Mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyalar oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriligi va Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi oʻrtasida 2026–2027-yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasi ijrosini izchil davom ettirish hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi Ichki ishlar vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirliklari hamkorligini yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida Xitoy Hukumati va Jamoat xavfsizligi vazirligining Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi.
Ayniqsa, IIV Akademiyasi Innovatsion taʼlim markazi soha uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratildi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika yoʻnalishida ilgʻor tajribalar almashish hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, biometrik identifikatsiya, zamonaviy kriminalistika texnologiyalari, politsiya aviatsiyasi va dronlardan foydalanish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.