Uning taʼkidlashicha, ikki davlatni oʻziga xos birodarlik rishtalari bogʻlab turadi. Bu yaqinlik nafaqat rasmiy munosabatlarda, balki xalqlarning bir-biriga boʻlgan mehr-oqibatida ham namoyon boʻladi.
Saida Mirziyoyeva tarix, madaniyat va anʼanalardagi mushtaraklik bugun infratuzilmadan tortib investitsiyalargacha boʻlgan koʻplab sohalardagi yangi qoʻshma loyihalar bilan yanada boyib borayotganini qayd etdi.
“Ushbu tashrif koʻp qirrali aloqalarimiz tarixida yana bir muhim sahifani ochdi. Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Nazarimda, ushbu hujjatning nomiyoq bugun Oʻzbekiston hamda Ozarbayjonni bogʻlab turgan rishtalarning tub mohiyatini aniq ifodalaydi”, — dedi u.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, Ozarbayjonlik doʻstlarni Oʻzbekistonda koʻrishdan doimo xursand ekanini taʼkidlab, qardosh mamlakat vakillarini yurtimizda yana bir bor qutladi.