Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda mamlakatimiz hayotida yuz bergan ulkan oʻzgarishlar yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevori barpo etilayotganidan dalolat bermoqda.

Bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Xalq bilan muloqot qilish, muammolarni joyiga chiqib oʻrganish, mahallabay ishlash tizimining yoʻlga qoʻyilishi davlat va xalq oʻrtasidagi ishonchni yanada mustahkamladi. Davlat idoralarining xalqqa xizmat qilish tamoyili asosida ishlashi jamiyatimizda yangi siyosiy va ijtimoiy madaniyatni shakllantirdi.

Dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar va turli inqirozlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda davlatimiz rahbarining oqilona siyosati bois, Oʻzbekistonda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik taʼminlanmoqda. Tinch osmon ostida mehnat qilish, bunyodkorlik bilan shugʻullanish, ertangi kunga ishonch bilan qarash — ushbu siyosatning eng muhim samarasi.

Keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijalarini rangli metallurgiya sohasida, xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Prezidentimiz tashabbusi va qoʻllab-quvvatlovi evaziga kombinatimiz soʻnggi yillarda tubdan yangilanmoqda. Eski ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilinib, yangi yirik korxonalar va majmualar barpo etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar, uskunalar, sunʼiy intellekt keng joriy qilinyapti.

Global transformatsiya

Kombinatda 2019-2026-yillarga moʻljallangan keng qamrovli transformatsiya dasturi amalga oshirilayotgani nafaqat ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga, balki moliyaviy boshqaruv, korporativ madaniyat, raqamlashtirish darajasi va xalqaro maydondagi nufuzga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Ushbu jarayonning dastlabki qadami sifatida 2019-yildan boshlab IFRS — Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida hisobotlar tayyorlashga oʻtildi. 1S:ERP tizimi joriy qilinib, 140 xodim IFRS boʻyicha malaka oshirdi.

Natijada xalqaro moliya institutlarining kombinatga ishonchi oshib, 1,9 milliard dollar miqdorida davlat kafolatisiz toʻgʻridan toʻgʻri kreditlar jalb qilindi. Germaniya, Buyuk Britaniya va Xitoy eksport-sugʻurta agentliklari orqali imtiyozli kredit liniyalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Hozir 1 milliard dollarlik yevroobligatsiyalarni xalqaro moliya bozorlarida joylashtirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Yana bir eʼtiborli jihat — joriy yil may oyida kombinatga MDH mamlakatlari orasida birinchi boʻlib “Copper Mark” tashkiloti tomonidan The Copper Mark va The Molybdenum Mark sertifikatlari berildi. Ushbu sertifikatlar mis va molibden mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlaydi. Kombinatning jahon miqyosida “masʼuliyatli mis va molibden ishlab chiqaruvchi” ekani hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq faoliyat yuritayotganini tasdiqlaydi.

Shuningdek, joriy yilda xalqaro Sustainable Fitch agentligi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining barqaror rivojlanish reytingini (Entity Rating) baholash mezonini (entity score) 56 balldan 59 ballga oshirdi. Bu kombinatning barqaror rivojlanish strategiyasini izchil takomillashtirish, ijtimoiy, boshqaruv va ekologiya sohalarida sezilarli yutuqlarga erishganini aks ettiradi.

Yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muvaffaqiyatli sertifikatlashtirildi, yaʼni Xalqaro ctandartlashtirish tashkilotining yangilangan ISO 37001:2025 standarti respublikada birinchi boʻlib joriy etilgani tasdiqlandi.

Bu xalqaro sertifikat xorijiy moliyaviy institutlar tomonidan investitsiya kiritish va toʻgʻridan toʻgʻri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy talab sifatida soʻraladi.

Barqaror rivojlanayotgan klaster

Soʻnggi oʻn yilda kombinatda mahsulot ishlab chiqarish hajmi modernizatsiya va investitsiyalar evaziga bir necha barobar oshdi.

2016-yilda 105,4 ming tonna mis ishlab chiqarilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan mis mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 172,5 ming tonnaga yetadi. Oltin ishlab chiqarish hajmi joriy yilda 2016-yildagiga nisbatan 1,4 barobar, kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar oshadi. Ushbu yutuqlar negizida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar mujassam.

Jumladan, nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo tarixidagi eng yirik sanoat loyihalaridan biri — quvvati 60 million tonna boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi barpo etildi. Ushbu fabrika yirik quvvati bilan birga texnologik jarayonlarning toʻliq raqamlashtirilgani va sunʼiy intellekt joriy etilgani bilan ham ajralib turadi.

Joriy yil 16-mart kuni Prezidentimizning fabrikani ishga tushirishga start bergani kombinatimiz tarixi zarvaraqlariga muhrlandi va jamoamiz bu eʼtiborni hech qachon unutmaydi. Bugunga qadar 3-mis boyitish fabrikasida 6 million tonna maʼdan qayta ishlanib, 100 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqarildi.

Ayni paytda quvvati 60 million tonna boʻlgan 4-mis boyitish fabrikasi va mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnaga yetkazishga moʻljallangan zamonaviy Mis eritish majmuasi qurilishi jadal surʼatda davom ettirilmoqda. Bu ulkan bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda mis klasterini yanada rivojlantirish, misni chuqur qayta ishlash hajmini oshirish, yurtimizning yetakchi kon-metallurgiya davlatlari qatoridan mustahkam oʻrin egallashiga xizmat qiladi.

Raqamli kelajak sari

Zamonaviy sanoatni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham bu jarayonda dadil qadam tashlamoqda.

2018-yildan boshlangan yer qaʼrini raqamli modellashtirish ishlari sunʼiy intellektni joriy etish bosqichiga yetib kelish uchun oʻz vaqtida qurilgan poydevor boʻldi. Xalqaro “SRK Consulting” kompaniyasi bilan birga “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlari boʻyicha yagona elektron maʼlumotlar bazasi yaratildi. Uning asosida xalqaro JORC standarti boʻyicha konlarning dinamik raqamli resurs modeli ishlab chiqildi. Bu esa togʻ-kon ishlarini oʻrta va uzoq muddatli rejalashtirish hamda burgʻilash-portlatish ishlarini avtomatlashtirilgan holda loyihalash imkonini berdi.

Mis eritish zavodida ishga tushirilgan “SmeltVision” tizimi 13 ta konveyer, 3 ta eritish pechi va 4 ta konverter ishini uzluksiz tahlil qilmoqda. Sunʼiy intellekt algoritmlari yordamida ogʻishlarni erta aniqlash imkoni paydo boʻldi.

Sunʼiy intellekt yordamida xaridlarni tahlil qilish orqali omborlardagi harakatsiz qoldiqlar qayta yoʻnaltirilib, 262 milliard soʻmlik ortiqcha xaridlarning oldi olindi.

1S:ERP tizimining ishga tushirilishi hisobotlarni tayyorlash vaqtini 50 foiz qisqartirdi. Omborlardagi qoldiqlar 15 foiz kamaydi. Yonilgʻi-moylash materiallarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi esa bir yilda 6,4 ming tonna dizel yonilgʻisini tejash imkonini berdi.

Joriy etilgan texnologiyalar natijasida ishlab chiqarish xarajatlari 15, yonilgʻi-energiya resurslari sarfi 5 foiz kamaydi. Uskunalarning texnik tayyorlik koeffitsiyenti 10, maʼdanlardan metall ajratib olish darajasi esa 1 foiz oshirildi.

Yurtimizning ishlab chiqarish qudrati

Hozir dunyoda kechayotgan turli ziddiyatlar bois, logistika va boshqa yoʻnalishlarda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar tufayli import mahsulotlarini oʻzimizda ishlab chiqarish zarurati dolzarb tus olmoqda.

Xususan, 2025-yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. 2026-yilda esa 40 ta yirik loyiha doirasida bu koʻrsatkichni 1,5 trillion soʻmga yetkazish maqsad qilingan. Jumladan, yanvar-iyul oylarida 815,2 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, bu orqali 49,6 million dollarlik import oʻrni qoplandi.

Bunda 11 turdagi yangi mahsulotlar oʻzlashtirildi. Birinchi marta flotatsiya mashinalari, statorlar, karyer ekskavatorlari uchun butlovchi qismlar, pnevmomexanik mashinalar uchun futerovkalar va ehtiyot qismlar, 2VS-115 rusumli vagonsamosval uchun balka va kuzovlar, tegirmonlar, maydalagichlar, temir yoʻl transporti, gʻalvirlar uchun futerovkalarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Modernizatsiya va investitsiya

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida qator texnologik yangilanishlar ustida ishlamoqda. Xususan, joriy yil may oyida Kovuldi va Quyi Kenjasoy konlarida qazib olinadigan 200 ming tonna maʼdanni qayta ishlashga moʻljallangan Kovuldi oltin saralash fabrikasi ishga tushirildi. Eʼtiborli jihati, fabrikaga oʻrnatilgan texnologik uskunalar va qurilish ishlari toʻliq “milliy kontent” hisobiga bajarildi. Bu mahalliylashtirish dasturi doirasidagi ishlarning yorqin natijasi boʻlib, kombinat mutaxassislarining yuqori muhandislik salohiyatini namoyish etdi.

Rux zavodida 6-sulfat kislotasi sexining qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Yangi majmua toʻliq ishga tushirilgach, chiqindi gazlardan yiliga 180 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Bu loyiha iqtisodiy samara berish bilan birga Olmaliq shahri ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish investitsiya loyihasi doirasida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Chimqoʻrgʻon-1” va “Chimqoʻrgʻon-2” ohaktosh konlari negizida barpo etilayotgan yangi ohak zavodida ham qurilish-montaj ishlari ayni paytda qizgʻin pallaga kirgan. Zavod toʻliq quvvat bilan ishga tushirilgach, kuniga 2200 tonna, yiliga esa 737 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradi va mis boyitish fabrikalarini kimyoviy reagent — ohak mahsuloti bilan toʻliq taʼminlaydi. Hududda 323 ta yangi ish oʻrni ochiladi.

Tejalgan har bir soʻm — samaradorlik koʻrsatkichi

Tannarxni pasaytirish — zamonaviy bozorda korxonaning raqobatbardoshligini oshirish va foydasini koʻpaytirishni taʼminlaydigan eng muhim strategik zarurat. Biznes muhiti tez oʻzgarib, resurs narxlari va raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda mahsulot yoki xizmat tannarxini boshqarish har bir korxonaning diqqati markazida boʻlishi lozim.

Joriy yil yanvar-iyul oylarida kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarildi, yaʼni 1 trillion 332 milliard soʻmlik iqtisodiy samaraga erishildi.

Bu natijaning eng katta qismi asosiy fondlar samaradorligi va mehnat unumdorligini oshirish hisobiga toʻgʻri keldi — 491 milliard soʻm. Energiya resurslarini tejash hisobiga 288 milliard soʻm, xomashyo va materiallar xarajatini optimallashtirish orqali 259 milliard soʻm tejaldi. Mahsulotlarni xarid qilish, tashish va saqlash xarajatlarini maqbullashtirish natijasida yana 112,3 milliard soʻm iqtisod qilindi.

Masalan, ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar doirasida 2-mis boyitish fabrikasida GRAT-700 nasosining 200 kilovattli elektr dvigateli chastota oʻzgartirgich hisobiga 132 kilovattlisiga almashtirildi. Natijada oʻtgan 7 oyda 3153 ming kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.

Bundan tashqari, kombinatning tarkibiy boʻlinmalarida oʻrnatilgan kichik quyosh fotoelektr stansiyalari hisobiga 5 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarildi yoki 1,6 million kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Malakali mutaxassislarga talab yuqori

Bugungi ulkan texnologik yangilanishlar va ishlab chiqarishni raqamlashtirish kombinat oldiga mutlaqo yangi — yuqori texnologik uskunalar va sunʼiy intellekt tizimlarini boshqara oladigan zamonaviy kadrlarni shakllantirish vazifasini qoʻymoqda. Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Muhandislik maktabida bugun aynan shunday professional mutaxassislar tayyorlanmoqda. Maktabning oʻquv dasturlari dual taʼlim tizimiga asoslangan boʻlib, Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining ilgʻor metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, Muhandislik maktabida Germaniya, Yaponiya, Italiya, Avstraliya, Xitoy kabi ilgʻor davlatlarning yetakchi professor-oʻqituvchilari ishtirokida kombinat xodimlari uchun doimiy ravishda maxsus ilmiy va amaliy seminarlar oʻtkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, 2025-yil aprelda ­“MISIS” fan va texnologiyalar universiteti hamda OKMK hamkorligida tashkil etilgan “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi — Oʻzbekiston togʻ-kon va metallurgiya sanoati uchun yangi bilim hamda innovatsion fikrlashga ega, ishlab chiqarishning strategik vazifalarini hal qila oladigan yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlab bermoqda.

OKMK gender tenglik tamoyillarini hayotga tatbiq etishda ham yetakchi tashkilotlardan. Bugun kombinatda 7600 dan ziyod xotin-qiz mehnat qilyapti. Ularning 200 dan ortigʻi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Xotin-qizlarning kasbiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Joriy yilda 1010 ayol xodimimiz malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida oʻqitildi. 120 nafari kombinat tavsiyanomasi asosida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning xalqaro maydondagi liderlik salohiyatini rivojlantirish maqsadida “OKMK — Yevropa — Hamkorlar” lider ayollar klubi tashkil etildi. Klub doirasida xalqaro ekspertlar, xorijiy banklar va biznes vakillari ishtirokida muloqotlar, tajriba almashinuvlari hamda zamonaviy boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bugungi natija — ertangi marra

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati oldida turgan vazifalar koʻlami yildan yilga kengayib, maqsadlar tobora yuksalib bormoqda.

Bugun OKMK haqida soʻz ketganda, gap faqat ulkan ishlab chiqarish quvvatlari yoki milliardlab dollarlik investitsiyalar haqida borayotgani yoʻq. Bu oʻzgarayotgan sanoat, yangilanayotgan shahar, zamonaviy kasblarni egallayotgan yoshlar, munosib mehnat sharoitlariga ega boʻlayotgan minglab insonlar va ertangi kunga ishonch haqidagi hikoyadir.

Kecha konlar bagʻridagi boylikni oʻzlashtirish bilan cheklangan korxona bugun zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv va xalqaro moliya institutlari bilan bir maydonda harakat qilmoqda.

Zero, taraqqiyotning chegarasi boʻlmaydi. Bugungi yutuq — ertangi buyuk natijalar uchun boshlangʻich nuqta, xolos.

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ

boshqaruvi raisi, senator