Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xavar berdi.

Shoira Sharifa Salimova 1951-yilning 30 dekabr sanasida Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan. U 1958 — 1968-yillarda maktabda o‘qigan.

1969−1974-yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgach, O‘zbekiston televideniye va radioeshittirish qo‘mitasining “Vatandosh” radiostansiyasida faoliyatini boshlagan.

Sharifa Salimova 1987-yilgacha radioda kichik muharrirlikdan bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1989−1994-yillarda “Saodat” jurnali va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Shu yillarda uning jamiyat muammolariga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari e’lon qilingan.

Sharifa Salimova O‘zbekiston Prezidenti devoni ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yetakchi konsultanti (1998−1999), Prezident devoni tashkiliy-kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha yetakchi konsultanti (1999−2000), Oliy Majlisning Oila va ayollar muammolari komissiyasi raisi, deputat (2000−2005), Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining a’zosi, deputat (2005−2009) bo‘lib ham ishlagan.

Dastlabki she’riy asarlar 70-yillarning oxiri — 80-yillarda “Hayot zavqi” (1978) va “Mening bahorim” (1987) nomi bilan chop etildi. Shoira ijodida “Xizr bulog‘i” (1996) dostoni alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u Alisher Navoiyning 550-yilligiga bag‘ishlangan. Unda feodal tuzum davri ayollarining fojiali qismati haqida so‘z boradi. “Tongga qasam” (2002) publitsistik maqolalar to‘plamida esa davrning eng dolzarb masalalari qalamga olingan.

Shoiraning “Qaddingni tik tut, ayol”, “Vatan”, “Davlatli sultonim mening”, “Qo‘rqitar”, “Achom-achom qilasiz” va boshqa she’rlari Yulduz Usmonova ijrosida kuylangan.

Sharifa Salimovaga 1994-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan. 2018 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2026 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Janoza asr namozidan so‘ng Chig‘atoy masjidida o‘qiladi.