ko‘rsatiladi. Ko‘mirni uyga yetkazib berish yoki ombordan olib ketish varianti tanlanadi.

Ko‘mir xarid qilinganidan keyin uni qabul qilib olinganligi mycoal.uz orqali SMS yuborish bilan tasdiqlanadi. Ko‘mir miqdori yoki sifati bo‘yicha muammo aniqlansa, portal orqali e’tiroz bildirish imkoni ham mavjud.


Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga kompensatsiya beriladi

2026–2027 yillarda ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘mir xaridi uchun davlat tomonidan kompensatsiya to‘lanadi.

Kompensatsiya miqdori har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m, bir yilda esa 600 ming so‘mgacha belgilangan.

Ushbu kompensatsiya faqat ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar tomonidan bir kalendar yili davomida xarid qilingan va mycoal.uz portali orqali tasdiqlangan ko‘mir uchun to‘lanadi.

Kompensatsiya olish uchun ko‘mir xaridi va uni qabul qilib olinganligi mycoal.uz orqali tasdiqlanishi kerak. Hisoblangan mablag‘ ijtimoiy karta yoki bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Shu tariqa, yangi tizimda ko‘mir bozorida ochiqlik va raqobatni ta’minlash, savdo jarayonlarini raqamlashtirish hamda aholiga ko‘mirni manzilli yetkazib berish nazarda tutilgan.