Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda mamlakatimiz hayotida yuz bergan ulkan oʻzgarishlar yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevori barpo etilayotganidan dalolat bermoqda.
Bugun
yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil hayotimizning ajralmas
qismiga aylandi. Xalq bilan muloqot qilish, muammolarni joyiga chiqib
oʻrganish, mahallabay ishlash tizimining yoʻlga qoʻyilishi davlat va xalq
oʻrtasidagi ishonchni yanada mustahkamladi. Davlat idoralarining xalqqa xizmat
qilish tamoyili asosida ishlashi jamiyatimizda yangi siyosiy va ijtimoiy
madaniyatni shakllantirdi.
Dunyoda
geosiyosiy ziddiyatlar va turli inqirozlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab
davrda davlatimiz rahbarining oqilona siyosati bois, Oʻzbekistonda tinchlik,
osoyishtalik va barqarorlik taʼminlanmoqda. Tinch osmon ostida mehnat qilish,
bunyodkorlik bilan shugʻullanish, ertangi kunga ishonch bilan qarash — ushbu
siyosatning eng muhim samarasi.
Keng
koʻlamli islohotlarning amaliy natijalarini rangli metallurgiya sohasida,
xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Prezidentimiz
tashabbusi va qoʻllab-quvvatlovi evaziga kombinatimiz soʻnggi yillarda tubdan
yangilanmoqda. Eski ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilinib, yangi
yirik korxonalar va majmualar barpo etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar,
uskunalar, sunʼiy intellekt keng joriy qilinyapti.
Global transformatsiya
Kombinatda
2019-2026-yillarga moʻljallangan keng qamrovli transformatsiya dasturi amalga
oshirilayotgani nafaqat ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga, balki moliyaviy
boshqaruv, korporativ madaniyat, raqamlashtirish darajasi va xalqaro maydondagi
nufuzga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Ushbu
jarayonning dastlabki qadami sifatida 2019-yildan boshlab IFRS — Moliyaviy
hisobotning xalqaro standartlari asosida hisobotlar tayyorlashga oʻtildi.
1S:ERP tizimi joriy qilinib, 140 xodim IFRS boʻyicha malaka oshirdi.
Natijada
xalqaro moliya institutlarining kombinatga ishonchi oshib, 1,9 milliard dollar
miqdorida davlat kafolatisiz toʻgʻridan toʻgʻri kreditlar jalb qilindi.
Germaniya, Buyuk Britaniya va Xitoy eksport-sugʻurta agentliklari orqali
imtiyozli kredit liniyalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Hozir 1 milliard dollarlik
yevroobligatsiyalarni xalqaro moliya bozorlarida joylashtirishga tayyorgarlik
koʻrilmoqda.
Yana
bir eʼtiborli jihat — joriy yil may oyida kombinatga MDH mamlakatlari orasida
birinchi boʻlib “Copper Mark” tashkiloti tomonidan The Copper Mark va The
Molybdenum Mark sertifikatlari berildi. Ushbu sertifikatlar mis va molibden
mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlaydi.
Kombinatning jahon miqyosida “masʼuliyatli mis va molibden ishlab chiqaruvchi”
ekani hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq faoliyat
yuritayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek,
joriy yilda xalqaro Sustainable Fitch agentligi Olmaliq kon-metallurgiya
kombinatining barqaror rivojlanish reytingini (Entity Rating) baholash mezonini
(entity score) 56 balldan 59 ballga oshirdi. Bu kombinatning barqaror
rivojlanish strategiyasini izchil takomillashtirish, ijtimoiy, boshqaruv va
ekologiya sohalarida sezilarli yutuqlarga erishganini aks ettiradi.
Yaqinda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi
muvaffaqiyatli sertifikatlashtirildi, yaʼni Xalqaro ctandartlashtirish
tashkilotining yangilangan ISO 37001:2025 standarti respublikada birinchi
boʻlib joriy etilgani tasdiqlandi.
Bu
xalqaro sertifikat xorijiy moliyaviy institutlar tomonidan investitsiya
kiritish va toʻgʻridan toʻgʻri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy
talab sifatida soʻraladi.
Barqaror rivojlanayotgan
klaster
Soʻnggi
oʻn yilda kombinatda mahsulot ishlab chiqarish hajmi modernizatsiya va
investitsiyalar evaziga bir necha barobar oshdi.
2016-yilda
105,4 ming tonna mis ishlab chiqarilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan mis
mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 172,5 ming tonnaga yetadi. Oltin ishlab
chiqarish hajmi joriy yilda 2016-yildagiga nisbatan 1,4 barobar, kumush ishlab
chiqarish 1,6 barobar oshadi. Ushbu yutuqlar negizida davlatimiz rahbari
tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar mujassam.
Jumladan,
nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo tarixidagi eng yirik sanoat loyihalaridan
biri — quvvati 60 million tonna boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi barpo etildi.
Ushbu fabrika yirik quvvati bilan birga texnologik jarayonlarning toʻliq
raqamlashtirilgani va sunʼiy intellekt joriy etilgani bilan ham ajralib turadi.
Joriy
yil 16-mart kuni Prezidentimizning fabrikani ishga tushirishga start bergani
kombinatimiz tarixi zarvaraqlariga muhrlandi va jamoamiz bu eʼtiborni hech
qachon unutmaydi. Bugunga qadar 3-mis boyitish fabrikasida 6 million tonna
maʼdan qayta ishlanib, 100 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab
chiqarildi.
Ayni
paytda quvvati 60 million tonna boʻlgan 4-mis boyitish fabrikasi va mis ishlab
chiqarish hajmini 400 ming tonnaga yetkazishga moʻljallangan zamonaviy Mis
eritish majmuasi qurilishi jadal surʼatda davom ettirilmoqda. Bu ulkan
bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda mis klasterini yanada rivojlantirish, misni
chuqur qayta ishlash hajmini oshirish, yurtimizning yetakchi kon-metallurgiya
davlatlari qatoridan mustahkam oʻrin egallashiga xizmat qiladi.
Raqamli kelajak sari
Zamonaviy
sanoatni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Olmaliq
kon-metallurgiya kombinati ham bu jarayonda dadil qadam tashlamoqda.
2018-yildan
boshlangan yer qaʼrini raqamli modellashtirish ishlari sunʼiy intellektni joriy
etish bosqichiga yetib kelish uchun oʻz vaqtida qurilgan poydevor boʻldi.
Xalqaro “SRK Consulting” kompaniyasi bilan birga “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1”
konlari boʻyicha yagona elektron maʼlumotlar bazasi yaratildi. Uning asosida
xalqaro JORC standarti boʻyicha konlarning dinamik raqamli resurs modeli ishlab
chiqildi. Bu esa togʻ-kon ishlarini oʻrta va uzoq muddatli rejalashtirish hamda
burgʻilash-portlatish ishlarini avtomatlashtirilgan holda loyihalash imkonini
berdi.
Mis
eritish zavodida ishga tushirilgan “SmeltVision” tizimi 13 ta konveyer, 3 ta
eritish pechi va 4 ta konverter ishini uzluksiz tahlil qilmoqda. Sunʼiy
intellekt algoritmlari yordamida ogʻishlarni erta aniqlash imkoni paydo boʻldi.
Sunʼiy
intellekt yordamida xaridlarni tahlil qilish orqali omborlardagi harakatsiz
qoldiqlar qayta yoʻnaltirilib, 262 milliard soʻmlik ortiqcha xaridlarning oldi
olindi.
1S:ERP
tizimining ishga tushirilishi hisobotlarni tayyorlash vaqtini 50 foiz
qisqartirdi. Omborlardagi qoldiqlar 15 foiz kamaydi. Yonilgʻi-moylash
materiallarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi esa bir yilda 6,4 ming
tonna dizel yonilgʻisini tejash imkonini berdi.
Joriy
etilgan texnologiyalar natijasida ishlab chiqarish xarajatlari 15,
yonilgʻi-energiya resurslari sarfi 5 foiz kamaydi. Uskunalarning texnik
tayyorlik koeffitsiyenti 10, maʼdanlardan metall ajratib olish darajasi esa 1
foiz oshirildi.
Yurtimizning ishlab chiqarish
qudrati
Hozir
dunyoda kechayotgan turli ziddiyatlar bois, logistika va boshqa yoʻnalishlarda
yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar tufayli import mahsulotlarini oʻzimizda ishlab
chiqarish zarurati dolzarb tus olmoqda.
Xususan,
2025-yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,3 trillion soʻmlik mahsulot
ishlab chiqarildi. 2026-yilda esa 40 ta yirik loyiha doirasida bu koʻrsatkichni
1,5 trillion soʻmga yetkazish maqsad qilingan. Jumladan, yanvar-iyul oylarida
815,2 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, bu orqali 49,6 million dollarlik
import oʻrni qoplandi.
Bunda
11 turdagi yangi mahsulotlar oʻzlashtirildi. Birinchi marta flotatsiya
mashinalari, statorlar, karyer ekskavatorlari uchun butlovchi qismlar,
pnevmomexanik mashinalar uchun futerovkalar va ehtiyot qismlar, 2VS-115 rusumli
vagonsamosval uchun balka va kuzovlar, tegirmonlar, maydalagichlar, temir yoʻl
transporti, gʻalvirlar uchun futerovkalarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Modernizatsiya va investitsiya
Olmaliq
kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida
qator texnologik yangilanishlar ustida ishlamoqda. Xususan, joriy yil may oyida
Kovuldi va Quyi Kenjasoy konlarida qazib olinadigan 200 ming tonna maʼdanni
qayta ishlashga moʻljallangan Kovuldi oltin saralash fabrikasi ishga tushirildi.
Eʼtiborli jihati, fabrikaga oʻrnatilgan texnologik uskunalar va qurilish
ishlari toʻliq “milliy kontent” hisobiga bajarildi. Bu mahalliylashtirish
dasturi doirasidagi ishlarning yorqin natijasi boʻlib, kombinat
mutaxassislarining yuqori muhandislik salohiyatini namoyish etdi.
Rux
zavodida 6-sulfat kislotasi sexining qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Yangi
majmua toʻliq ishga tushirilgach, chiqindi gazlardan yiliga 180 ming tonna
sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Bu loyiha iqtisodiy samara berish bilan
birga Olmaliq shahri ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek,
“Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish investitsiya loyihasi doirasida Jizzax
viloyatining Forish tumanidagi “Chimqoʻrgʻon-1” va “Chimqoʻrgʻon-2” ohaktosh
konlari negizida barpo etilayotgan yangi ohak zavodida ham qurilish-montaj
ishlari ayni paytda qizgʻin pallaga kirgan. Zavod toʻliq quvvat bilan ishga
tushirilgach, kuniga 2200 tonna, yiliga esa 737 ming tonna mahsulot ishlab
chiqaradi va mis boyitish fabrikalarini kimyoviy reagent — ohak mahsuloti bilan
toʻliq taʼminlaydi. Hududda 323 ta yangi ish oʻrni ochiladi.
Tejalgan har bir soʻm —
samaradorlik koʻrsatkichi
Tannarxni
pasaytirish — zamonaviy bozorda korxonaning raqobatbardoshligini oshirish va
foydasini koʻpaytirishni taʼminlaydigan eng muhim strategik zarurat. Biznes
muhiti tez oʻzgarib, resurs narxlari va raqobat kuchayib borayotgan hozirgi
davrda mahsulot yoki xizmat tannarxini boshqarish har bir korxonaning diqqati
markazida boʻlishi lozim.
Joriy
yil yanvar-iyul oylarida kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish boʻyicha
belgilangan prognoz koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarildi, yaʼni 1 trillion
332 milliard soʻmlik iqtisodiy samaraga erishildi.
Bu
natijaning eng katta qismi asosiy fondlar samaradorligi va mehnat unumdorligini
oshirish hisobiga toʻgʻri keldi — 491 milliard soʻm. Energiya resurslarini
tejash hisobiga 288 milliard soʻm, xomashyo va materiallar xarajatini
optimallashtirish orqali 259 milliard soʻm tejaldi. Mahsulotlarni xarid qilish,
tashish va saqlash xarajatlarini maqbullashtirish natijasida yana 112,3
milliard soʻm iqtisod qilindi.
Masalan,
ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan
tashkiliy-texnik tadbirlar doirasida 2-mis boyitish fabrikasida GRAT-700
nasosining 200 kilovattli elektr dvigateli chastota oʻzgartirgich hisobiga 132
kilovattlisiga almashtirildi. Natijada oʻtgan 7 oyda 3153 ming kilovatt-soat
elektr energiyasi tejaldi.
Bundan
tashqari, kombinatning tarkibiy boʻlinmalarida oʻrnatilgan kichik quyosh fotoelektr
stansiyalari hisobiga 5 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi
ishlab chiqarildi yoki 1,6 million kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Malakali mutaxassislarga talab
yuqori
Bugungi
ulkan texnologik yangilanishlar va ishlab chiqarishni raqamlashtirish kombinat
oldiga mutlaqo yangi — yuqori texnologik uskunalar va sunʼiy intellekt
tizimlarini boshqara oladigan zamonaviy kadrlarni shakllantirish vazifasini
qoʻymoqda. Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Muhandislik
maktabida bugun aynan shunday professional mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Maktabning oʻquv dasturlari dual taʼlim tizimiga asoslangan boʻlib,
Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG
va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining ilgʻor metodologiyalari asosida
ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, Muhandislik maktabida Germaniya, Yaponiya,
Italiya, Avstraliya, Xitoy kabi ilgʻor davlatlarning yetakchi
professor-oʻqituvchilari ishtirokida kombinat xodimlari uchun doimiy ravishda
maxsus ilmiy va amaliy seminarlar oʻtkazib kelinmoqda.
Bundan
tashqari, 2025-yil aprelda “MISIS” fan va texnologiyalar universiteti hamda
OKMK hamkorligida tashkil etilgan “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi —
Oʻzbekiston togʻ-kon va metallurgiya sanoati uchun yangi bilim hamda
innovatsion fikrlashga ega, ishlab chiqarishning strategik vazifalarini hal
qila oladigan yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlab bermoqda.
OKMK
gender tenglik tamoyillarini hayotga tatbiq etishda ham yetakchi
tashkilotlardan. Bugun kombinatda 7600 dan ziyod xotin-qiz mehnat qilyapti.
Ularning 200 dan ortigʻi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning kasbiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida
eʼtibor qaratiladi. Joriy yilda 1010 ayol xodimimiz malaka oshirish va qayta
tayyorlash kurslarida oʻqitildi. 120 nafari kombinat tavsiyanomasi asosida oliy
taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning xalqaro
maydondagi liderlik salohiyatini rivojlantirish maqsadida “OKMK — Yevropa — Hamkorlar”
lider ayollar klubi tashkil etildi. Klub doirasida xalqaro ekspertlar, xorijiy
banklar va biznes vakillari ishtirokida muloqotlar, tajriba almashinuvlari
hamda zamonaviy boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan
uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bugungi natija — ertangi marra
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati
oldida turgan vazifalar koʻlami yildan yilga kengayib, maqsadlar tobora
yuksalib bormoqda.
Bugun OKMK haqida soʻz ketganda, gap
faqat ulkan ishlab chiqarish quvvatlari yoki milliardlab dollarlik
investitsiyalar haqida borayotgani yoʻq. Bu oʻzgarayotgan sanoat,
yangilanayotgan shahar, zamonaviy kasblarni egallayotgan yoshlar, munosib
mehnat sharoitlariga ega boʻlayotgan minglab insonlar va ertangi kunga ishonch
haqidagi hikoyadir.
Kecha konlar bagʻridagi boylikni
oʻzlashtirish bilan cheklangan korxona bugun zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy
intellekt, raqamli boshqaruv va xalqaro moliya institutlari bilan bir maydonda
harakat qilmoqda.
Zero, taraqqiyotning chegarasi
boʻlmaydi. Bugungi yutuq — ertangi buyuk natijalar uchun boshlangʻich nuqta,
xolos.
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq kon-metallurgiya
kombinati” AJ
boshqaruvi raisi, senator